Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:58

AQSh O‘zbekiston "mustaqilligini mustahkamlash"ga ajratiladigan mablag‘ni ko‘paytirmoqchi


AQSh Davlat departamenti Kongressdan yangi moliya yilida O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida mustaqillik hamda barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratiladigan mablag‘ miqdorini ko‘paytirishni iltimos qildi.

Rozenblyum O‘zbekiston AQShning muhim hamkori ekanini ta’kidladi

Kongressning Yaqin Sharq, Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha qo‘mitasida chiqish qilgan davlat kotibi o‘rinbosarining yordamchisi Deniel Rozenblyum bu maqsadlar uchun byudjetni 164,1 million dollarga ko‘paytirish lozimligini ta’kidladi.

Rozenblyumga ko‘ra, “mintaqada yagona parlament demokratiyasiga ega bo‘lgan” Qirg‘izistonga byudjetning asosiy qismi, ya’ni 51 million 800 ming dollari ajratiladi. Bu 2015 yildagiga nisbatan 39 foizga ko‘pdir.

Tojikistonga 41,6 million dollar, O‘zbekistonga 11,6 million dollar, Qozog‘istonga 8,8 million dollar ajratilishi nazarda tutilgan.

O‘zbekistonga ajratiladigan mablag‘ miqdori o‘tgan yilga solishtirganda 9 foizga ko‘pdir.

“AQShning mazkur mintaqada ikkita fundamental va uzoq muddatli milliy manfaati mavjud. Ulardan birinchisi SSSR tarqab ketganidan beri amalga oshirilayotgan mustaqillikni qo‘llab-quvvatlash. Ikkinchisi, AQShga nisbatan dushman kayfiyatdagi terrorchilik o‘choqlari paydo bo‘lishining oldini olish ehtiyojidan kelib chiqib, mazkur mamlakatlardagi barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashdir”, dedi Deniel Rozenblyum.

Rozenblyum o‘z so‘zida O‘zbekiston masalasiga ham to‘xtaldi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning geografik va geosiyosiy joylashuvi mazkur mamlakatni mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, uyushgan jinoyatchilikka va terrorchilikka qarshi kurash sohalarida AQShning muhim hamkoriga aylantiradi.

AQSh "Rossiya propagandasi"ga qarshi mintaqa matbuoti bilan hamkorlikni kuchaytirmoqchi

Davlat departamenti rasmiysi Markaziy Osiyo matbuoti bilan ham ishlashni kuchaytirish lozimligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, bugungi kunda Markaziy Osiyo matbuoti “Rossiya propaganda mashinasi aktiv faoliyat yuritayotgan jabha”ga aylangan.

“Yaxshi moliyalashtirilayotgan Rossiya propaganda mashinasi Markaziy Osiyoda jamoatchilik fikriga sezilarli darajada ta’sir o‘tkazdi”, deb ta’kidlagan Rozenblyum so‘zi davomida: "Shuning uchun ham mazkur byudjet so‘rovida biz Markaziy Osiyo nashrlari bilan hamkorlikni davom ettirish maqsadida moliyalashtirishni nazarda tutganmiz”,deb aytdi.

Rozenblyum AQSh Markaziy Osiyo mintaqasida sud islohoti va iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ham ta’kidladi.

Rossiya matbuoti Rozenblyum so‘zlariga tezkor munosabat bildirdi

AQSh Kongressidagi ushbu muhokamaga hozircha Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari va matbuoti munosabat bildirgani yo‘q. Biroq Rossiya matbuotida mazkur muhokamaga oid munosabatlar paydo bo‘ldi.

Masalan, “Regnum” agentligi: “... Amerikaning ommaviy axborot vositalariga kuchli ta’siri ortidan Gruziya, Qirg‘iziston va Ukrainadagi rangli inqiloblarga guvoh bo‘lgan Markaziy Osiyoning keksayib qolgan liderlari amerikalik “partnerlar” bilan hamkorlikni kuchaytirishga intilmaydilar”, deb yozdi.

Moskvada nashr etiladigan “Vzglyad” gazetasi esa “Markaziy Osiyoda AQSh propagandasining kuchaytirilishi “rangli inqiloblar” uchun zamin hozirlaydi”, sarlavhali maqolani e’lon qildi. Maqolada Rozenblyumdan oldinroq Kongress qo‘mitasidagi muhokamada qatnashgan Davlat departamenti rasmiysi Viktoriya Nuland nutqiga alohida e’tibor qaratiladi.

“Rossiyani o‘z ta’sirini kuchaytirayotganlikda ayblagan Viktoriya Nuland AQSh ham o‘z nuqtai nazarini majburiy tarzda jamoatchilikka singdirishga urinayotganini yashirib o‘tirmadi”, deb yozgan muallif maqola davomida quyidagilarni yozadi:

“Davlat kotibi yordamchisi “AQSh davlat departamenti, AQShning xalqaro taraqqiyot bo‘yicha agentligi, Eshittirishlar bo‘yicha boshqaruvchilar kengashiga Rossiya propagandasiga qarshi kurash uchun ajratilgan byudjet mablag‘i 100 million dollarga yaqin”, deb sanab o‘tdi. Nuland fikricha, bu mablag‘ni Rossiya xuddi shunday maqsad uchun ajratayotgan pul bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Nuland Rossiya 400 million dollar sarflayotganini aytdi”

XS
SM
MD
LG