Линклар

Toshkentlik viloyatidan Ozodlikka bog‘langan 50 yashar tadbirkor ayol Ahmadboyning shogirdi Murodboyga 4 ta mashinasini berganini da’vo qildi va pulini qaytarib olish yo‘lini qidirayotganini aytdi. Da’vosicha, 250 million so‘mlik molini berishdan oldin bu ayol qilmishining gunohini ham o‘ylagan va uning ko‘nglini "boyning uyida o‘tirgan domla xotirjam qilgan".

Toshkent viloyatidan tanilgan tadbirkor bo‘lgani bois, ismini oshkor etmaslikni ma’qul ko‘rgan 50 yashar tadbirkor ayol bir necha oy muqaddam 4 ta mashinasini berish uchun Ahmadboyning uyiga borgani va u erda bir imom bilan suhbatlashganini iddao qilmoqda.

Ayolning OzodMikrofonga so‘zlab bergan hikoyasi asnosida esa minglab odamlarning qo‘lidan millionlab dollar pulni yig‘ib olish, buning ustiga, "da’vogar emasman" degan qog‘ozga imzo chektirish qadar ishonchli ko‘rilgan biznes tizimiga oid ba’zi qiziq detallar yuzaga qalqqanday ko‘rindi.

Ayolning aytishicha, foizga pul berish-olish gunoh, degan gapdan xabari bo‘lgan va shu bois, pulidan foyda ko‘rish uchun boyning uyiga borganida moliga kafolat so‘rash bilan birga bu istiholasini ham tilga olgan:

- "Ha, mana bu savolingizga javob beradigan domla ham bor", deyishdi-da, bitta domlaning oldiga olib kirishdi. U domla boyning uyiga kelganlarning savollariga javob berarkan. Sallalar kiygan, soqol qo‘ygan. Menga ham aytdi: "6 yilda qancha savob ishlar qildi bu kishi, yetimxonalarga qarayapti. Kasallarni Hindistonlarga jo‘natyapti, oshlar qilib beradi, to‘ylar qilib beradi! Hech gunohmas, aksincha, sizlar ham savobga sherik bo‘layapsizlar", dedi domla. Ahmadboy rostdan ham shu savob ishlarni qilgan-da! Shuni domla gapirib turgandan keyin ko‘nglim xotirjam bo‘ldi, - deydi tadbirkor ayol.

Da’vo qilishicha, bu ayol jami 20 ming dollarga baholangan 4 ta avtomobilini boyga berib, foyda ko‘rishni ko‘zlagan.

"Buncha molingizni nimaga ishonib, uning qo‘liga berdingiz?" degan savolga javob berar ekan, ayol boyning uy-ofisida guvoh bo‘lgan yana ba’zi qiziq jihatlarni tilga oldi.

Aytishicha, Ahmadboyning uyiga borib, darvozasidan kirayotganida ham pulni berishga qaror qilmagan:

- Oldin bir ko‘raychi, dedim. Borsam, g‘isht bilan o‘ralgan katta bog‘. Bog‘ni ostonasida grajdanskiy kiyimda dubinkalar ko‘targan 2-3ta yigit pasportimni tekshirib, o‘tkazdi. Keyin hovlisigacha yurib bordim, u yerda yana bitta post. Unda ham pasport tekshirishdi. Keyin shundoq hovliga kirsangiz, ikki tarafda 8 ta kassa ishlab turibdi - 4 ta kirim, 4 ta chiqim kassa, deb yozilgan. Hamma tomonda kamera, hammaning pasportidan kopiya, adresini yozib olishyapti. Navbatda o‘nlab odam, kirimgayam, chiqimgayam. Odamlar bilan, yangi klientlarni qabul qiladigan ishchilar bilan ham gaplashdim, kamiga domla bilan ham gaplashdim. Ishondim-da, keyin, - deb da’vo qildi tadbirkor ayol.

Hozir 250 million so‘mlik pulini kimdan, qanday qilib undirishini bilolmay, yuragi xasta bo‘lganini aytgan ayol Ahmadboyning biznesi 5-6 yildan buyon yurib kelgani, undan ajralib chiqqan 2-3 nafar yoshgina boy ham Yangiyo‘lda nom chiqarganini aytmoqda.

- Shuncha paytdan beri davlat ruxsat berib qo‘ygani uchun ishladi-da, bu boylar! Noqonuniy bo‘lsa, davlat ruxsat bermasdi, deb o‘ylaysiz-da. Haliyam men bir oy oldin berdim mashinalarimni, uzoq yurdim ishonmay. Hali bir so‘m foyda olmasdan, shuncha pulim kuyib ketadimi, endi? Menimcha, agar davlat tegmaganda, Ahmadboy odamlarni rozi qilib, shunaqa yaxshi ishlab yuraverardi. Davlat bu boyni semirtirib so‘ydi, qo‘pol bo‘lsayam aytaman, - deya hasrat qildi toshkentlik tadbirkor ayol.

Bu ayol shu kunda tovlamachilik, firibgarlik va aldov kabi jinoyatlarda ayblanaëtgan chinozlik tadbirkor Ahmad Tursunboevning shogirdiga pul berganini da’vo qilib, Ozodlikka bog‘langan o‘nlab o‘zbekistonlikdan biridir.

Aksar, da’vogarlar hali-hanuz Ahmadboyni yaxshi tadbirkor, deb baholamoqda va uning biznesi nohaq to‘xtatildi, deb hisoblamoqda.

---------------------------------------------------------------------------------------------------
Muhim eslatma: OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr-mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!

XS
SM
MD
LG