Линклар

Tojikiston sobiq ichki ishlar vazir, Bojxona qo‘mitasi sobiq rahbari Yoqub Salimov 13 yillik qamoqdan so‘ng ozodlikka chiqdi.

Salimovning qarindoshlari Ozodlikning tojik xizmatiga uning 21 iyun kuni ertalab soat 5 da koloniyadan chiqarib yuborilganini aytdilar.

Yaqinlarining aytishicha, sobiq vazir qamoqdan Dushanbedagi uyiga ketgan.

Yoqub Salimovning o‘zi “Ozodagon” agentligiga bergan suhbatida oilasi yonida tinchgina yashashdan boshqa kelajak uchun rejalar tuzmaganini ma’lum qilgan.

“Qamoqdan endi chiqdim, rejam - faqat oilamning yonida bo‘lish, rafiqam va bolalarim bilan birga yashashda davom etish. Boshqa rejalar hozircha yo‘q”, degan Salimov.

Yoqub Salimov Tojikistonda 1992-97 yillarda bo‘lib o‘tgan fuqarolar urushi yillari Birlashgan tojik muxolifatiga qarshi kurashgan Xalq frontining e’tiborli qo‘mondonlaridan biri edi.

U keyinchalik Tojikiston ichki ishlar vaziri, Tojikistonning Turkiyadagi elchisi, mamlakat Bojxona xizmati boshlig‘i lavozimlarida ishladi.

1997 yili Salimov Xo‘jandda amaldagi prezident Imomali Rahmonni suiqasddan qutqarib qolgani aytiladi.

Ko‘p o‘tmay u qurolli to‘ntarish yasashga uringanlikda ayblandi va shundan so‘ng yurtini tark etishga majbur bo‘ldi.

Yoqub Salimov 2003 yili Tojikiston talabnomasi bilan Rossiyada ushlangan va Dushanbega ekstraditsiya qilindi.

2005 yil aprelida “vatanga xiyonat”, “noqonuniy qurol saqlaganlik”, “mansab suiiste’moli”da ayblangan Salimov 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Uning olgan barcha mukofotlari va unvonlari bekor qilindi.

Bu orada amnistiya asosida uning jazo muddati ikki yilga qisqartirildi.

Qamoqxonada umrining 13 yilini o‘tkazgan 60 yoshli sobiq vazir sog‘lig‘idan uncha shikoyat qilmagan.

“O‘zimni juda yaxshi his qilyapman, faqat ko‘zim bilan bog‘liq ozgina muammo bor. Qamoqxonada menga munosabat yaxshi edi, nozirlarning birontasi ham meni tahqirlagani yo‘q. Tashqarida sodir bo‘lgan barcha voqealardan xabardor bo‘lib turdim. Qamoqdaligimda gazeta o‘qib turish imkoniga ega edim”, degan Yoqub Salimov “Ozodagon” agentligiga bergan intervyusida.

XS
SM
MD
LG