Линклар

Rusiyzabonlar orasida “Axmadbay Chinazskiy”, o‘zbeklar orasida “Ahmadboy” nomi bilan tanilgan Ahmad Tursunboevning hibsga olinishi va ortidan yuz bergan hodisalar o‘tayotgan haftada O‘zbekistonda eng ko‘p muhokama etilgan mavzuga aylandi.

Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emasdi.

Naqd 40 ming (!) odam bilan pul oldi-berdisi bo‘lgan boyvuchchaning qamalgani, o‘zbekning serfarzand bo‘lishi inobatga olinsa, kamida bir million inson hayotiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.

Hamma joyda vahima: Sirdaryoda Ahmadboyga naqd 100 ming bergan 40 yashar yigit, uning qamalganini televizorda ko‘rib, yuragini ushlab, joyida jon beribdi; Jizzaxda beshta yappa yangi mashinasini Ahmadboyga o‘z qo‘li bilan topshirgan ayol qand kasaliga chalinibdi; bir umr yiqqan puliga o‘tgan oy uy olib, Ahmadboy nomiga o‘tkazib bergan qorovul bolalari bilan ko‘chada qolibdi...

Xullas, insoniy dramalarning oxiri yo‘q!

Ahmadboy qamalishi bilanoq Toshkentu Yangiyo‘ldagi mashina bozorlariga tumonat odam yig‘ilib, ikki baravarga pullashga uringan mashinalarini qaytarib berishni talab qila boshladi. Omadi borlar mashinasini qaytarib oldi, qolganlar qoldi yo serrayib yo yuragini hovuchlab.

Boyga tegishli ekani aytilgan offislar, fermayu do‘konlar kuppa-kunduzi, ochiqchasiga talandi.

Chinozdagi militsionerlar ishi fermadagi mollarni tunu kun qo‘riqlash bo‘lib qoldi hozirda.

U ish bilan ta’minlagan yuzlab odamlar chuqur qayg‘uga botganliklarini aytadi.

“Qishlog‘imizda go‘yoki motam bo‘layotganga o‘xshaydi, - deb yozadi korchallonning hamqishlog‘i. – Chiroq yoqsang ko‘nglimiz yorishmaydi”

Yana emishki, Ahmadboyning falonboyu pistonboy degan sheriklari bir kechada Shveysariyaga qochibdi.

Naqd 45 million dollarni u yerdagi banklarga o‘tkazmoqchi ekan ular.

O‘zbek tili esa yana bir so‘zga boyidi: “Ahmadchilar”.

Izoh: “Ahmadchilar” deb, Ahmad Tursunboev izidan borib, u singari katta foiz va’dasi bilan pul to‘plaganlarga aytiladi.

Aqalliyat 38 yashar tadbirkorni moliyaviy firibgar, deb qo‘l siltasa, aksariyat qo‘li ochiq va mard yigit, deydi.

Tarafdorlari Ahmadboyga atab ijtimoiy tarmoqlarda she’rlar bitmoqda, madhiyalar o‘qimoqda, uning saxovatpeshaligi haqida hikoyalar yozmoqda va najotkorlarining ozod bo‘lishi uchun duoga qo‘l ochmoqda.

Kimdir Ahmadboyni ShHT sammitidan keyin ozod etilishiga ishonch bildirsa, kimdir uning to‘ppa-to‘g‘ri Jasliqqa yuborilishini bashorat qiladi.

Ammo, hech kim aybsizlik prezumpsiyasiga asoslanib, Ahmadboy haqida "fosh etuvchi" ko‘rsatuv tayyorlagan televidenieni sudga bermaydi, hech kim haqqini talab qilib sud-prokuratura organlariga murojaat qilmaydi, hukumatdan "nega?" deb izoh talab qilmaydi.

Chunki, qo‘rqadi.

Bir faylasuf aytmoqchi, qonun ustuvor bo‘lmagan mamlakatda adolat talab qilish, jinoyatga teng.

Hukumat esa har doimgiday sukutda!

Uning qanday qaror olishini hech kim bilmaydi.

Chunki O‘zbekistonday yopiq mamlakatda odamlar faqat piramida uchidagi qorni ko‘ra olishadi, xolos.

Bo‘ronning kelishini bilish imkoniyati esa faqat tanlanganlarga berilgan...

XS
SM
MD
LG