Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:09

Eron shia olimini fuqarolikdan mahrum etgan Bahraynga po‘pisa qildi


Eron oliy harbiy qo‘mondonlaridan biri Bahraynda mashhur shia peshvosi fuqarolikdan mahrum qilinganidan keyin u yerda qurolli kurash boshlanishi mumkinligini aytib, po‘pisa qildi.

Bahrayn ichki ishlar vazirligi bayonotida Oyatulloh Iso Qosim o‘z mavqeidan “chet davlat manfaatiga xizmat qilish” hamda “zo‘ravonlik va adovat qo‘zg‘atish” uchun foydalanganlikda ayblangani aytilgan.

Iso Qosimni fuqarolikdan mahrum etish qarori e’lon qilinganidan keyin uning Diroz qishlog‘idagi uyi oldida minglab odam to‘plangan. Oyatulloh Iso Qosim Bahraynda ko‘proq fuqaroviy va siyosiy erkinliklar talab qilgan shia ozchiligining norozilik aktsiyalarini qo‘llagandi.

Eron inqilob posbonlari korpusi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy Bahraynni “yomon oqibat” kutib turganidan ogohlantirgan. U javob choralari “qurolli qarshilik” va hukmron sulolaning “ag‘darilishi” kabilarni o‘z ichiga olishini ta’kidlagan.

Eron Tashqi ishlar vazirligi Bahraynni “hukumat va xalqni bog‘lab turuvchi barcha ko‘priklarni yoqib yubormaslik”ka hamda “joriy bo‘hronning mamlakat miqyosidagi jiddiy muhokamasi”ni uyushtirishga chaqirgan.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Jon Kirbi Vashington Bahrayn rasmiylarining qaroridan tashvishga tushgani, chunki Qo‘shma Shtatlar bu harakatlar foydasiga biror haqqoniy ma’lumotdan xabardor emasligini bildirdi. Bahraynda AQSh harbiy-dengiz kuchlarining beshinchi floti joylashgan.

XS
SM
MD
LG