Линклар

Britaniyalik saylovchilar Yevropa Ittifoqidan chiqish uchun ovoz berdi


Devid Kemeron referendum natijalari ortidan Bosh vazir lavozimidan iste’fo berishini bildirdi.

Devid Kemeron referendum natijalari ortidan Bosh vazir lavozimidan iste’fo berishini bildirdi.

Birlashgan Qirollik Saylov komissiyasi 24 iyun kuni rasman saylovchilar Yevropa Ittifoqini tark etish uchun ovoz berganini ma’lum qildi. Yevropa Ittifoqida qolish yoki qolmaslik masalasida payshanba kuni o‘tkazilgan referendumda ovoz berganlarning 52 foizi Yevropa Ittifoqidan chiqish, 48 foizi mazkur ittifoqda qolish uchun ovoz bergan.

Yevropa Ittifoqidan chiqish uchun ovoz bergan britaniyaliklar soni ittifoqda qolish uchun ovoz berganlarga nisbatan 1,27 millionga ko‘p bo‘ldi. Jami mazkur referendumda ovoz berish uchun 46,5 million saylovchi ro‘yxatdan o‘tgan edi. Bu esa Britaniya tarixidagi rekord ko‘rsatkichdir.

Yevropa kengashi raisi Donald Tusk Britaniya ittifoqni tark etganidan so‘ng qolgan a’zolar “27 davlat birligini saqlab qolish niyatida” ekanini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi liderlari keyingi haftada Britaniya ishtirokisiz sammitga yig‘iladi va “ittifoqning kelajagi masalasini keng qamroqli ravishda muhokama qila boshlaydi”.

Referendum arafasida Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeron saylovchilarni Yevropa Ittifoqida qolish uchun ovoz berishga chaqirgan edi. Kemeron 21 iyun kuni televideniya orqali qilgan murojaatida Yevropa Ittifoqidan chiqish Britaniya iqtisodiga va milliy xavfsizligiga tahdid solishidan ogohlantirgan. Unga ko‘ra, Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqsa, aholining ish bilan bandligi ozayadi, narxlar ko‘tariladi, ittifoqchilar soni kamayadi.

Referendum natijalari e’lon qilinganidan so‘ng Kemeronning yordamchisi Royter agentligiga “ovoz berish natijalari Britaniyani noma’lum makonga eltib tashladi”, deb bayonot berdi.

Britaniya tashqi ishlar vaziri Filip Xammond esa referendum natijalari Shotlandiya Birlashgan Qirollikdan mustaqil bo‘lishi kerakmi, degan bahslar yana qayta boshlanishiga turtki bo‘lishi mumkinligidan tashvish bildirdi. Chunki Shotlandiyada va Shimoliy Irlandiyada ovoz berganlarning asosiy qismi Yevropa Ittifoqida qolish tarafdorlari bo‘lgan.

Ovoz berish natijalari e’lon qilingach, Shotlandiyaning sobiq Birinchi ministri Aleks Salmond Bosh vazir Kemeronni iste’fo berishga chaqirdi.

Kemeron mansub Konservatorlar partiyasi2015 yildagi saylov oldidan Yevropa Ittifoqi masalasida referendum o‘tkazishni va’da qilgandi. Bosh vazir Devid Kemeron esa bu kabi referendum o‘tkazish haqida 2013 yildayoq e’lon qilgan.

Referendum natijalari Britaniyaning ertagayoq ittifoq tarkibidan chiqishin anglatmaydi. Britaniya yana ikki yil davomida Yevropa Ittifoqi a’zosi bo‘lib qolaveradi. Bi-bi-si radiosining bildirishicha, “buning ortidan ikki yildan ko‘proqqa cho‘ziladigan muzokaralar jarayoni boshlanadi”.

XS
SM
MD
LG