Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:12

Rossiya Madaniyat vaziriga osiyocha qiyofa yoqmadi


Vladimir Medinskiy
Vladimir Medinskiy

Rossiya Madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy zamonaviy rus multiplikatsiya filmlarida "milliy kolorit yo‘qligi"dan arz qildi.

U bu multfilmlarda "hatto bolachalar osiyolik ko‘rinishda" ekanidan xavotir bildirdi.

Rossiya madaniyat yo‘lboshchisining “rus multfilmlari ko‘rinishi” to‘g‘risidagi ochiqchasiga irqchilik bu chiqishi, ayniqsa, Yoqutiston aholisi g‘azabini keltirdi.

O‘zini rossiyalik hisoblayotgan yoqut fuqarolari Medinskiyga atab “Biz osiyolik yuzimiz uchun emas, siz uchun uyatdamiz” videomurojaatini hozirladilar.

Rossiya madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy Rossiya multiplikatsiyasidagi osiyoliklar qiyofasiga qarshi ekani to‘g‘risida kuni kecha Peterburgda yakunlangan Xalqaro iqtisodiy forumda bayon qildi.

U zamonaviy rus multfilmlarida “ruslarga oid” hech vaqo yo‘qligidan qayg‘urayotganini bildirib, dedi:

- Agar bu multfilmlarni ingliz tiliga o‘girsak, ular Xitoy studiyalari mahsulotlaridan hech narsa bilan farq qilmay qoladi.U yerda hatto bolalar yuzlari osiyocha, kosmopolitik! dedi uyalmay-netmay Vladimir Medinskiy.

Madaniyat vaziri vazirlik faqat va faqat “haqiqiy rus multfilmlariga” moddiy ko‘mak berishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

- Biz Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirligi. Agarda siz Jonchiklar, Ponchiklar yoki Meri qizaloqlar haqida film olmoqchi bo‘lsangiz, marhamat – navbat oxiriga turing, deya qo‘shimcha qildi vazir janoblari.

Yuqori lavozimli amaldorning bunday chiqishidan so‘ng, Rossiyaning Yoqutistoni fuqarolari Medinskiyni iste’foga chiqarish talabi bilan chiqdi.

“Dojd” telekanali yoqutistonliklaring Vladimir Medinskiyga hozirlagan maxsus videomurojaatini namoyish qildi.

- Men chuqur afsusdaman, va men o‘zim uchun, yuzim osiyocha bo‘lgani uchun afsusda emasman, men siz uchun uyatdaman. Chunki siz Rossiyada yashovchilarni osiyolik va osiyolik bo‘lmaganlarga ajratasiz, dedi Medinskiyga qarata yakutsklik Natalya Lopatina.

Yana bir yoqut fuqarosi Georgiy Nikolaev “osiyolik ko‘rinishda bo‘lganlar haqida nafaqat Rossiyada, balki butun dunyoda bilishlarini” istashini aytdi.

- Men o‘rtahol rossiyalikning tipik kosmopolitik ko‘rinishiga egaman, bizda xuddi shunday chehraga ega iste’dodli bolalarimiz juda ko‘p, dedi u.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa “bunday hodisa chet elda allaqachon vazirning iste’fosi bilan yakunlanishi mumkinligini” bahsi qizib bormoqda.

Ayni paytda, Yoqutiston Respublikasi Madaniyat va ma’naviy taraqqiyot vaziri Vladimir Tixonov o‘z boshlig‘ini himoyalab, “uning so‘zlari noto‘g‘ri tushunilgani”ni gapirdi.

Umuman olganda, Medinskiy chiqishlari bilan birinchi marotaba o‘ziga e’tibor qaratayotgani yo‘q.

2012 yilda Vladimir Medinskiy intervyularidan birida “ruslarda ortiqcha bitta xromosoma mavjud”ligi to‘g‘risida ma’lumot berib, ko‘pni ko‘rgan genetiklarni ham lol qoldirgan edi. Chunki olimlar ortiqcha bitta xromosoma Daun sindromi belgisi ekanidan ogohlantirib keladi.

Shuningdek, Rossiya Madaniyat vaziri chiqishlarini har safar orziqib kutayotgan jurnalistlar Medinskiy rim raqamlarini o‘qiyolmasligi aniqlagan.

2013 yilda u hanuzgacha aniqlanmagan va bungacha 5 yil davomida katta mablag‘ ajratib kelingan “Quyon falsafasi” ilmiy anjumaniga boshqa pul berilmasligini bildirgani olimlar g‘azabini keltirgan edi: Vladimir Medinskiy bu anjuman ishtirokchilariga har yili hatto shaxsiy tabriklarini yuborib turgani ma’lum bo‘ldi.

Peterburgdagi Yuridik forumda u yangi tayinlangan Novosibirsk opera teatri direktori Vladimir Kexmanni “kana” deb atagan edi.

2014 yilning dekabrida Vladimir Medinskiy “Rashka-govnyashka” tarzida filmlar olayotgan rejissyorlarni tanqid ostiga olgan edi. Keyinroq u “Rashka-govnyashka” so‘zi uchun kechirim so‘rab, biroq aytganidan tonmaganini bildirgandi.

XS
SM
MD
LG