Линклар

Qirg‘izistonlik imom bachabozlikda gumonlanib hibsga olindi


Bishkekda pedofiliyaga qarshi 2015 yilda o‘tgan namoyishlardan biri.

Bishkekda pedofiliyaga qarshi 2015 yilda o‘tgan namoyishlardan biri.

Qirg‘iziston janubidagi Jalolobod viloyati Suzoq tumani Atchabar qishlog‘i imomi qo‘shnisining 10 yoshli o‘g‘lini zo‘rlaganlikda gumonlanib hibcga olindi.Tuman militsiyasiga bolasining zo‘rlangani to‘g‘risida onasi ariza bilan murojaat qilgan. Atchabar qishlog‘ida janjal chiqishining oldini olish maqsadida aholi orasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Suzoq tumani Atchabar qishlog‘ida yashovchi Salima 10 yoshli o‘g‘li mahalla imomi tomonidan zo‘rlangani to‘g‘risida 18 iyunь kuni militsiyaga ariza yozgan. Salimaning aytishicha, ular imomga bir devor qo‘shni bo‘lgan. Salima imom uning o‘g‘li bilan bir necha marotaba jinsiy aloqda bo‘lganini iddao qilmoqda.

- Bolamga pichoq o‘qtalib, “hech kimga aytma”, deb qo‘rqitgan ekan. Bir yildan beri bolam bilan jinsiy aloqa qilib yurar ekan. Qo‘liga aldab 50 so‘mdan pul berib qo‘yar ekan. “Ota-onangga aytsang o‘ldiraman”, deb qo‘rqitar ekan.Bu voqeani bir odam ko‘rib qolib, otasiga aytib qo‘yibdi. Otasi o‘zbekchilik qilib: “Endi bu uyat, qo‘ni-qo‘shnilar nima deydi , bosdi-bosdi qilaylik”, deb aytgan edi. Men bunga rozi bo‘lmasdan militsiyaga ariza yozdim,- dedi Salima.

Jalolobod viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Miqtibek Turdubekov mazkur voqea bo‘yicha jinoyat ishi ochilganini va gumonlanayotgan imom hibsga olinganini tasdiqladi.

- Jabrlanuvchi maktab o‘quvchisiga nisbatan sud-tibbiy va sud-biologik ekspertizalar o‘tkazildi. To‘plangan materiallar asosida jinoyat ishi ochilib, gumonlanuvchi qamoqqa olindi. Gumonlanuvchi Suzoq tumanida yashagan, uning yoshi 58da bo‘lib, u qishloq masjidiga imomlik qilgan, - dedi militsiya rasmiysi Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga bergan ma’lumotida.

Bachabozlikda gumonlanib qo‘lga olingan shaxs va uning yaqinlari hozircha mazkur voqea yuzasidan izoh berishdan tiyilmoqda. Jalolobod viloyat qozisi Abdulaziz Zakirov gumonlanuvchining yaqinlari bilan suhbatlashganini va ular imom bachabozlik bilan shug‘ullanganiga ishonmasliklarini aytganlarini ma’lum qildi.

Viloyat qozisi bo‘lib o‘tgan voqeani Islom dini bilan bog‘lash xatolik bo‘lishini, ayrim shaxslarning xatti-harakatlari ortidan dindorlar, ulamolar va dinga qarshi gapirish noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi.

Mazkur voqeadan so‘ng Atchabar qishlog‘idagi aholi orasida ziddiyatlar va zo‘ravonliklar sodir etilishining oldini olish maqsadida tushuntirish ishlari olib borilayotgani aytilmoqda.

- Janjal chiqmasin, deb tushuntirish ishlarini olib borayapmiz. Ichki ishlar organlari, mahalliy hukumat vakillari aholi bilan yig‘ilishlar o‘tkazayapti. Bu voqeadan uchinchi kuchlar foydalanib, zo‘ravonliklarni keltirib chiqarishi ham mumkin. Shuning uchun aholiga fitnalarga uchmanglar, deb aytayapmiz. Imomning aybdor yoki aybdor emasligini sud aniqlaydi. Sud tugamaguniga qadar biz uni aybdor yoki aybsiz, deb ayta olmaymiz, - dedi Atchabar qishloq hukumati raisi Avaz Naraliev.

Bundan bir necha yil avval Qirg‘iziston janubidagi madrasalardan birining mudarrisi 9 yoshli o‘g‘il bolani zo‘rlagani yuzasidan jinoyat ishi ochilgan edi. Biroq uch yil davom etgan tergov jarayoni va tekshiruvlar natijasida bu iddao tasdiqlanmagan.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, 2015 yilda mamlakatda balog‘atga etmagan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik yuzasidan 74 holat aniqlangan.

XS
SM
MD
LG