Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:42

"Ahmadboychalar": Yangiyo‘lda Murodboyga chuv tushganlar IIBga arz qildi


Sergeli tumanida militsiya bosgan mashina bozori
Sergeli tumanida militsiya bosgan mashina bozori

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida mahalliy tadbirkor Murodboyga bergan pulini qaytarib ololmaganidan arz qilgan o‘nlab odam 3 kundan buyon IIB binosi oldida yig‘ilmoqda. Iddao qilinishicha, hozir tovlamachilikda ayblanayotgan chinozlik Ahmadboy Tursunboevning muqaddam sherigi bo‘lgan Murodboy Yangiyo‘lda o‘z moliyaviy piramidasini qurgan. Huquq-tartibot idoralari hozir uning qaerda ekani noma’lumligini tasdiqladi.

So‘nggi kunlarda Ozodlikka Yangiyo‘ldan bog‘lanayotgan arzchilar shikoyatida Murodboyning mahalliy aholi avtomobillarini 150-180 foizlik foyda evaziga olgani iddao qilinmoqda.

Murodboydan kuyganini da’vo qilgan 50dan 100 nafarga qadar shikoyatchi juma-shanba-yakshanba kunlari tuman IIB binosi oldida yig‘ilgan, dushanba kunga kelib arzchilar soni bir necha o‘n nafarga tushgan.

Yangiyo‘l tumanidagi mahalliy hokimiyat tuzilmalaridan birida ishlaydigan rasmiy Murodboyga qarshi shunday iddaolar borligini tasdiqladi. Rasmiyga ko‘ra, arzchilar tuman IIBga murojaat qilmoqda, Murodboyning o‘zi esa g‘oyib bo‘lgan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Yangiyo‘l tumanida 1984 yilda tug‘ilgan Murodboy (bu shaxsning familiyasi hozircha ma’lum emas - tahr.) so‘nggi bir yil ichida avtomobil biznesi bilan shug‘ullangan. Bundan avval uning Ahmadboy Tursunboev sheriklaridan biri bo‘lgani iddao qilinmoqda.

Tuman IIBsiga yaqin yana bir manba ham Murodboy bir yil muqaddam xuddi Ahmadboyniki kabi moliyaviy piramida qurishni boshlagan edi, deb iddao qildi:

- Ahmadboy bilan Murod kamida bir yil, bo‘lmasa undan ham oldin ajralishgan. Murodning kassasi alohida edi va u, asosan, avtomobil bilan biznes qilayotgan edi. Tumanda katta avtomobil bazasini ochgan. Odamlardan mashinalarini qabul qilib olib, shanba-yakshanba kunlari Toshkentdagi "Sergeli" avtomobil bozoriga chiqarardi. U Ahmadboydan sal ko‘proq foyda taklif qilishni boshladi. Menimcha, shu masalada Ahmadboy bilan o‘rtalarida gap ham qochgan, - deb iddao qildi Yangiyo‘l tuman IIBsiga yaqin manba.

Murodboyga 4 ta avtomobilini berganini da’vo qilgan yangiyo‘llik arzchilardan biri esa 20 ming dollarga sotilgan avtomobillaridan 50 ming AQSh dollari miqdorida foyda va’da qilinganini aytmoqda. Arzchi Murodboyga tegishli ko‘rilgan "Erkin avto diler" nomli bir shirkatda avtomobillarini qoldirganini da’vo qilmoqda:

"Tumandan betonka yo‘lga chiqaverishda edi, o‘zi bitta baza bu joy. Men payshanba kuni bazaga borsam, 200-300tacha odam yig‘ilgan ekan. Birovlar hali sotilmagan mashinasining oldida turib olgan, ba’zilari minib olgan. O‘sha kuni chiqarishmadi mashinalarni. Juma kuni ertalabdan borsam, mashinalar kamayib ketgan. "Sotilmagan mashinalarni egalari olib ketib qoldi, ichkarida talon-taroj bo‘ldi", deyishdi. Lekin, men ichkariga kirolmadim", dedi ismini sir saqlagan arzchi.

O‘sha kuni avtomobil bazasidagi tumonatga guvoh bo‘lganini aytgan tuman IIBga yaqin manba esa mashinalar talon-tarojiga yo‘l qo‘yilmaganini aytmoqda:

- Men payshanba kuni iftorga yaqin o‘sha yerdan o‘tdim - 200tacha odam yig‘ilib turgan edi. Shu mashinalarini olishmoqchi bo‘layotgan ekan, lekin oldirishmadi, menimcha. Juma-shanba kunlari tuman IIBga men ham bordim. 100-200ta shikoyatchi turgan edi. IIBdagi tanishlarimdan so‘rasam: "Hech narsa aniq emas, biz ham pulimizga kuyib turibmiz!" deyishdi, - dedi ismini sir saqlagan yangiyo‘llik.

Muqaddam tuman IIBga tegishli strukturalarda ishlaganini aytgan bu manbaning o‘zi ham chinozlik Ahmadboyga 1 ta mashina va uyini sotib, pulini bergani, faqat 2800 dollar foyda olganini qo‘shimcha qildi. ​

Ozodlik arzchilar yordamida Murodboyga tegishli avtomobil bazalaridan birida ishlagan Asqar ismli ishchi bilan bog‘landi. Ishchi Murodboy 16 iyundan buyon bedarakligini tasdiqladi. Unga ko‘ra, boshlig‘ining "Yangiyo‘l Yong‘in xavfsizligi xizmatida ishlaydigan do‘stlaridan birining uyida saqlangan katta miqdordagi naqd puli o‘tgan hafta musodara qilingan". Ammo, Ozodlik bu ma’lumotni hozircha boshqa manbalar orqali tasdiqlay olmadi.

Shu tariqa, Ahmadboy Tursunboev biznesini Yangiyo‘l tumanida boshlagani iddao qilingan 32 yashar Murodboyning taqdiri noma’lum qolmoqda. Tuman kuch ishlatar tuzilmalari ham bu shaxsning qaerda ekani noma’lum qolayotganini tasdiqladi. Ammo uning qidiruvga berilgani yoki biror jinoyatda gumon qilinayotganiga oid savollar hozircha ochiq qolmoqda.

Ma’lumki, Murodboyning ustozi ekani iddao qilingan va moliyaviy piramida qurganlikda ayblangan Chinoz "Avto Hamkor" shirkati rahbari - 38 yashar Ahmad Hamidovich Tursunboev ustidan esa O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik),168-moddasi (firibgarlik) va 170-modda (aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar etkazish) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Bu ayblovlar O‘zbekiston rasmiy televideniesi orqali e’lon qilindi.

Shuningdek Tursunboev 177-modda - valyutani qonunga xilof ravishda olish va 178-modda - chet el valyutasini yashirish bo‘yicha ham ayblanmoqda.

So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirToshkent viloyati Chinoz tumani IIB Ahmadboydan norozi bo‘lganlar, Yangiyo‘l tumani IIB esa Murodboydan norozilar arzi bilan shug‘ullanmoqda.

XS
SM
MD
LG