Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:29

Tavba qilgan poraxo‘r GAI xodimi, kechikayotgan “tez yordam”, pochtachilardan shikoyat


Poraxo‘r “GAI” xodimining farzandi avtohalokatga uchradi. Tez tibbiy yordam xizmati 158 ming chaqiruvga kechikib borgan. Jarqo‘rg‘onlik obunachilar pochta idorasi xizmatidan norozi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

Haydovchilardan pora olishga mukkasidan ketgan “GAI” xodimining farzandi avtohalokatga uchradi

Ko‘p yillar yo‘l patrul xizmati tizimida ishlab, pora olishga odatlanib qolgan Aziz Turdievning iqrornomasi chop etildi (“Darakchi”, 23 iyun). “Shayton yo‘ldan urdimi, nafsim ustunlik qildimi, ishqilib, yo‘l qoidasini buzgan haydovchilardan pul tama qilish odatini chiqardim. Borgan sari haydovchilardan ko‘proq pul oladigan bo‘ldim. Atrofdagilarga past nazar bilan qaraydigan, uncha-muncha narsani pisand qilmaydigan bo‘la boshladim” deb yozadi sobiq yo‘l noziri A.Turdiev. Uning pushaymon bo‘lib tavba qilishiga o‘g‘lining avtohalokatga uchrab, nogiron bo‘lib qolgani sabab bo‘lgan. Tafsilotlarga qaraganda, A.Turdiev mast holda mashina boshqarib ketayotgan haydovchidan 200 ming so‘m pora olib uni qo‘yib yuborgan. Oradan bir necha soat o‘tib, ayni o‘sha haydovchi uning o‘g‘lini urib yuborgan. Qayd etilishicha, qoidabuzar haydovchiga qonun doirasida chora ko‘rilgan. A.Turdievning o‘zi esa ichki ishlar tizimidan ketgani xabar qilingan.

Tez tibbiy yordam xizmati 158 ming chaqiruvga kechikib borgan

Respublika bosh prokuraturasi o‘tkazgan tekshiruvlarda tez tibbiy yordam xizmati vakillari vazifasiga loqaydlik bilan yondashgani aniqlandi (“Huquq”, 23 iyun). Mamlakat bo‘yicha 2014 yilda 182 mingdan oshiq, 2015 yilda 158 mingdan oshiq, joriy yilning birinchi choragida 54 mingdan ortiq chaqiruvlar belgilangan muddatdan kech amalga oshirilgan. Bundan tashqari, tizimni malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, kadrlar tanlash va tarbiyalash sohasida ham qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Ayrim muassasalarda esa sanitariya-epedemiologiya talablari buzilgan. Masalan, Namangan, Qashqadaryo va Surxondaryoda dezinfeksiya vositalari yetarli bo‘lmasa, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent viloyati va shaharlarida sterilizatsiya-dezinfeksiyalash ishlari lozim darajada olib borilmagan. Tekshiruvlar yakuniga ko‘ra, 15 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 897 nafar mansabdor shaxs intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortilgan.

Pochta idorasi obunachilarga gazeta-jurnallarni vaqtida yetkazmayapti

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Jamila Ergasheva oltita jurnal hamda gazetaga obuna bo‘lgani, ammo nashrlar pochta tomonidan vaqtida yetkazilmayotganidan arz qildi (“Hurriyat”, 22 iyun). “Obuna bo‘lgan paytimda xuddi qo‘sh-qo‘sh poshshoyi ko‘ylak olgandek suyundim desangiz. Afsuski, quvonchim uzoqqa cho‘zilmadi”, deb yozadi u. Jarqo‘rg‘on tumani pochta idorasi obunachiga gazeta-jurnallarni muttasil kechikib etkazadi, ba’zi sonlarni esa umuman yetkazmaydi. J.Ergasheva pochta rahbariga qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilib, u bilan suhbatlashmoqchi bo‘lganida kotiba rahbar “dalada, g‘allada” deb javob bergan. “Vazifasi gazeta va jurnallarni obunachilarga vaqtida etkazib berish bo‘lgan pochta xizmati xodimlariga: “Siz xizmat burchingizni o‘z vaqtida bajarmay nima qilib yuribsiz?” degim keladi”, deya mutasaddilarni savolga tutadi obunachi.

XS
SM
MD
LG