Линклар

logo-print

Ozodlik suhbatlashgan GM Uzbekistan shirkati vakili O‘zbekistonda mashinalarning xaridorlarga shartnomada belgilangan muddatda berilmayotganini ehtiyot qismlar yetishmovchiligi bilan izohladi.

O‘zbekistonda aksar xaridorlar avtomobilga beliglangan qiymatning 85 foizini olti oy oldin to‘lagan esalar-da, mashinalarni olish uchun yana oylab kutishga majbur bo‘lmoqda.

GM Uzbekistan vakilining izohi O‘zbekistondagi barcha avtosalonlarda mashina taqchilligi kuzatilayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan samarqandlik avtomobil xaridorlaridan biri, Zarina, mashina pulini o‘tgan yilning dekabr oyida to‘lab qo‘ygani, ammo shu kungacha uni ololmay sarson bo‘layotganini aytadi:

"Lasetti mashinasini olish uchun Samarqanddagi avtosalonga dekabr oyida 10 ming AQSh dollari to‘lab qo‘ygan edik. Orada mashinani narxi oshdi, ustamasini to‘laysizlar, deyishdi. Uni ham to‘ladik. Mashina aprel oyida qo‘lga tegishi kerak edi. Haligacha ololmayapmiz, kechikish sababini aytishmaydi," deydi Zarina.

GM Uzbekistan mashinalari dollarga sotiladi

GM Uzbekistan mashinalari dollarga sotiladi

GM Uzbekistan shirkatining Samarqanddagi asosiy dilerlaridan biri hisoblangan “SAMARKAND-AVTOSAVDO” mulozimi Asakadagi GM Uzbekistan avtomobil zavodida ishlab chiqarilayotgan mashinalar kelishi kechikayotganini aytdi:

"O‘zi mashina puli to‘langanidan so‘ng olti oyda egasiga berilishi kerak, lekin hozir u yoqdan kelishi kechikyapti. Kelasi oyni o‘rtalariga bo‘ladi, deyishyapti. Kelishi bilan egasiga qo‘ng‘iroq qilib berishga harakat qilyapmiz," dedi “SAMARKAND-AVTOSAVDO” shirkatining Ozodlik bog‘langan mulozimi.

GM Uzbekistan shirkatida xodimlarga ko‘ra, zavodda ishlab chiqarilayotgan mashinalar - ayniqsa Lasetti ehtiyot qismlari yetishmovchiligi sabab - o‘z vaqtida egalariga yetkazib berilmayapti:

"Zapchast yetishmovchiligi tufayli bo‘lyapti bu. Zapchastlar iyul oyiga kelishi kutilyapti. Kelasi oyni oxiriga berib qolishimiz mumkin," dedi GM Uzbekistan shirkatining mulozimi.

Mashinalar kechikayotgani ijtimoiy tarmoqlarda ham qizg‘in munozaraga sabab bo‘ldi.

Facebook tarmog‘idagi Voditeli Tashkenta guruhining a’zosi Sardor Vapaev Nexia mashinasini yanvar oyida olishi kerakligi, lekin hanuz mashina qo‘liga tegmagani haqda yozdi:

Mashinalar kechikayotgani ijtimoiy tarmoqlarda ham qizg‘in munozaraga sabab bo‘ldi/

Mashinalar kechikayotgani ijtimoiy tarmoqlarda ham qizg‘in munozaraga sabab bo‘ldi/

“Neksiya Dons" mashinasini haligacha olmadim. May oyida GM O‘zbekiston shirkatiga yozgandim, shunday javob oldim. Nima qilamiz, oyni ohirigacha kutamiz”, - deb yozdi Voditeli Tashkenta guruhining a’zosi.

O‘zbekistonda xaridorlar mashina olish uchun avtomobilga belgilangan qiymatning 85 foizini oldindan, AQSh dollarida to‘laydi.

Mashina tayyor bo‘lganidan keyin qolgan 15 foiz beriladi.

Ishlab chiqaruvchi mashinani, shartnoma imzolangan kundan boshlab olti oy muddat ichida, xaridorga etkazib berishi kerak.

"Uzoq navbatda turib, peshona-terimiz bilan topgan pulimizni berganmiz, hali mashina qo‘limizga tekkani yo‘q. Boshqa mashina olay desak, inomarkalarga poshlina qilib qo‘yishgan. Kutishdan boshqa choramiz qolmayapti," deydi samarqandlik Zarina.

O‘zDEUavto yopiq turdagi hissadorlik jamiyati bazasida 2008 yilda tashkil etilgan GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi yiliga 250 ming avtomobil ishlab chiqaradi.

Hozirda korxonada engil mashinalarning sakkiz turi ishlab chiqariladi.

Zavodda Chevrolet Captiva, Epica, Spark va Malibu turidagi engil mashinalarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekistonda xorijiy mashinalar uchun yirik miqdorda boj to‘lovlari joriy etilgan.

GM Uzbekistan monopoliyasi mamlakatdagi mahalliy xaridorlarga chetdan xarid tanlovini deyarli qoldirmagan.

XS
SM
MD
LG