Линклар

Fakultet talabalarining bir qismini o‘qishni davom ettirish imkoniyatidan mahrum qilayotgan omil O‘zbekiston prezidenti joriy yil, 2 mayda imzolgan qarordir.

Prezident qarorida TDTUning Neft va gaz fakulteti talabalari Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkentdagi filialiga o‘tkazilishi aytilgan edi.

Bugunga kelib ma’lum bo‘lishicha, TDTUda 2 yil o‘qib qo‘ygan talaba kirish imtihoni topshirib o‘tsagina, “Gubkin”ning 1- kursiga qabul qilinadi.

TDTU talabalaridan olingan bu ma’lumotni mazkur o‘quv yurti mulozimlari tasdiqladi.

Abu Rayxon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti (TDTU) faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risidagi prezident qarori chiqqan kunlarda talabalar oldida bugunga kelib paydo bo‘lgan muammodan darak yo‘q edi.

Tashvishli signal talabalardan biridan kelgan xatda aks etgan:

“Prezident qarori chiqqanidan so‘ng fakulьtetimiz yopildi. Biz talabalar og‘ir ahvolda qoldik. Bizga tanlash uchun bir necha variant tavsiya qilishdi:

1. Yo‘nalishimiz bo‘yicha Qarshi universitetiga ko‘chirilish (Toshkentdan ketmoqchi emasmiz).

2. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetiga kirish imtihonlari topshirish va o‘tib qolsak 1- kursdan o‘qishni boshlash (TDTUda 2 kurs o‘qib qo‘yganimizni eslatmoqchiman).

3. Boshqa o‘quv yurtlarining boshqa fakultetlariga ko‘chirilish va va o‘qishni yana 2- kursdan davom ettirish.

Universitetimiz rahbariyatining tavsiyalarini qabul qilsak, 2 kurs o‘qish uchun sarflagan vaqtimizgayam, kontrakt uchun to‘lagan pulimizga ham kuyamiz. Pulni hech kim qaytarib bermoqchi emas. Nima qilishni bilmay, boshimiz qotgan”, deyiladi TDTU Neft va gaz fakultetining 2- kursini bitirgan, ism-familiyasi aytilmasligini so‘ragan talaba xatida.

Talaba shikoyatida keltirilgan gaplarni TDTU rahbariyatining ikki mulozimi bir-biridan mustaqil ravishda tasdiqladi. Lekin ular talaba o‘z xatining oxirida qo‘ygan asosiy savollarga javob berolmadi.

Mulozimlardan biri bunday dedi:

- 2- kursni bitirganlar Qarshi universitetiga borib, o‘qishni 3-kursdan davom ettirishlari mumkin. “Gubkin”ga esa, imtihon topshirib, o‘tsa 1- kursdan o‘qiydi. Ularning o‘z talablari bor ekan.

Mulozim “kontrakt uchun to‘langan pullar nima bo‘ladi”, degan savolga javoban, negadir “O‘zimiz ishsiz qolayapmizu”, degan javobni berdi.

Prezident qarori bilan Neft va gaz fakultetida bakalavriatning 4- va magistraturaning 2- kurslari talabalariga o‘qishni TDTUda bitirib olishga imkon birilishi nazarda tutilgan.

TDTUning yana bir mulozimining aytganlari birinchi suhbatdoshimiz aytgan gaplardan printsipial farq qilmadi.

TDTUda Neft va gaz fakulteti nima sababdan yopilayotganini mulozimlar tushuntirib bera olmadi. Har ikkalasi ham mamlakat rahbari qaroriga ishora qildi.

Islom Karimov joriy yilning 2 mayida imzolagan qarorda TDTU respublikaning muhandislik-texnika yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash sohasidagi bazaviy oliy ta’lim muassasasi hisoblanishi belgilab qo‘yilgan.

Universitetning prezident qarori bilan tasdiqlangan yangi tashkiliy tuzilmasi o‘z ichiga Mashinasozlik texnologiyalari fakulteti, Muhandislik geologiyasi va konchilik ishi fakulteti va Energetika fakultetini ham o‘z ichiga oladi.

Bunga qadar TDTUda 7 t: Mexanika-mashinasozlik, Geologiya va konchilik ishi, Aviatsiya, Elektronika va avtomatika, Energetika, Neft va gaz hamda Sanoat tarmoqlarini boshqarish fakultetlari bor edi.

TDTUning mulozimining aytishicha, TDTUda Neft va gaz fakulьtetining yopilishi O‘zbekistonda bu sohada mutaxassis tayyorlanmaydi, degani emas. "Bu soha mutaxassislari Qarshi, Buxoro va Nukusdagi oliy o‘quv yurtlarida tayyorlanadi", dedi TDTU mulozimi.

XS
SM
MD
LG