Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:08

Tojikiston shimolidagi qamoqxonadan qochgan mahkum otib tashlandi


28 yashar Ramzulloxon Dodoxonov 20 yillik qamoq jazosiga hukm etilgandi
28 yashar Ramzulloxon Dodoxonov 20 yillik qamoq jazosiga hukm etilgandi

Tojikiston shimolidagi rasmiylarning aytishicha, Xo‘jand shahridagi qamoqxonadan qochishga muvaffaq bo‘lgan mahkum 19 iyunda Xo‘jand shahri yaqinidagi Yova qishlog‘i yaqinida otib tashlangan.

28 yoshli Ramzulloxon Dodoxonov qamoqdagi ikki sherigi bilan jumadan shanbaga o‘tar kechasi Xo‘jand shahrida joylashgan qattiq tartibdagi qamoqxonadan qochishga uringandi.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi 19 iyunda tarqatgan xabarga ko‘ra, Ramzulloxon Dodoxonov yakshanba kuni "zararsizlantirilgan."

Ichki ishlar vazirligi veb saytida nashr etilgan xabarga ko‘ra, "2016 yilning 19 iyuni, soat 11.30da Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi va Tojikiston Respublikasi Adliya vazirligi jazoni ijro etish bosh boshqarmasi o‘tkazgan qo‘shma amaliyot natijasida Sug‘d viloyati Bobojon G‘afurov tumani Yova qishloq jamoatida qochoq mahbus Dodoxonov Ramzulloxon Jo‘raboevich o‘tochar quroldan qarshilik ko‘rsatayotgan paytda yuqorida zikr etilgan idoralar tarafidan zararsizlantirildi."

Sug‘d viloyati Ichki ishlar idorasining boshlig‘i, general Sharif Nazarzodaning 19 iyun kuni Ozodlik radiosi tojik xizmati bilan suhbat chog‘ida ma’lum qilishicha, Yova qishlog‘i hududida yashirinib olgan Ramzulloxon Dodoxonov taslim bo‘lishdan bosh tortib, xavfsizlik kuchlariga o‘t ochgan.

"Javob o‘ti natijasida Dodoxonov o‘ldirildi," - dedi general Nazarzoda.

Habibjon Yusufov va Mirzozarif Qayumov
Habibjon Yusufov va Mirzozarif Qayumov

Mahkumlar Ramzulloxon Dadoxonov, Habibjon Yusufov va Mirzozarif Qayumov 17 iyun taxminan soat 20:45da Xo‘jand shahar 3/3 raqamli qamoqxonadan qochishga uringandi.

Qochish paytida ular qamoqxonaning nazorat va tarbiya bo‘limi boshlig‘i Yormamad Alimamadovni pichoqlaganlar.

Alimamadov shifoxonaga etmasdan jon taslim qilgan.

Zindonbonlar bilan to‘qnashuvda Mirzozarif Qayumov o‘ldirilgan.

Habibjon Yusufov esa qochayotgan paytda yaralangan va qo‘lga olingan.

Ammo Ramzulloxon Dadoxonov, "jismoniy zarar olishiga qaramay", qamoqxonaning betonli va simto‘rli devoridan pastga sakrab, qochishga muvaffaq bo‘ladi.

Tojikiston shimolidagi Isfara tumanidan bo‘lgan 28 yoshli Ramzulloxon Dodoxonov terrorizmda ayblanib 20 yilga, Xo‘jand shahridan bo‘lgan 36 yoshli Habibjon Yusufov yo‘lto‘sarlikda ayblanib 20 yilga va Xo‘jand shahridan bo‘lgan Mirzozarif Qayumov, Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, "ekstremistik xarakterdagi jinoyatlarni sodir etishda" ayblanib 14 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Mahkumlar qamoqdan qochishi ortidan Sug‘d vilyati, Dushanbe shahri va hatto Tojikiston janubidagi Xatlon viloyatida ham xavfsizlik choralari kuchaytirilgandi.

XS
SM
MD
LG