Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:58

OzodMikrofon: Xasta otam va ukamni hibsda qiynashmoqda, yordam bering!


Toshkent shahridan Ozodlikka bog‘langan bir tinglovchi oilasidan ikki kishi - otasi va ukasi diniy motivlardagi ayblovlar bilan hibsda saqlanayotgani, ukasiga nisbatan qiynoqlar qo‘llanayotganini da’vo qildi. Aytishicha, otasi 10 yil qidiruvda bo‘lgan va xasta holida uyga kelgan chog‘da qo‘lga olingan. Ukasi esa kvartira bozorida qo‘lga olinganidan buyon Toshturmada saqlanmoqda.

OzodMikrofonga bog‘langan toshkentlik otasi - 17 iyun kuni 1958 yilda tug‘ilgan Abdukarim Rashidov xasta holida IIV xodimlari tomonidan uyidan olib ketilganidan beri taqdiri noma’lum qolayotganidan arz qildi.

Ismini sir saqlagan tinglovchining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, otasi yurak xurujidan so‘ng chap qo‘li ishlamagan va nafas qisish kasalligidan ham aziyat chekib, to‘shakda yotgan eridan olib ketilgan.

Tinglovchi otasining diniy-siyosiy motivlar bilan 11 yildan qidiruvda bo‘lgan otasi qochib yurgani, og‘ir xasta bo‘lgani bois biroz muqaddam uyiga qaytganini aytmoqda:

"17 iyun kuni asrga yaqin uyga kelsam, hovli to‘la militsioner. Otamni esa xasta holida olib chiqishayotgan ekan. Akamga: "Nega qidiruvdagi odamni uyingda saqlayapsan?" deb do‘q qilishgan edi, otam: "Agar, meni militsiyaga bersang, oq qilaman, deganim uchun o‘g‘lim sizlarga xabar qilmadi", dedi. Shunday olib ketishganidan beri biror xabar yo‘q. Xasta holida qaerda, qay ahvolda saqlashyapti, qiynoqqa solishayaptimi - xabarimiz yo‘q. Bu qonunga zid-ku?!" deydi toshkentlik tinglovchi.

Uning aytishicha, otasi 2000 yillarda O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 159 (konstitutsion tuzumga tajovuz) va 244-moddalari (taqiqlangan diniy tashkilot tuzish, a’zolik qilish va adabiyotlarni tarqatish) asosida "Hizbut Tahrir" diniy jamoasiga a’zolikda ayblanib, 11 yilga ozodlikdan mahkum qilingan va aministiya akti qo‘llanib, 2004 yilda ozodlikka chiqarilgan:

"Qamoqdan chiqqandan keyin otam ijaraga mashina olib, kirakashlik qilib yurdi. Lekin, oradan bir yil o‘tib, uni yana hibsga olmoqchi bo‘lishdi. Qarindoshimizning to‘qqiz yoshli bolasini qo‘rqitib, menga Qur’ondan dars bergan, deb yozdirib olishgan. O‘shanda dadam qochib ketgan va shu bo‘yicha 10 yildan beri kelmayotgan edi. Yana 159, 244-modda bilan qidiruvga berishgan edi. Shu asosda olib ketishdi mana", deb iddao qildi toshkentlik tinglovchi.

Ayni paytda Toshturmada saqlanayotgan ukasi - 1989 yilda tug‘ilgan Ahmad Rashidov ham otasiga qo‘yilgan ayblovlar bilan ayblanayotganini aytgan bu tinglovchi ukasiga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilayotganini iddao qildi.

Da’vo qilishicha, ukasi shu yilning 20 yanvarida Toshkentdagi kvartira bozoridan olib ketilgan va aynan qaysi jinoyatlari uchun unga diniy-siyosiy motivlardagi ayblov qo‘yilgani haqida oilasiga to‘liq ma’lumot berilmagan.

"Ukam namoz o‘qirdi, ammo faqat uyda o‘qirdi, masjidga qatnamasdi. Kvartira bozorda ishlardi. 20 yanvarda olib ketishgan. Keyin bilsak, yana 10 kishini ushlashgan va ularni bitta guruh, deb jinoyat ishi ochishgan. 17 iyun kuni Toshturmaga ko‘rgani kelinim borib keldi. 1 soat kechikib chiqibdi uchrashuvga. Mazasi qochib qolganmish, dori-pori berib, o‘ziga keltirib olib chiqishibdi. Kelinim qarasa, qo‘llari ko‘karib ketganmish. “Meni qiynoqqa solishyapti, ahvolim og‘ir, hamma yoqqa xabar beringlar”, depti ukam”, deb da’vo qildi tinglovchi.

Unga ko‘ra, ukasi a’zo, deb ko‘rilgan 11 kishilik jinoiy guruh ustidan sud 28 iyunga belgilangan.

"Biz bu ayblovlar nohaq qo‘yilgan, deb bilamiz. Ular "Hizbut Tahrir"ga a’zo emas. Otam ham, ukam ham. Lekin, shunaqa ayblovlar qo‘yishgan. Bizni qo‘rqitgani ularga qiynoq qo‘llanilayotgani - ukamni urishyapti, qiynashyapti, yuragi yomon bo‘lib qolgan, xotini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi ahvoli og‘irligini. Otam esa uydan olib ketishayotganida og‘ir ahvolda kasal edi. Iltimos, bizga yordam beringlar!" dedi toshkentlik tinglovchi.

U o‘z murojaatini inson huquqlarini himoya qiluvchi mahalliy hamda xalqaro tashkilotlarga yetkazishni so‘radi.

Nomi tilga olingan ikki shaxs - toshkentlik 58 yashar Abdukarim Rashidov hamda uning 27 yashar o‘g‘li Ahmad Rashidovga qo‘yilayotgan ayblov va jinoyat tergoviga oid rasmiy ma’lumotlar Ozodlikka ma’lum emas.

Yaqinlari ikkovlonning taqdiriga oid ma’lumotlarni to‘liq ochiqlashini so‘rab, Toshkent IIBga murojaat qilgani va uning javobini kutayotganini aytmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar tomonidan yillar davomida mamlakatda dindorlar qatlami ustidan kesin nazorat, ta’qib va tazyiqlarga asoslangan siyosati uchun tanqid qilib kelinadi.

Ozodlikka bo‘layotgan aksar murojaatlarda dindor oilalar yaqinlari e’tiqodi uchun ta’qibga uchragani, ular nohaq ravishda turli taqiqlangan diniy-ekstremist, radikal va terrorchi guruhlarga a’zolikda ayblanayotganini iddao qilib keladilar.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar, jumladan O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi kuzatuvlariga ko‘ra, ayni paytda mamlakatda diniy-siyosiy vajlar bilan ayblanib, qamalgan mahbuslar soni kamida 10 mingga yaqindir. Bu tashkilot ham ayblanuvchilar qo‘yilgan ayblar aksar hollarda asossiz ekani, sudlovlar esa adolatsiz bo‘lishini ta’kidlab keladi.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari esa mamlakatda taqiqlangan diniy tashkilot va oqimlar - "Hizbut Tahrir", "Jihodchilar", "Vahhobiylar", "Salafiylar" kabi oqimlar tahdidi saqlanib qolayotgan va muntazam ravishda bu oqimlarga ergashgan fuqarolar aniqlanib, ularning yaqinlari orasida targ‘ibot ishlari olib borilayotganini da’vo qilib keladi.

XS
SM
MD
LG