Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:46

Qirg‘iz deputatlari xorijdan moliyalashtiriladigan OAV faoliyatini taqiqlovchi qonun qabul qildilar


Qirg‘iz parlamenti majlislaridan biri.
Qirg‘iz parlamenti majlislaridan biri.

Qirg‘iziston parlamenti 22 iyun kuni Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish kiritish bo‘yicha qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Mazkur qonun loyihasini majlisda ishtirok etgan 109 deputatdan 79 nafari yoqlab ovoz berdi.

Qonun loyihasi chet ellik fuqarolar va xorijiy tashkilotlarga Qirg‘izistonda ommaviy axborot vositasi ta’sis etish hamda unga egalik qilishni, shuningdek, xorijdan moliyalashtiriluvchi ommaviy axborot vositalari faoliyatini taqiqlashni ko‘zda tutgan.

Qirg‘iz parlamentining Ijtimoiy masalalar, ta’lim, madaniyat va sog‘liqni saqlash qo‘mitasi 13 iyun kuni qonunga kiritilgan tuzatishlarni ma’qullagandi.

Qonun loyihasi mualliflaridan biri Rispek Qo‘jo‘baev avvalroq “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunga tuzatishlar faqat televizion OAVga daxldor bo‘lishini aytgandi.

- Hammamiz axborotning qudrati haqida, axborot urushlari haqida gapirayapmiz. Qonun loyihasida gap faqat televizion ommaviy axborot vositalari haqida ketayapti, chunki bu katta kuch. Ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, televideniening ommaga ta’siri yuqori bo‘lib, 90 foizni tashkil etadi. Biz ishlab chiqqan qonun loyihasi faqat Qirg‘iziston milliy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan, - dedi deputat Qo‘jo‘baev.

Uning hamkasbi Aida Salyanova esa parlament yalpi majlisida “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunga tuzatish kiritishga zarurat yo‘qligini aytdi.

Salyanovaga ko‘ra, qonun loyihasida aniq bo‘lmagan jihatlar juda ko‘p va taklif qilinayotgan tuzatishlarni qabul qilishga hech qanaqa asos yo‘q. Deputat xonim bu qonun loyihasini Ozodlik radiosining qirg‘iz xizmati, ya’ni Azattiq radiosi bilan bog‘lashayotganini ta’kidladi.

- Azattiq hech qachon Qirg‘iziston milliy xavfsizligiga tahdid solgan emas. Aksincha, Azattiq haqiqatni aytib keladi, mamlakat xavfsizligini ta’minlashga o‘z ulushini qo‘shib keladi. Biz bu radio faoliyatidan faqatgina foyda ko‘rdik, - dedi deputat Aida Salyanova.

Qirg‘iz parlamentidagi “Ata Meken” fraktsiyasi deputati Natalya Nikitenko xavfsiz jamiyat deganda eng avvalo kuchli sud tizimi, kuchli huquq-tartibot tizimi, rasmiylar qabul qilgan qarorlar shaffofligi, ommaviy axborot vositalarining erkinligi tushunilishini qayd etdi.

- Shu vajdan ham men bu qonun loyihasi aslida Konstitutsiyaga muvofiq kelmaydi va xavfsizlikni ta’minlamaydi, deb hisoblayman. Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunga tuzatish kiritishdan maqsad boshqa – media sohasi ishiga aralashishdir, - dedi Natalьya Nikitenko.

Deputat xonim ommaviy axborot vositalari qanday axborot xatari tashishini tushunmayotganini aytadi.

- Yoki biz o‘z fuqarolarimizni davlat kanallari berayotgan axborotdan farqlanishi mumkin bo‘lgan xabarlardan himoya qilishni istayapmizmi? Fuqarolarni real muammolar haqidagi axborotdan himoya qilishni istayapmizmi? Agar shunday bo‘lsa, u holda, keling, davlat ommaviy axborot vositalari sektoriga aralashishi kerakligi haqida gapiraylik. Men boshqa qo‘shni davlatlardan misol keltirishni bas qilishni iltimos qilaman, chunki har bir mamlakat o‘z yo‘lini o‘zi belgilaydi. Biz parlament demokratiyasi yo‘lini tanlaganmiz. Parlament demokratiyasi tamoyillaridan biri ommaviy axborot vositalari erkinligi va shaffofligidir, - dedi deputat Nikitenko.

Qator deputatlarning Jo‘g‘o‘rqu Kenesh reglamenti buzilayotgani haqidagi bayonotlariga qaramay, deputatlarning ko‘pchiligi ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunga tuzatishlarni birinchi o‘qishda yoqlab chiqdilar. Agar qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda ham ko‘pchilik yoqlasa, u prezidentga imzo uchun yuboriladi.

XS
SM
MD
LG