Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:53

Qaynoq choy ichish qizilo‘ngach saratoniga chalinish xavfini oshiradi


Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti choyni sovutib ichishini tavsiya qiladi. Tashkilot qoshidagi Saratonni o‘rganish xalqaro agentligi (IARC) xodimlari mingdan oshiq izlanishlarni tahlil qilib chiqib, “o‘ta qaynoq” ichimliklarni ichish “odamlarda saraton keltirib chiqarishi mumkinligini” xulosa qildi.

IARC direktori Kristofer Uayld “Bu natijalar o‘ta qaynoq ichimliklarni ichish qizilo‘ngach saratonini keltirib chiqaruvchi omillardan biri ekanligini, bunga ichimliklar emas, balki aynan harorat sababchi ekanligini ko‘rsatadi”, dedi.

Bu xulosa eronliklarga xush kelmasligi mumkin. Choy eronliklarning sevimli ichimligi bo‘lib, ayrim choyxo‘rlar Eronda dunyodagi eng yaxshi choy turlarini topish mumkin, deb ishonadi.

Ammo Eronda deyarli hamma choyni juda qaynoq ichadi.

Eronlik olimlar choyni “juda qaynoq ichish” tomoq saratoniga chalinish riskini oshirishini aniqlashdi. Ularning izlanishlari natijasi 2009 yil “Britaniya tibbiy jurnali”da chop etildi.

Olimlar o‘z izlanishlarini Eronning Guliston viloyatida olib borgan. Guliston aholisi odatda qora choyni juda qaynoq iste’mol qiladi. Viloyatda qizilo‘ngach saratoni keng tarqalgan. Izlanishda ishtirok etganlardan choyni qanday ichishlari, jumladan, qanchalik qaynoq ichishlari haqida so‘ralgan.

G‘arb mamlakatlarida qizilo‘ngach saratonini asosan spirtli ichimliklar hamda tamaki keltirib chiqaradi. Izlanuvchilarning ta’kidlashicha, spirtli ichimlik ichish va tamaki chekish oz tarqalgan Gulistonda bu kasallikning asosiy sababi qaynoq choy (70 gradus yoki undan yoqori haroratda) ichishdir.

Olimlar choy haroratini uch guruhga bo‘lib, har biri qanchalik darajada xavf tug‘dirishini hisoblab chiqishgan. 65 gradusdan past choyni iliq deb olishgan. Iliq choy ichishga qaraganda qaynoq choy (65-69 gradus) ichish qizilo‘ngach rakiga chalinish xavfini ikki barobarga oshiradi. O‘ta qaynoq choyni, ya’ni 70 gradusdan yuqori haroratda bo‘lgan choyni ichish esa bu xavfni sakkiz barobarga oshiradi.

Olimlar “Izlanishimiz natijalari qaynoq choy ichish qizilo‘ngach hujayralarining tangachasimon kartsinomasi xavfini oshirishini ko‘rsatadi”, deya xulosa qildi.

G‘arb mamlakatlari yoki Hindistondagidek choyga sut qo‘shib ichish bu xavfni ozaytiradi.

Gulistonda o‘tkazilgan izlanishga asoslanib yozilgan Bi-Bi-Si xabarida shunday deyiladi:

“Choy quyilganidan keyin uni ikki daqiqa ichida ichish to‘rt yoki undan oshiq daqiqa o‘tganidan keyin ichishga solishtirganda saratonga chalinish xavfini besh martaga oshiradi”.

(Nodir Otaev tarjimasi.)

XS
SM
MD
LG