Линклар

Rossiyadagi GM Uzbekistan dileri hibsdagi sobiq direktorni himoya qilib chiqdi


“UzDEUavto-Voronej” xodimlari GM Uzbekistan sobiq rahbari Tohir Jalilov nohaq qamoqqa olinganini aytmoqda

“UzDEUavto-Voronej” xodimlari GM Uzbekistan sobiq rahbari Tohir Jalilov nohaq qamoqqa olinganini aytmoqda

GM Uzbekistanning Rossiyadagi dileri shirkat sobiq rahbari Tohir Jalilovni himoya qilib, O‘zbekiston prezidenti va boshqa mulozimlariga ochiq xat e’lon qildi. Unda Jalolov nohaq hibsga olingani ta’kidlanadi. Ayni paytda yarim-rasmiy gazeta.uz nashri GM Uzbekistan rahbariyati hibsga olinganini rad etib chiqdi.

GM Uzbekistan mashinalarini Rossiyada Ravon brendi ostida sotadigan “UzDEUavto-Voronej” distribyutor firmasi AQSh-O‘zbekiston qo‘shma korxonasining sobiq rahbari Tohir Jalilovni himoya qilib, O‘zbekiston prezidenti va boshqa mulozimlariga ochiq xat e’lon qildi.

Ozodlikka nusxasi yuborilgan va “UzDEUavto-Voronej” distribyuter firmasining 16 xodimi imzo chekkan xatda Tohir Jalilov nohaq qamoqqa olingani ta’kidlanadi. Shuningdek ochiq xat mualliflari O‘zbekiston huquq-tartibot idoralarini Tohir Jalilov obro‘yiga “ataylabdan yoki bilmasdan putur yetkazayotgani” va bu bilan O‘zbekiston avtomobilsozlik sohasiga “jiddiy ziyon yetkazayotganlik”da ayblaydi.Ayni paytda, O‘zbekistonda chiqadigan gazeta.uz nashri GM Uzbekistan shirkati rahbariyati hibsga olingani hamda Asakadagi avtozavod qisman to‘xtab qolgani to‘g‘risida Ozodlik bergan xabarlarga raddiya e’lon qildi.

Bir kun avval Ozodlik radiosi GM Uzbekistan shirkatiga yaqin bir biridan mustaqil manba’lariga tayangan holda GM Uzbekistan shirkatining sobiq bosh direktori Jalilov ortidan uning o‘rniga tayinlangan Rajabov ham hibsga olingani hamda korxona ishi qariyb to‘xtab qolgani to‘g‘risida xabar bergan edi.

22-23 iyun kunlari bu boradagi Ozodlik murojaatiga javoban GM Uzbekistan matbuot xizmati, bu xabarlarni na rad qildi va na tasdiqladi.

O‘zbekiston-AQSh korxonasiga nisbat berilayotgan raddiya GM Uzbekistan va O‘zavtosanoat rasmiy saytlarida e’lon qilingani yo‘q.

“DjiEm Uzbekistan” AJning ko‘plab xodimlari, jumladan shirkatning amaldagi rahbariyati va korxonaning turli xizmatlari xodimlari hibsga olingani to‘g‘risida Ozodlik tomonidan urchitilayotgan xabarlarni rasman rad etamiz”, deya iqtibos keltiradi Gazeta.uz nashri.

GM Uzbekistan shirkatiga nisbat berilayotgan bu bayonot gazeta.uz nashridan boshqa hech bir manba, jumladan O‘zbekiston-AQSh qo‘shma korxonasi va O‘zavtosanoat davlat shirkati rasmiy saytlarida e’lon qilinmagani e’tiborlidir.

“Ozodlik haqiqatga mos bo‘lmagan xabarlardan foydalanishdan jirkanmasligi afsuslidir”, deya ta’kidlangan bayonotni O‘zavtosanoat mutasaddilari izohlashdan bosh tortishdi.

Ozodlik bilan gaplashgan shirkat vakili mazkur raddiya GM Uzbekistan korxonasiga doirmi, yo‘qmi, degan savolga javob bera olmasligini bildirdi. Shu bilan birga Ozodlikning 22 iyun kungi xabarida keltirilgan GM Uzbekistan muvaqqat rahbari Rustam Rajabovning hibsga olingani to‘g‘risidagi ma’lumotni ham na inkor qildi va na tasdiqladi suhbatdosh.

GM Uzbekistan bosh direktori Tohir Jalilov doxil shirkatning ko‘plab xodimlari aprel oyining oxirida katta miqdordagi talon-torojda ayblanib hibsga olingani to‘g‘risida Ozodlik o‘z vaqtida xabar qilgan. O‘tgan oyda bu xabarlarni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi rasmiy nashri hisoblangan huquq gazetasida berilgan xabarlar ham tasdiqlagan edi.

Payshanba kuni Gazeta.uz nashrida paydo bo‘lgan raddiyada gap aynan qaysi rahbar to‘g‘risida ketayotgani aniqlashtirilmagan, ya’ni ismlar keltirilmagan.

Lekin aftidan, raddiya Ozodlik 22 iyun kuni bergan maqolaga munosabat sifatida chiqarilgan. Shu sababdan Ozodlik bu xabarni yetkazgan ikki manba bilan yana bog‘landi.

Manbalardan biri o‘zini Asakadagi avtozavodga yaqin ekanini iddao qilib, Rustam Rajabov hibsga olingani to‘g‘risidagi avvalgi iddaolarini yana bir bor tasdiqladi, lekin bu hodisa sanasiga tuzatish kiritdi.

Uning iddao qililishicha, gap Mavridali laqabi bilan tanilgan Rustam Rajabov haqida ketmoqda. “Uni 21 may shanba kuni eksportga aloqadorligi, zavodda namozxona tashkil qilganligi uchun hibsga olingani haqida yetakchi xodim ma’lum qildi”, deya iddaosini takrorladi Ozodlik manbasi.

Ozodlikning ikkinchi manbasi ham avvalgi iddaolaridan tonmasligini bildirdi. O‘zini hokimiyat ichidagi mamlakat xavfsizlik idoralariga muxolif guruhga doir ekanini iddao qiluvchi bu manba “qamoqqa olinganlar hamon qamoqda. Tohir Jalilov va boshqalar ustidan tergov davom etmoqda. Hamma bir-birini tortib ketyapti. Shulardan biri o‘tgan oyda hibsga olingan Rustam Rajabovdir”, deya idda qildi manba.

Ozodlikning 22 iyun kungi maqolasida Asakadagi zavod konveyerlari to‘xtab qolgani to‘g‘risidagi manbalar xabarlari ham keltirilgan edi. GM Uzbekistan shirkatiga nisbat berilgan bayonotda bu xabar ham rad etilgan.

Ozodlik manbalari 23 iyun kuni bu xabarlarni yana bir bor tasdiqlashdi.

XS
SM
MD
LG