Линклар

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi fermerlar yangi tayinlangan zo‘ravon hokimdan dod demoqda. Ozodlikka murojaat qilgan fermerlarni iddaosicha, o‘n kun burun tumanga hokim etib tayinlangan Asror Boyqaroev yakshanba kuni majlis to‘plab, paxta dalasini o‘t bosgan fermerlarni kaltaklagan va haqorat qilgan. Ismi sir qolishini so‘ragan qarshilik fermerlardan biri Ozodlik bilan suhbatda hokim ikki nafar hamkasbini sudlovsiz yarim sutkaga qamab qo‘yganini aytdi.

“Yangi hokim ishni “dangasa fermerlar”ni urish, so‘kish va yarim sutkaga qamash bilan boshladi. Majlisda aytgan gapi hammasidan oshib tushdi. “Nafas olib turgan havomiz ham prezidentga tegishli” emish. Urish, so‘kish yetmaganday Rasulov Qavmiddin, Temirov Narzillo kabi fermerlarni aytganini bajarmagani uchun tuman militsiya bo‘limida yarim sutkaga qamab ham qo‘ydi”, - deb ma’lumot yo‘lladi Ozodlikka qarshilik fermer.

Ovozini yozib olmaslik sharti bilan gapirgan qarshilik boshqa fermer ham hokimning fermerlarni tahqirlaganini tasdiqladi.

“Do‘pposlab, tepkilab, bemaza gaplar bilan so‘kdi. Sud qarorisiz fermerlarni militsiya otdeli izolyatoriga qamab qo‘yadi. Meni o‘zim shuning guvohi bo‘ldim. Oldingi hokimimiz Jahongir aka buning oldida farishta bo‘lib qoldi,” - deydi fermer.

Yangi hokim yakshanba kuni ishini uddalay olmayotgan fermerlarni yig‘ib, ularga tanbeh berganini Qarshi tumani hokimiyati mulozimlaridan biri ham tasdiqladi.

“Intizomni talab qilayapti, ishni talab qilayapti. O‘shani uchun ham bu ularga yoqmayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin urgani yo‘q. Hozir qattiqqo‘l bo‘lmasa hammasi quyushqondan chiqib ketayapti-da. Mening o‘zim ham shu majlisda edim. Oldingi hokim davrida dangasalik qilib yurganlarga hozir yangi hokim qo‘yayotgan talablar yoqmayotgandir. Ularning erlarini borib ko‘rdik, yontoq bosib yotibdi, tartibga chaqirish uchun boshqa nima qilish kerak?”, - dedi hokimiyat mulozimi.

Ozodlik bu voqeaga munosabat olish uchun Qarshi tumani hokimligi bilan bog‘landi.

O‘zini hokim yordamchisi deb tanishtirgan mulozim Asror Boyqaroevning ish joyida yo‘qligini aytdi.

O‘zbekistonda hokim va amaldorlar tomonidan fermer hamda qo‘l ostida ishlovchi kadlarni tahqirlash va urish hollari tez-tez uchrab turadi.

Bu tahqirlashlar ortidan fermerlar orasida isnodga chiday olmay o‘zini osgan yoki yurak xurujidan vafot etganlari soni oshib bormoqda.

O‘tgan hafta Farg‘ona viloyati Furqat tumanida hokimdan ko‘pchilik oldida gap eshitgan 55 yoshli fermer Rauf Do‘stnazarovning yurak xurujidan o‘lgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

O‘tgan yili Andijon viloyati Izboskan tumanida fermerlik qilgan 29 yoshli Nodirbek Haydarov tuman hokimi va prokurori o‘tkazgan majlisdan chiqib, o‘zini osib qo‘ygan edi.

Mahalliy huquq faollari O‘zbekistonning boshqa viloyatlari qatori Qashqadaryoda ham hokimlar qo‘l ostidagi shaxslarni tahqirlash odatga kirganini aytadi.

"Hokimlar qo‘li ostidagilarni otasi qolmay, onasi qolmay so‘kishi, urishi, haqoratlashi, bu bizda oddiy hol. Bunday bedodlikka chek qo‘yish fermerlarning o‘z qo‘lida. Yo tayog‘ini eb yuraveradi, yoki vaqtida bu haqda shikoyat qiladi", - deydi qarshilik huquq faoli Gulshan Qoraeva.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov "xalq bilan suhbat"laridan birida hokimlar zo‘ravonligini qoralagan edi:

“Albatta¸ katta bir musht bilan boshqaradigan odam rahbar shaxs paydo bo‘lsa, shu tartib o‘rnatadigan gaplardan butunlay voz kechamiz endi, baraka topgurlar. Kuchli musht ko‘taradigan, zo‘ravonlik qiladigan o‘zining savlati bilan hammani qo‘rqitadigan odamlar endi bo‘lmaydi O‘zbekistonda!”, degan edi Islom Karimov.

Garchi O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov o‘z chiqishlarida mushtumzo‘r dambadam tanqid qilib tursa ham, bunday zo‘ravonliklar hamon davom etib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG