Линклар

logo-print

BMT Iroqning Falluja shahrini minglab odam tark etayotgani, tashkilot ishchilari ularga etarlicha yordam ko‘rsata olmayotganini bildirdi. O‘tgan haftada shaharning aksar qismi hukumat kuchlari tomonidan “Islomiy davlat” jangarilaridan ozod qilgan edi.

BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissarligining (UNHCR) Iroqdagi vakili Bruno Geddo xalqaro yordam tashkilotlari “tobora keskinlashib borayotgan vaziyatda etarlicha chora ko‘ra olmayotganini” aytdi.

BMT hisob-kitobicha, 17 aprel kuni Iroq hukumati Fallujaning aksar qismini qo‘lga kiritganidan beri tinchimayotgan janglar 10 ming oilani o‘z uyini tark etishga majbur qilgan.

Geddo keyingi kunlarda qochqinlarning ikkinchi to‘lqinini kutish mumkinligini, sababi Fallujaning urush to‘xtamayotgan qismlarida minglab odam borligini qo‘shimcha qildi.

BMT tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, may oyida Fallujani “Islomiy davlat”dan tortib olish amaliyoti boshlanganidan beri shaharni va uning yaqinidagi hududlarni 84 mingdan oshiq oddiy fuqaro tark etdi.

Iroq harbiysining bildirishicha, Fajullani ozod etish uchun shiddatli janglar davom etmoqda.

Brigada generali Haydar al-Obeydiy dam olish kunlari “Islomiy davlat” jangarilari Iroq hukumati kuchlariga qarshi raketalar bilan hujum qilgani, xudkush hujumlarini uyushtirgani va snayperlardan foydalanganini aytdi.

General “shiddatli to‘qnashuvlarga qaramasdan, Iroq kuchlari olg‘a siljiyotganini” qo‘shimcha qildi.

Iroq bosh vaziri Haydar al Abodiy 17 iyun kuni Iroq kuchlari shaharning yirik qismlarini qo‘lga kiritganidan keyin hukumat kuchlari g‘alabaga erishganini ta’kidladi.

Anbar viloyatida faoliyat yuritayotgan Norvegiyaning qochqinlar bo‘yicha kengashi Iroq hukumati va yordam tashkilotlariga tegishli qochqinlar lagerlariga odam sig‘mayotgani bois minglab odam boshpanasiz qolganini bildirdi.

Kengash matbuot kotibi Karl Skembri minglab odam “chodirsiz, boshpanasiz qolib, ko‘chada tunaganini” aytdi.

Skembri Anbar viloyatidagi vaziyat o‘ta og‘ir ekanligini qo‘shimcha qildi.

Islomiy davlat jangarilari 2014 yilning yozida Iroq shimolida va g‘arbida yirik hududlarni egallab olganidan beri 3,5 milliondan oshiq iroqlik o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG