Линклар

Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi bir qator kollejlarda o‘quvchining kollej binosiga qachon kelib¸ qachon ketishini elektron tarzda qayd qilib boruvchi turniket o‘rnatish ota-onalar hisobidan amalga oshirilmoqda.

Kollejlarda har bir o‘quvchi uchun 20 ming so‘m miqdorida “turniket solig‘i” belgilangan.

Pul bermagan o‘quvchilarga o‘qishdan haydash bilan tahdid qilinmoqda.

O‘quvchilar esa turniketlarning ota-onalar hisobidan o‘rnatilishi qanchalik to‘g‘ri ekani borasida kollej rahbariyatini savolga tutmoqda.

- Kelasi o‘quv yilidan turniket o‘rnatishar ekan. Shunga har bir o‘quvchi 20 ming so‘mdan pul yig‘ilmoqda. Nega endi kollej turniketi bizni hisobimizdan o‘rnatilishi kerak, kollejlar davlat qaramog‘idaku? Shunday desak, kollej rahbarimiz yuqoridan shunday buyruq bo‘lganini aytdi, - deydi ismi sir qolishini istagan toshkentlik kollej o‘quvchisi.

Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi Sanoat kolleji rahbarlarlaridan biri turniket o‘rnatish uchun o‘quvchilarning ota-onalaridan pul yig‘ilayotganini tasdiqladi.

- 20 ming so‘m turniket o‘rnatish uchun, 7 ming so‘m SMS uchun. Chunki SMS-turniket o‘rnatilyapti. O‘quvchi, uch yil uchun 20 ming so‘m to‘lab qo‘yadi, keyin har yili uchun 7 ming so‘mdan to‘laydi.O‘rnatilgan tizimdan foydalanish uchun har bir o‘quvchiga elektron kartalar tarqatildi. Shu orqali ularni kirdi-chiqdisi qayd etib boriladi, o‘quvchilarimizning qachon kelgani va qachon ketgani haqidagi SMS xabar ota-onasining mobilь telefoniga jo‘natiladi. Ular doimiy nazoratda bo‘ladi, - deydi ismi sir qolishini istagan kollej rahbari.

Ayrim kollejlarda esa turniket uchun yig‘ilgan pullar talon-taroj qilinayotgani haqida xabarlar bor.

O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti qoshidagi 2-Akademik litseyda o‘quvchilardan turniket o‘rnatish uchun 30 million so‘m pul yig‘ib olingani, lekin hozirga qadar o‘rnatilmagani haqda mahalliy nashrlar xabar bergan edi.

“Turniket solig‘i” 1500 nafar o‘quvchi boshiga 20 ming so‘mdan to‘g‘ri kelgan. Pul o‘quv yili boshida yig‘ib olingan, hozirgacha bu borada amaliy chora ko‘rilmagan”, deb xabar bergan edi “Noviy vek” nashri.

Toshkentlik kollej o‘quvchisi Jamshid turniketlarning talabalar hisobidan o‘rnatilayotganini noto‘g‘ri deb biladi.

- Birinchidan bunaqa pul yig‘ishlar korrupsiya uchun yo‘l ochadi. Kim qancha yiqqanini qanday nazorat qilish mumkin. Ikkinchidan, nega talabalar hisobidan bo‘lishi kerak bu. Kimnidir qurbi yetadi, kimni qurbi yetmaydi. Buni davlat o‘z zimmasiga olishi kerakku, - deydi Jamshid.

Oxirgi yillarda O‘zbekistonda 1500 dan ziyod professional kollej va akademik litseylar qurildi.

Mamlakatda kasb-hunar kolleji, akademik litsey qurish mahalliy amaldorlarning qurilish uchun mo‘ljallangan davlat mablag‘ini noqonuniy o‘zlashtirishi yo‘liga aylangani sir bo‘lmay qolgan.

Aynan shu jinoyatlari uchun bir qancha mansabdorlar javobgarlikka tortilgani mahalliy matbuotda avval xabar qilingan edi.

XS
SM
MD
LG