Линклар

logo-print

Havaskor shoira Alla Pugachyovaga yozgan she’rlarini uning o‘ziga topshirmoqchi


Andijonlik Muqaddas Azizova Novosibirskda ishlab topgan puliga Pugachyovaga atab she’riy to‘plam chop etdi.

Andijonlik Muqaddas Azizova Novosibirskda ishlab topgan puliga Pugachyovaga atab she’riy to‘plam chop etdi.

Rossiyaning Novosibirsk viloyatidan Ozodlik tahririyatiga murojaat qilgan o‘zbekistonlik muhojir ayol taniqli rus qo‘shiqchisi Alla Pugachyovaga bag‘ishlab yozgan she’riy to‘plamini xonandaga etkazishda ko‘maklashishni so‘radi. Andijonlik Muqaddas Azizova sevimli xonandasiga atab yozilgan "Rossiya yulduzi" kitobni muhojiratda halol mehnati evaziga topgan pulga chop etganini gapirib berdi.

Andijonlik Muqaddas Azizova ancha yillardan beri Sibir poytaxti sanalmish Novosibirskda muhojiratda yashaydi.

Ozodlikka murojaat qilgan o‘zbekistonlik bu ayol sevimli rus xonandasi Alla Borisovna Pugachyovaga atab o‘zbek tilida "Rossiya yulduzi" she’riy to‘plamini chop etganini gapirib berdi.

U o‘z puliga chop etgan bu kitobni Pugachyova xonimga hadya qilish orzusida yurganini tahririyatga yuborgan videomurojaatda bildirdi:

- Men Azizova Muqaddas Alla Pugachyovaning o‘zbekistonlik muxlisi bo‘laman. U ayolga bo‘lgan muhabbatim va dil so‘zlarimni shu kitob orqali izhor etaman.

Agar Pushkin tirik bo‘lganda balkim,

U ham senga atab she’rlar yozardi,

Sen kuylagan har bir qo‘shiqni

Qarsak chalib olqish etardi...

Shu yozgan kitobimni Alla Pugachyova olib o‘qishini juda-juda ham, yuragimdan istardim, dedi videodagi murojaatida Muqaddasxon.

Ma’lum bo‘lishicha, Pugachyovaga bag‘ishlab bitilgan to‘plamni Muqaddas farroshlik qilib topgan mablag‘lari evaziga chop etgan. Muhojir ayol jurnalist bo‘lishni orzu qilib, O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtiga ikki yil topshirib qira olmagani¸ keyinchalik kooperativ bilim yurtini tugallaganini aytadi.

Hozirda bir farzandni tarbiyalayotgan Muqaddas Azizova o‘n yildan buyon Rossiyaga qatnab ishlamoqda.

Ozodlik bilan suhbatda Alla Pugachyovaning ko‘p yillik ashaddiy shinavandasi ekanini aytgan bu ayol “she’rlarni rus tiliga o‘girishga ham urinib ko‘rdim, biroq aldanib qoldim”, deydi.

- Bu yoqqa kelib necha yillar davomida to‘plab, kitob yozuvdim. Men jiyanim yordamida sizlarga murojaat qilayapman. Bu kitobni biz otdelka qilib, bor pulimizga – to‘rt yil bo‘layapti – kitob qildirgan edik. Bir-ikkitasi “Yordam beramiz!”, deb aldashdi. Pulni olib, kitob ham qolib ketdi. Yordam bersalaringiz – shu ayolning qo‘liga tegsa kitob, degan edik-da. Unda o‘zbek tilida yozilgan she’rlar. Hammasi shu ayolga bag‘ishlab yozilgan. Kitobni chiroyli qilib, qimmat qilib chiqartirganmiz. Keyin uni rus tiliga tarjima qilamiz deganimizda noto‘g‘ri qilib qo‘yishdi. Shu uchun aytyapmiz – nima qilsak ekan, buni o‘zbek tilida bersak bo‘ladimi? Men oltinchi sinfdan uning muxlisasiman! Sizdan juda minnatdor bo‘lardim, dedi Muqaddas.

XS
SM
MD
LG