Линклар

Tojikiston sudi ikki talaba yigit Ahmadshoh Sherov va Rahimali Sharifni giyohvand moddalar sotish hamda chegarani noqonuniy kesib o‘tishda aybdor deb topib, 14 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Talaba yigitlar Afg‘onistonda qarzga nasha va afyun olib, garov sifatida do‘stini u yerda qoldirib kelgan payti ushlandi.

19 yashar ikki talaba Tojikistonning dunyoda eng ko‘p afyun ishlab chiqaruvchi davlat bo‘lmish Afg‘oniston bilan chegarasiga yaqin hududda joylashgan Yol qishlog‘idandir.

Tojik rasmiylarining bildirishicha, ikki talaba yanvar oyida afg‘onistonlik giyohvand modda sotuvchilardan nasha va afyun sotib olish uchun chegarani noqonuniy ravishda kesib o‘tganini tan olgan.

Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasiga ko‘ra, ikki talaba do‘sti Alisher Abdulhafiz bilan giyohvand modda izlab chegarani kesib o‘tgan. Sherov va Sharif 17 kg afyun hamda 15 kg nasha olib qaytayotganida xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Abdulhafiz esa chegaraning narigi tomonida garov o‘laroq qolgan.

Tojik xavfsizlik xizmati xodimlari fevral oyi boshida maxsus amaliyot o‘tkazib, Abdulhafizni ozod qilgan.

Abdulhafizning ota-onasi o‘z farzandlarini laqillatishganini aytishmoqda. Ularning ta’kidlashicha, Abdulhafizga shunchaki o‘tin terishga boramiz, deyishgan. U qarshilik ko‘rsatishiga qaramasdan, chegaradan olib o‘tishgan. Shamsiddin Chohin tumani sudi bu fikrni inobatga olmadi va 16 iyun kuni Abdulhafizni giyohvand modda savdosida ishtirok etish hamda chegarani noqonuniy ravishda kesib o‘tishda aybdor deb topib, 16 yil qamoq jazosiga hukm qildi.

Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegarasi 1400 km masofaga cho‘ziladi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, Afg‘onistonda dunyodagi afyunning 90 foizi ishlab chiqariladi.

Tojikistonning Giyohvand moddalarni nazorat qilish agentligi hisoblariga ko‘ra, Afg‘onistondan olib kelinadigan narkotiklarning kamida 20 foizi Tojikiston va O‘zbekistondan o‘tuvchi “shimoliy yo‘l” orqali Yevropaga etib boradi.

XS
SM
MD
LG