Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:09

Toshkentda daraxt qulashi oqibatida bir ayol o‘ldi, yana bir ayol og‘ir yaralandi


Toshkentda qulagan daraxt ikki ayolni bosib qoldi
Toshkentda qulagan daraxt ikki ayolni bosib qoldi

18 iyun soat 18:30da Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida bir daraxtning qulashi oqibatida bir keksa ayol o‘ldi va yana bir keksa ayol og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi.

Mustaqil jurnalist Bobomurod Abdullaning Ozodlikka aytishicha, hodisa uning ko‘z o‘ngida, Usmon Nosir va Muqimiy ko‘chalari kesishmasidagi avtobus bekati yonida yuz berdi.

U o‘z yengil avtomobilni qo‘yib, "yonidan bir qadam qo‘yishim bilan mashinamning ustiga katta daraxt o‘zidan-o‘zi qulab tushdi," deydi.

"O‘zidan-o‘zi, ichi chirigan po‘kak daraxt ekan. Katta qiyshiq o‘sgan. O‘zining og‘irligini ko‘tara olmay qulab tushdi. Mening mashinam yo‘lning chekkasiga qo‘yilgandi. Yo‘lni, ariqdan buyog‘ida trotuar bo‘ladiyu, trotuarda ketayotgan ikkita yoshi katta, keksa ayolni bosib qoldi," deya hikoya qildi Bobomurod Abdulla.

Daraxt yengil avtomobil ustiga qulagan
Daraxt yengil avtomobil ustiga qulagan

Uning aytishicha, atrofdagi odamlar "boshi yorilib, oyog‘i shikastlangan" bir ayolni daraxt tagidan chiqarib olganlar, yo‘ldan o‘tayotgan haydovchilar esa uni shifoxonaga yetkazgan.

Tirik qolgan ayol 16-shahar shifoxonasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

"Ikkinchi ayolni olib chiqa olishmadi, chunki daraxt ustiga tushib, umurtqasi sinib o‘sha joyda jon berdi bechora, rahmatli," dedi Ozodlik bilan suhbatlashgan jurnalist.

Bobomurod Abdulla tez yordam mashinasi hodisadan 20 daqiqa o‘tib etib kelganini aytdi.

"Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, onaxonlar shu bekat yaqinida joylashgan Toshkent tekstil kombinatiga qarashli kasalxonada davolanayotgan bemorlar ekan. Bugun ular ko‘cha aylangani chiqishgan ekan," deya bildirdi Bobomurod Abdulla.

Tasodif tufayli omon qolganini aytgan jurnalist rasmiylarni "obodonlashtirish" bahonasida "chirigan daraxtlar qolib, baquvvat, ichi chirimagan mebelga yaroqlilarini" kesib tashlashda aybladi.

"U yerda xuddi shunaqa qiyshiq o‘sgan daraxt turibdi. Kecha men aytuvdim: mana qiyshiq o‘sgan, ichi po‘kak daraxtlar qoladi-da, mana bu obodonlashtirish degan idoradagilar to‘g‘ri o‘sgan, baquvvat, ichi chirimagan, mebelga yaroqlilarini kesadi. Po‘kaklari qoladi, mana odamlar ustiga tushib yotibdi," deydi Bobomurod Abdulla.

18 iyun kuni kechga tomon Usmon Nosir ko‘chasida yana bir daraxt, noma’lum sabablarga ko‘ra, qulagan.

Hodisada hech kim ziyon ko‘rmagan.

Журналист Бобомурод Абдулла билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:26 0:00

XS
SM
MD
LG