Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:26

Imom Buxoriyning qotillariga umrbod qamoq jazosi berildi


Istanbulda 2014 yilda otib ketilgan andijonlik 39 yashar imom Mirzag‘olib Hamidovning (Abdulloh Buxoriy) qotili sifatida ayblangan turkiyalik Eldor Aslon va o‘zbekistonlik Sobir Shukurovlarga umrbod qamoq jazosi berildi. Himoya tomonining "qotillik buyurtmachilari Tigran Kaplanov va Vasiliy Ivanchenkolar" ustidan jinoyat ishi ochish da’vosi qondirilmadi.

Yakuniy qaror

Istanbulning Baqirko‘y tumani jinoyat ishlari sudi qariyb 6 oy davom etgan mahkamani ​21 iyun kuni yakunladi.

2014 yilning 10 dekabrida Istanbulning Zaytunburni mavzesida nisbatan radikal qarashlari bilan ko‘zga tashlangan 39 yashar imom Mirzag‘olib Hamidov otib o‘ldirilgan edi.

Bu jinoyatda ayblangan ikki sudlanuvchi - asli chechenistonlik Turkiya fuqarosi Eldor Aslon va O‘zbekiston fuqarosi Sobir Shukurovlarga "og‘irlashtirilgan umrbod qamoq" jazosi berildi. Eldor Aslon qotillikni ijro etuvchi, Sobir Shukurov esa tashkil qiluvchi sifatida aybdor, deb topildi.

Turkiya qonunchiligiga binoan og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosi 30 yillik muddatga teng. 10 yildan oshiq qamoq jazosi berilgan hukmlar avtomatik tarzda 7 kundan so‘ng Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqiladi. Tomonlarga esa bu muddat ichida hukm ustidan shikoyat qilish imkoni beriladi.

Norozilar shikoyati

Mahkamada marhum Abdulloh Buxoriy huquqlarini himoya qilgan advokat Umar Yuzgulga ko‘ra, sudlanuvchilar ayblovni tan olmagan va hukm ustidan arz qilishini bildirgan.

Umar Yuzgulning himoyalanuvchilari esa ikkovlonga berilgan jazodan rozi ekani, ammo bu jinoyatni buyurtma qotillik, deb bilishi va uning buyurtmachilarini topish haqidagi so‘rovi rad etilganidan noroziligini bildirdi:

- Endi biz yana shikoyat kiritsak yoki politsiya birortasini ushlab, ko‘rsatma olsagina bu ishga qaytilishi mumkin. Lekin, politsiya ish bo‘yicha tergovni davom ettiradimi-yo‘qmi - buni ham bilmayman. Ya’ni, ularning nazarida bu ish bitdi. Menimcha esa bitmadi. Bu ikkisi o‘zboshimcha holda kelib, imom Buxoriyni otmadi-ku?! Bularga: "Borgin, Buxoriyni, Muhammad Solihni otgin!" deb buyurtma berganlar bor va ular ham jazolanishi kerak aslida, - deydi Umar Yuzgul.

Qondirilmagan da’vo

Abdullo Buxoriy ishi bo‘yicha mahkamaning 19 apreldagi protokolidan nusxa
Abdullo Buxoriy ishi bo‘yicha mahkamaning 19 apreldagi protokolidan nusxa

Baqirko‘y mahkamasining bundan avvalgi ikki majlisida ko‘rsatma bergan ikki guvohga ko‘ra, Sobir Shukurov hamda Eldor Aslonlarni O‘zbekiston maxsus xizmatlariga aloqador bo‘lgan Tigran Kaplanovdir.

Mahkama protokolida Tigran Kaplanov aloqadorligi iddao qilingan suiqasd rejasida yana 3 o‘zbek ismi borligi qayd etilgan.

Bular Turkiyadagi taniqli o‘zbekistonlik muxolifatchi Muhammad Solih va uning o‘g‘li Timur Solih, qirg‘izistonlik imom, hozirda qamoq jazosini o‘tayotgan Rashod qori Kamolovlardir.

Kaplanovga oid iddao

O‘zbekiston maxsus xizmatlariga aloqador ko‘rilgan Tigran Kaplanov nomi bunga qadar Shvetsiyadagi mahkamada tilga olingan.

Rossiya fuqarosi ko‘rilgan 37 yashar o‘zbek Tigran Kaplanovning (shuningdek, bu shaxs Umid Aminov nomi bilan tanilgan) Shvetsiyadan boshpana olgan o‘zbekistonlik imom Obid qori Nazarovni otgan Yuriy Jukovskiyni ham yollagani da’vo qilingan.

Shu yilning 4 martida Shvetsiyaning Ostershund shahar sudi asli o‘zbekistonlik ekani aytilayotgan Kaplanovni hibsga olishga order bergan.

Advokat Umar Yuzgul Kaplanov ustidan jinoyat ishi ochilishini talab qilib, bir necha bor Istanbul mahkamasiga murojaat qilganini aytmoqda:

- Men ham Tigran Kaplanovning jazolanishi, unga nisbatan jinoyat ishi ochilishi va jinoyatga aloqadorligi tekshirilishini so‘radim. Lekin sud qabul qilmadi, - deydi Yuzgul.

Mahkama muammosi

Umar Yuzgul shu kunga qadar Turkiyada Checheniston, O‘zbekiston va Tojikistondan borgan bir necha qochqin va siyosiy muxolifat vakillari buyurtma qotillik qurboni bo‘lganini eslatdi.

Yuzgulga ko‘ra, Turkiya politsiyasi qotillik ijrochilari va ayrim hollarda tashkilotchilarini ushlamoqda, jazolamoqda. Ammo, bu jinoyatlarning mamlakat tashqarisidagi buyurtmachilari bilan qiziqmayotir.

Darvoqe, Istanbulda 6 oy davom etgan mahkama davomida Abdulla Buxoriyga nisbatan suiqasd buyurtmachisi sifatida yana bir shaxs - Rossiya maxsus xizmatlariga aloqador ko‘rilgan va Turkiyadagi chechenlarga nisbatan ketma-ket suiqasdlar buyurtmachisi, ekani iddao qilingan Vasiliy Ivanchenko nomi tilga olindi.

Jumladan, 19 aprel kungi mahkama protokolida qayd etilishicha, o‘ldirilishi rejalangan 4 o‘zbek surati va manzili bitilgan faks Ivanchenko nomidan jo‘natilgan. Guvohlardan biri bu faksni unga aynan Sobir Shukurov berganini iddao qildi, ammo Shukurov buni rad etdi.

Mahkama bu shaxsning jinoyatga aloqadorligini tekshirish so‘rovini ham rad etgan.

Imom Abdulloh Buxoriy

Abdulloh Buxoriy 2011 yilning mart oyida Turkiyaga qo‘shni Suriyada Bashar Asad rejimiga qarshi isyonlar boshlanishi bilan rejimni qattiq qoralashi, unga qarshi jihod barcha musulmonlarga farz bo‘ldi, deb fatvo berishi ortidan jamoatchilik diqqatini tortgan edi.

U Suriyada jihod qilish o‘zbek musulmonlari uchun farz, deb ma’ruza qilgan birinchi o‘zbek imomi bo‘lgan. ​

Internetdagi ma’ruzalari asosida imomga radikal islomiy g‘oyalar targ‘iboti bilan shug‘ullangan dindor, deb baho berilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, marhum 2005 yilda Turkiyaga hijrat qilgan va imomlik qilishni boshlagan. So‘ngra uning Zaytunburnida sakkizta madrasa ochgani va Turkiya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston fuqarolari hamda ularning farzandlariga dars bergani aytilgan Imomning o‘z jamoasidagi dindorlarni Suriyaga yo‘llaganiga oid ayblovlar ham bor.

XS
SM
MD
LG