Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 07:36

Sirdaryolik 23 yashar oshiq yigit Volgogradda o‘z joniga qasd qildi


Volgograd viloyatida O‘zbekistondagi sevgilisidan ayrilgan sirdaryolik oshiq yigit o‘z joniga qasd qildi. Mahalliy tergovchilar 23 yoshida hayotdan ko‘z yumgan yigitning yaqinlarini qidirmoqda.

Rossiyaning Volgograd viloyati Kalach-na-Donu shahri yaqinidagi Prudboy qo‘rg‘onida o‘zbekistonlik ekani ma’lum bo‘lgan mehnat muhojiri jasadi topildi.

Volgograd viloyati Kalachyov tumani bo‘yicha Tergov qo‘mitasi tergovchisi Vasiliy Gluxov bu yigit shu yilning aprelida Rossiyaga kirib kelgani va ishga ruxsatnoma rasmiylashtirib, Prudboy qo‘rg‘onidagi fermer xo‘jaligiga podachi bo‘lib ishga kirganini gapirib berdi.

- Ma’lum bo‘lishicha, u patent asosida rasman ishlab yurgan. Yana bir o‘zbekistonlik yurtdoshi bilan navbatma-navbat fermada qoramol boqqan. Hech qanday muammosi bo‘lmagan. Ish beruvchisining so‘zlariga ko‘ra, bir oycha oldin O‘zbekistondagi yaxshi ko‘rgan qizi bilan janjallashib qolibdi. Telefon orqali u qiz bilan suhbat davomida jahl ustida hatto qo‘l telefonini yerga urib, sindirib ham tashlabdi. Ish beruvchi u bilan suhbatlashibdi, “Qo‘y, bitta qizni deb xafa bo‘lma!” degan gaplarni gapiribdi. Shundan keyin u Rossiyada yana bir necha yilga qolib ishlashga, biroz pul yig‘ishga rozi bo‘libdi, dedi Vasiliy Gluxov.

Nobud bo‘lgan yigitning tanishlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, go‘yo uning sevgan qizi boshqa odamni yaxshi ko‘rib qolganini aytgan, vaholanki ular yaqin orada turmush qurishga kelishib olgan bo‘lgan.

Shu voqeadan so‘ng yigit g‘amgin va kamgap bo‘lib qolgan: u hatto birga ishlayotgan hamyurtiga biror dardi yoki muammosi borligini bildirmagan.

20 iyun kuni o‘zbekistonlik muhojir sigirlarni dalaga olib ketgan, ammo tushlik paytida fermada paydo bo‘lmagan.

“Xavotir olgan ferma egasi uni qidirib dalaga chiqqan”, deya davom etadi Kalachyovlik tergovchi.

- Ish beruvchisi uni poda yurgan daladagi daraxtga osilgan holatda topgan. Hech qanday yozuv yoki biror tushuntirish qoldirmabdi. U Rossiyaga ikkinchi marotaba kelgan ekan, o‘tgan yili ham kelib ketgan. Hozir uning yaqinlari bu haqda xabar topmagan, chunki hech kim hozircha murojaat qilgani yo‘q, dedi o‘zbek muhojiri jasadi hozircha mahalliy ekspertizada ekanini bildirgan Tergov qo‘mitasi vakili.

Hodisa joyiga yetib kelgan tibbiyot xodimlari dordan olingan murda zo‘ravonlik alomatlarisiz holatda topilganini qayd etgani ma’lum. Tergovchilar o‘zbekistonlik cho‘pon ishi yuzasidan tergov ishlarini davom ettirmoqda.

Volgograd viloyat Tergov qo‘mitasida nobud bo‘lgan shaxsning ismi-sharifi ochiqlanmasligini bildirgan bo‘lsada, Ozodlik o‘z manbalaridan o‘zbek muhojirining ismi Islomjon Saidbekov ekani, u 1993 yilda Sirdaryo viloyati Boyovut tumani Bolg‘aliqishlog‘ida tavallud topganini aniqladi.

Islomjon Saidbekovni tanigan-bilganlar Volgograd viloyati Kalachyov tumani Tergov qo‘mitasiga quyidagi telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin: +7(84472) 3-73-98 , Kalach-na-Donu shahri, Parxomenko, 23 uy.

Islomjon Saidbekov yaqinlari bevosita Ozodlik tahririyatiga ham murojaat qilishlari mumkin.

Afsuski, Islomjon Rossiyada o‘z joniga qasd qilayotgan oshiqlardan yagonasi emas.

2015 yilning 14 iyulida Orenburgda politsiya xodimlari 20 yoshli O‘zbekiston fuqarosini 12 soat davom etgan muzokaradan keyin sud tomidan sakramaslikka ko‘ndirgan edi. Politsiyada o‘zbekistonlik bu yigit ham rad etilgan sevgi tufayli o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lganini tushuntirgan.

XS
SM
MD
LG