Линклар

Sankt-Peterburgda kuni kecha tugagan Xalqaro iqtisodiy forum davomida yuzlab mehnat muhojiri politsiya va migratsiya xizmati xodimlari tomonidan ushlandi. Hozirgacha davom etayotgani aytilayotgan ommaviy “zachistkalar” paytida qo‘lga tushgan migrantlardan migratsiya va qayd borasida hujjatlardan tashqari “tibbiy sug‘urta polislari” ham talab qilinmoqda. Mehnat muhojirlari esa bu “polislar”ga mahalliy tibbiyot muassasalarida tibbiy xizmat olishning iloji yo‘qligidan shikoyat qilmoqda.

Iqtisodiy forum davomida shahar “nolegal” migrantlardan “tozalandi”

Rossiyaning shimoliy poytaxti Sankt-Peterburgda 16-18 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan Xalqaro iqtisodiy forum davomida shaharda yashayotgan va ishlayotgan muhojirlarga qarshi haqiqiy “ov” avj oldi.

Reyd davomida

Reyd davomida

Peterburg bo‘yicha Migratsiya xizmati xabariga ko‘ra, iqtisodiy forum boshlangan kun birgina “Parnas” va “Devyatkino” metro bekatlarida tonggi oltida boshlangan reyd davomida yuzlab xorij fuqarolari tekshiruvdan o‘tkazildi. Ulardan 79 nafari migratsiya hujjatlaridagi kamchiliklar tufayli Fontanka mavzesidagi politsiya bo‘limlariga olib kelingani aytildi.

Politsiya bo‘linmalarida bu shaxslar allaqachon ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning aksariga nisbatan 5 ming rubllik jarima solingani ma’lum bo‘ldi.

Aytish joyizki, Xalqaro forum oldidan Peterburgda may oyi davomida olib borilgan ommaviy tekshiruvlar natijasida 3018 migrant ma’muriy javobgarlikka tortilib, ulardan davlat hisobiga qariyb 4 million rubl jarima undirilgan edi. Undan tashqari, politsiya may oyidagi oblavalarda qo‘lga tushgan 353 nolegal muhojir Rossiyadan deportatsiya qilingani, yana 457 nafariga nisbatan esa turli jinoiy moddalar asosida ish ochilganini ma’lum qilgan edi.

Putin: "Muhojirlar uchun “murosasozlik” davri tugadi!"

Peterburgda yig‘ilgan 130dan ziyod mamlakat vakillari oldida qilgan chiqishida, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mehnat muhojirlari masalasiga alohida to‘xtalib, Rossiya hukumati migratsiyani yetarli boshqara olmayotganini tan oldi.

Shu sababli Putin “migrantlarga bo‘lgan liberal munosabatlar aholi g‘azabini keltirishi mumkin”, degan fikrda ekanini bildirdi:

- Biz mahalliy bozorimiz, tilimiz va madaniy an’analarimiz talablariga muvofiq keladigan hamda unga moslashtira oladigan xorijliklar sonini mamlakatimizda qabul qilishimiz zarur,- dedi Rossiya prezidenti.

Vladimir Putin Rossiya davlati bundan buyon ham “migrantlar manfaatlariga tayanib jamiyat qurmasligiga” ishora qildi.

“Tibbiy sug‘urta polisi” bo‘lishi shartmi?

Ayni paytda,iqtisodiy forum davomida bo‘lib o‘tgan “zachistkalar”da politsiya xodimlari mehnat muhojirlaridan asosan “tibbiy sug‘urta polislari”ni talab qilgani ma’lum.

Peterburgda to‘xtatilgan xorijlik

Peterburgda to‘xtatilgan xorijlik

“Mehnat migratsiyasi alьyansi” mutaxassislari migratsiya qonunchiligiga muvofiq Rossiyaga kirib kelayotgan har bir xorij fuqarosida “tibbiy sug‘urta polisi” bo‘lishi shartligini yana bir bor eslatib qo‘ydi.

- Har holda muhojirlar “sug‘urta polisi”siz bu erda yashashga haqlari yo‘q - ularni politsiya to‘xtatsa jarima solishi mumkin. Aeroport orqali kirib kelayotganlarga o‘sha yerning o‘zida uch oylik “DMS” sug‘urtasini rasmiylashtirish taklif etiladi. Poezd bilan kirganlar vokzalning o‘zida polis rasmiylashtirishlari shart. Ko‘pincha politsiya poezddan hozirgina tushgan migrantlardan “tibbiy polis”ni talab qiladi va jarimaga tortishga urinadi. Afsuski, ular bilan bahslashishning hojati yo‘q: Rossiyada migratsiya qonuni shunaqa, dedi bu muhojirlar nopok politsiyachilarning oson o‘ljasiga aylanayotganini tushuntirgan “Mehnat migratsiyasi alyansi” vakilasi.

Tashkilot eksperti “Rossiya Federatsiyasiga kirish va chiqish tartibi to‘g‘risida”ni 114-chi Federal Qonunning 27- moddasi 5- bandiga muvofiq “tibbiy sug‘urta polisi” Rossiyada yashab, mehnat qilayotgan har bir xorijlikning zaruriy migratsiya hujjatlaridan biri ekaniga e’tibor qaratdi.

Anchadan buyon Sankt-Peterburg shahrida mehnat qilib kelayotgan Bek Ozodlikka “ixtiyoriy tibbiy sug‘urta polislari” yoki DMSlar mahalliy hukumat uchun shunchaki qo‘shimcha daromad manbai ekanini gapirdi:

- FMS yuribdi, forum tugatildi degani bilan. Ana “Baltiyskiy” metrosini oldida mashinasini qo‘yib olib, o‘tgan-ketganni tutayapti, pulini olayapti! Kvartiralarni, ishxonalarni tekshirayapti... Bu politsiya bilan FMS chiqarib olgan nayrangi – “polis” deb, Ukrainaga kirdi-chiqdi muhrini deb ushlaydi. Maqsad pul ishlash – bu polisning nima keragi bor?! Buni olib ham bollar tish duxturga borib, tishini baribir pulga qildirayapti. Biror boshqa jarohat bilan borsa bu polisga qarashmayapti ham! Ammo FMSda shu polisiga 3 ming rubl olishayapti. Aeroportdan kelayotganingizda esa majburlab 1200 rublga sottirayapti: u erda aslida “Rosgosstrax”ning hatto filiali ham yo‘q ekan! Pasportingizni kopiya qilib, orqasiga “polis” kopiyasini chiqarib qo‘yadi, “Rosgosstrax” deb. Polis nomeriga qarasangiz ko‘pchilikda bir xil raqamlar! Bu sistema bilan kattalar cho‘ntagiga millionlab pul tushayabdi. Bunga migrant qarshi chiqadigan bo‘lsa, narkotik yoki boshqa bahona bilan qamayapti yo “zapret” qo‘yyapti,- dedi o‘zbek muhojiri.

Suhbatdosh Rossiya migratsiya qonunchiligidagi bunday holatlar nolegal tarzda ishlab yurgan migrantlar sonining ko‘payib borayotganiga sabab bo‘lmoqda, deya xulosa qildi.

Hozirda politsiya tarkibiga kiritilgan migratsiya departamenti ma’lumoticha, 2015 yilda Peterburg shahri va Leningrad viloyatiga 3 million horij fuqarosi kirib kelgan bo‘lib, ularning deyarli yarmisini o‘zbekistonlik mehnat muhojiri tashkil etgan.

XS
SM
MD
LG