Линклар

2016 yil 22 iyun kuni O‘zbekiston va Xitoy prezidentlari Karimov va Si Szinpin​ Toshkentdan turib telemost orqali «Angren-Pop» elektrlashtirilgan temir yo‘li va mazkur ulkan loyiha doirasida qurilgan tunnelni ochdi. Ular mazkur temir yo‘l yo‘lda dastlabki harakatlanadigan bitta elektrovoz va 4 ta yo‘lovchi vagondan iborat «O‘zbekiston» poezdining «Qamchiq» temir yo‘l tunnelidan o‘tishiga ruxsat beruvchi svetoforni yoqish uchun maxsus tugmani bosdi.

Shundan so‘ng «China Railway Tunnel Group» kompaniyasi raisi Yuy Baolin va «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ochilboy Ramatov bu poezdda uzunligi 19,2 kilometrlik yer osti yo‘lini 16 daqiqayu 30 soniyada bosib o‘tdi.


Tunnel ochilishi arafasida esa Ozodlikka o‘zbekistonlik ishchilar xitoyliklardan 4-5 barobar kam haq olib ishlagani, xavfsizlik qoidalariga amal qilinmagani, ishchilar tibbiy himoyalanmagani haqida bir shikoyat kelib tushdi.

Tunnel iyulning oxirida ishga tushuriladi

O‘zbekistonda hukumat ahamiyati darajasidagi muhim inshootlardan biri hisoblangan va maxfiy ob’ekt tariqasida qo‘riqlanayotgan "Qamchiq" tunneli mutasaddilaridan biri sinov poezdi o‘tgach, aniqlangan ba’zi muxandislik va elektrlashtirish ishlari 28 iyulgacha tugashini aytdi:

"Hozir asosiy tunneldagi ishlar qariyb to‘liq bitdi, har kuni ishchi poezdlar o‘tayapti hozir. Asosiy tunelning yonidagi zahira tunneli ham bor. O‘shanda ozgina ish qolgan. U ham 28 iyulga qadar bitadi", dedi ismini oshkor qilmayotganimiz rasmiy.

Uning aytishicha, China Railway Tunnel Grour tomonidan yollanib, Xitoydan olib kelingan ishchilar yurtiga qaytarilmoqda, qolgan ishlarni, asosan, "O‘zbekiston temir yo‘llari" davlat aksiyadorlik jamiyati yollagan o‘zbekistonlik ishchilar yakunlamoqda.

Maxfiy ob’ekt

O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilliga arafasida "Qamchiq" tunneli uni bir necha bor tilga olgan prezident Karimovga muhtasham tuhfa o‘laroq hozirlanayotgani aytilmoqda.

"Qamchiq" tuneli poezdlar qatnaydigan asosiy va favqulodda holatlar uchun mo‘ljallangan yonlama yer osti yo‘lagi bor

"Qamchiq" tuneli poezdlar qatnaydigan asosiy va favqulodda holatlar uchun mo‘ljallangan yonlama yer osti yo‘lagi bor

Bu inshootda qariyb bir yilga yaqin beton qo‘ygan toshkentlik ishchilardan biri tunnelni o‘z vaqtida topshirish uchun o‘zbek mas’ullari jonini jabborga bergani, ammo bu g‘ayratning asosiy yuki o‘zbekistonlik ishchilar zimmasiga tushganini aytib, Ozodlikka shikoyat qildi.

E’tirof etish joiz, o‘ta maxfiy ob’ektga aylantirilgan va ma’lumotlar sir saqlangan "Qamchiq" tunneli qurilishi haqida tarqatilgan bir necha rasmiy bayonotdan tashqari, mustaqil manbalar yoki ishchilarga oid ma’lumotlar qariyb uchramaydi. Ozodlikka shikoyat qilgan ishchi ham o‘ta kuchli nazorat bois, shaxsiga oid barcha ma’lumotni sir saqlashni so‘radi.

Toshkentlik ishchidan shikoyat

Shikoyatga ko‘ra, qurilish jarayonida o‘zbekistonlik ishchilarni ishga yollash, ularning xavfsizligini ta’minlash, sog‘ligini muhofaza qilish va ish haqlarini berishda bir qator qonunbuzarliklar kuzatilgan:

- Birinchisi, oylik masalasi. Bizga 800 ming so‘mdan 1 million 375 ming so‘mgacha oylikka 12 soatdan 28 kun ishlaysizlar, deyishdi. Naqd pullik boshqa ish topolmaganimiz uchun, shu ishga kirdik. Qarasak, xitoylik ishchilar bilan bir xil ish qilayapmiz, lekin ularning tunnel tashqarisidagi farroshi 2 ming dollardan oylik olayapti. Bizga o‘xshab, tunnel ichida yurganlari esa 4 ming dollardan. Sababini so‘rasak, rozi bo‘lmasang, ketaver deyishdi. Iloj yo‘q, ishladik. Keyin eshitsak, katta odamlar o‘rtada kattagina pulni yeb yuborgan ekan, - deb iddao qildi quruvchi.

Ishchi, rasman aytilgani kabi, ularni "O‘zbekiston temir yo‘llarni" shirkati emas, balki Xitoyning China Railway Tunnel Grour shirkati yollaganini ham da’vo qildi:

Tuneldagi o‘zbek quruvchilariga Xitoy shirkati bergani iddao qilingan yagona hujjat

Tuneldagi o‘zbek quruvchilariga Xitoy shirkati bergani iddao qilingan yagona hujjat

- Borganimizda bizni bir o‘zbek yigit kutib oldi. Tushuntirdi. Lekin shartnoma xitoy tilida berildi, tushundimki, bizni xitoy shirkati ishga olayapti. Matnini tushunmasak ham imzoladik. Muhimi, bizga shartnoma nusxasi berilmadi. Umuman, bir yil ishlagan bo‘lsam, qo‘limga birorta jiddiy hujjat berilmadi. Ishga olinishim bo‘yicha ham, bo‘shaganim bo‘yicha ham, - deb iddao qildi ishchi.

U tilga olgan yana bir shikoyat ish sharotining og‘irligi va ishchilar xavfsizligi bilan bog‘liqdir:

- Men tunnelning 4-6 kilometri oralig‘ida beton quydim. ​Bu yerda tog‘ jinslarini yorish uchun bomba ishlatilardi. O‘zimizning Samarqandda chiqadigan 1 kilogramlik bombalar. Portlashdan oldin 400 metr nariga qochardik. Instruksiyaga ko‘ra, 2 soat o‘tkazib portlash joyiga qaytish mumkin. Qarasak, 15-20 minut o‘tmasdan ichkariga hayday boshlashdi. Achchiq tutun, 5 metrdan narisi ko‘rinmaydi. Ba’zi ishchilarda maska, ko‘zoynak yo‘q. Dahshat bo‘lardi. Aslida biz portlatmasligimiz kerak edi, lekin mutaxassis bo‘lmasak ham bizga qildirishdi, - deb iddao qildi ishchi.

Xasta ishchining uyiga ketishi uchun berilgan qo‘lbola hujjat

Xasta ishchining uyiga ketishi uchun berilgan qo‘lbola hujjat

Uning da’vosicha, bunday og‘ir sharoitda ishlaganlar orasida xavfsizlikka rioya qilinmagani uchun qo‘li yoki oyog‘i singan ishchilar bo‘lgan, ammo ularga yetarli tibbiy yordam ko‘rsatilmagan. U o‘ziga ham tibbiy yordam berilmagani, hatto, kasallik varaqasi rasmiylashtirilmaganini da’vo qildi:

- "Bolnichniy" yo‘q, ta’til yo‘q, shanba-yakshanba dam yo‘q. Men 4-5 oy o‘tgandayoq tushuna boshladim - o‘pka ketyapti, ko‘z xiralashayapti, ayniqsa, sochim to‘kila boshladi. Yana biroz chiday, chiday, deb ishlayverdim. Oxiri bo‘lmadi, 9 oy deganda doktorga borsam, sog‘liq umuman chatoq chiqdi. Oxiri, nogiron bo‘lib qolmay, deb yaqinda bo‘shadim keyin, - dedi ismini oshkor qilmayotganimiz ishchi.

U o‘zi kabi sog‘ligi og‘irlashgan, qo‘li singan, tosh bosib qolgan bir necha ishchi haqida ma’lumot berdi. Ammo, bu ishchilar o‘zlarining ahvoli va ish sharoiti haqida ma’lumot berishdan tiyildilar.

Rasmiylardan javob

Shikoyatni o‘rganish asnosida tunnel qurilishida ishlagan o‘zbekistonliklarning kattagina qismini 20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan va qurilish, ayniqsa, murakkab sanalgan tunnel qurilishi bo‘yicha mutaxassisligi yo‘q ishchilar tashkil qilgani ma’lum bo‘ldi.

Ishchilarni yollash bilan shug‘ullangan rasmiy shikoyatda tilga olingan muammolarni qisman tasdiqladi.

Jumladan, xitoyliklar 2 ming - 4 ming AQSh dollari, o‘zbekistonlik ishchilar esa 800 ming so‘mdan 1 million 375 ming so‘mga qadar oylik olganini tasdiqlagan rasmiy buning sabablarini izohlamadi:

"Xitoyliklar chet ellik bo‘lgani uchun ularga boshqacha oylik berilgan, tushunasiz buni. O‘zbekistonliklarning hammasiga bir xil oylik berildi. Lekin, ish aynan bir xil deyolmayman. Chunki, haydovchilar bor, burg‘ulovchilar bor, portlatuvchilar bor - bu ishlarda xitoylik mutaxassislar ishladi. Unaqa oddiy beton quyuvchilar jo‘natilmagan", deb inkor qildi rasmiy.

Tibbiy himoya va xavfsizlik qoidalariga oid shikoyatlarni esa tasdiqlamagan, ayni paytda inkor ham qilmagan rasmiy boshqa savollar bilan rahbariyatga murojaat qilishni tavsiya qildi.

O‘ta maxfiy ob’ekt sanalgan "Qamchiq" tunneli qurilish shtabi, Angren va Pop tumanlari hokimliklaridan inshoot haqida faqat "O‘zbekiston temir yo‘llari" shirkati rahbariyatiga murojaat qilish mumkinligi haqida javob olindi.

Tunelda burg‘ulash ishlarini yakunlagan xitoylik ishchilar

Tunelda burg‘ulash ishlarini yakunlagan xitoylik ishchilar

Shirkatning aynan Angren-Pop temir yo‘liga oid loyihalarini amalga oshirish bo‘limi rahbari, deb taqdim qilingan Saidakmal Saidmurodov idorasidan ham biror javob olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekistonlik ishchilarning xitoy shirkati tomonidan yollanganiga oid iddaolarga hozircha China Railway Tunnel Grour shirkatidan ham javob bo‘lmadi. Ozodlik shirkatga yo‘llangan yozma murojaatga javob kutmoqda.

Ammo, shirkatning qurilish loyihalari bo‘yicha menejeri Syao Chenьyuy mart oyida xitoy matbuotiga bergan intervьyusida ishchilar juda murakkab sharoitda ishlaganini qayd etgan va xususan, Xitoydan ming nafardan ortiq ishchi O‘zbekistonga olib borilganini tasdiqlagan.

"Qamchiq" tunneli qurilishi xitoy matbuotida ham keng yoritildi. Tunnelning ichi va tashqarisidan olingan videotasvirlar, mahalliy aholi munosabati va China Railway Tunnel Grour shirkati rasmiylari munosabatlari aks etgan bir necha lavha, jumladan, Xitoyning markaziy SSTV telekanalida namoyish etildi.

Quyida shu yilning mart oyida - tunnelda qazish ishlari yakunlangan paytda namoyish qilingan lavhalardan birini tomosha qilishingiz mumkin:

Dunyoda 13 o‘rindagi tunnel

2013 yilning yozida qurilishi boshlangan uzunligi 123 kilometrlik Angren-Pop temir yo‘lining 19 kilometri "Qamchiq" tunneli ichidan o‘tadi.

Dengiz sathidan 2 ming 200 metr balandlikda bo‘lgan "Qamchiq" dovonidan o‘tuvchi yer osti temir yo‘lining nafaqat O‘zbekiston, balki MDH mamlakatlarida yagona bo‘lishi aytilmoqda.

Tunel qurilish konstruktsiyasi murakkabligi bo‘yicha dunyoda 8-o‘rin, uzunligi bo‘yicha 13-o‘ringa qo‘yilgan.

Uning qurilishiga jami 455 million AQSh dollar ajratilgan. Buning 355 millionini Xitoyning "Eksimbank"i qarzga berdi. Bu boradagi kelishuv 2013 yilning 29 noyabrida Toshkentda Bosh vazir Shavkat Mirziyoev va Xitoy Bosh Vaziri Li Ketsyan o‘rtasida imzolangan.

Angren-Pop temir yo‘li qurilishining o‘zi esa 1,6 milliard dollarlik loyiha bo‘ldi va bu summaning 1 milliarddan sal oshig‘i "O‘zbekiston temir yo‘llari" shirkati, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot fondi hamda davlat byudjetidan ajratildi. 195 million dollarini esa Jahon banki berdi.

Ishga tushgach, bu tunneldan ilk yilda 600 mingga yaqin yo‘lovchi va 4 million 600 ming tonna yuk tashilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, temir yo‘l qatnovi avtomobil qatnovini qisqartirishi evaziga havoga chiqariladigan zararli gaz miqdori 200 ming tonnagacha qisqarishi aytilgan.

XS
SM
MD
LG