Линклар

Anqara davlat universitetining teologiya bo‘yicha professori Mustafa Asqar TRT1 davlat telekanaliga “Ramazon baxti” mavzusida jonli intervyu berdi. Suhbat davomida Asqar hamkasblari bilan Avstraliyada hayvonot bog‘iga qilgan tashrifini eslab, “Nima uchun odamlar ro‘za tutishi haqida maqtanadi? Bu yaxshi amal emas, bu burch”, dedi.

Asqar zavq bilan so‘zini davom ettirdi va hayvonot bog‘idagi hayvonlarni kuzatish “odamlar ibodat qiluvchi yagona jonzot ekanini anglab etishingizga yordam beradi. Tabiyki, hech bir hayvon ibodat qilmaydi. Ochiqcha gapiradigan bo‘lsam, bu degani – bu Qur’onda ham yozilgan – faqat hayvonlar ibodat qilmaydi, degani. Hech kim buni ko‘ngliga olmasin lekin”, deya ta’kidladi.

Turkiyada bundan 14 yil avval, ya’ni Adolat va taraqqiyot partiyasi va uning yetakchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hukumat tepasiga kelishidan avval bunday hodisa ro‘y bermagan bo‘lar edi.

Boshida teologning gapiga hech kim e’tibor bermadi. Video odamlar e’tiboriga tushganidan keyin uni qizg‘in muhokama qila boshlashdi. Avvaliga video “haliyam mustaqil bo‘lgan” matbuotda, keyinroq esa ijtimoiy tarmoqlarda hamda bloglarda muhokama qilindi.

Hukumat matbuot kotibi hamda bosh vazir o‘rinbosari Nurettin Janiklidan “professor” Asqarning sharhlari haqida so‘rashdi. Janikli Asqarning gaplarini qoralamadi va o‘z fikrini aytishdan bosh tortdi. U shunchaki “bu masalaga to‘xtalmagan bo‘lardim. Menimcha, buni ataylab bo‘rttirishmoqda. Agar bu gaplar birorta qonunga zid bo‘lsa, tergovchilar ko‘rib chiqadi”, deyish bilan cheklandi.

Ammo Asqarning gaplari katta e’tirozga sabab bo‘ldi. Natijada “professor” aytgan gaplari “noto‘g‘ri talqin qilinganini” aytib, uzr so‘radi.

Afsuski, Turkiyada dinga hukumat xohlagandek amal qilishni istamayotganlar hayoti tobora qiyinlashib bormoqda.

Mamlakatda Ramazon davomida ko‘plab restoranlarda iftorlik uchun maxsus takliflar bo‘ladi.

Egey dengizi bo‘yidagi kurortda do‘kon egasi bilan suhbatlashdim. Unga restoranlarda xohlaganlar ro‘za to‘tishi, xohlaganlar ovqatlanishi mumkinligidan quvonchda ekanligimni aytdim. Do‘kon egasi jilmayib, “Ha, O‘rta dengiz qirg‘oqlarida shunday, chunki bular turizm hisobiga yashaydi. Ammo mamlakat ichkarisiga 50 km borib, ko‘chada tamaki chekib yoki suv ichib ko‘ring-chi!” dedi.

Mamlakat sharqida joylashgan Trabzon shahrining bir turg‘uni olgan video e’tiborga loyiqdir. Unda videoga olayotgan shaxs “Trabzan ko‘chalariga qarang, o‘tkinchilarga qarang. Birorta tamaki chekyaptimi, eyaptimi yoki suv ichyaptimi? Demokratiya va hokazolar yaxshi. Ammo Trabzonda ro‘zangizni kunduzi ochmoqchi bo‘lsangiz, xudo haqqi ular ko‘zlaringizni o‘yib olishadi”, deydi.

Yaqin Sharqdagi boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, Turkiyada haliyam “yo‘q” deya olasiz. Ammo bunday qilish yo‘llari tobora ozayib bormoqda.

Namoz o‘qimaydiganlarni va ro‘za tutmaydiganlarni haqoratlagan teologiya professoriga qaytadigan bo‘lsak, Istanbulning Beykoz tumanida yashovchi shaxs uning ustidan sudga murojaat qildi. O‘sha kishi “Men umrimda namoz o‘qimaganman. 2015 yilgi izlanishga ko‘ra, Turkiya aholisining 27,5 foizi, dunyo aholisining 85 foizi ibodat qilmaydi. Bu gaplari bilan u dunyodagi milliardlab odamni haqoratladi”, dedi.

Abbos Javodiy

(Nodir Otaev tarjimasi)

XS
SM
MD
LG