Линклар

logo-print

Bir yigitga qirq hunar oz deydilar. Hunarli odam kam bo‘lmaydi-da. Ana shundan kelib chiqib qarasak, Andijon viloyatining maktab o‘qituvchilar jamoasi yaqinda, yana ham aniqrog‘i 2016 yilning may oyida o‘z kasblariga yana bitta hunar qo‘shib olibdilar – kimsan, futbol xomiyligi. Qoyil qolmay iloj yo‘q.

Shu kungacha O‘zbekistonda barcha maktab o‘qituvchilarining bir qancha kasb-hunarlari borligini bilar edik, jumladan, g‘allakor, paxtakor, sabzavotkor, pilla mirishkor, usta-duradgor, shpakilovkachi degan.

Shuningdek, biror bir rahbar yo‘ldan o‘tar bo‘lsa, o‘sha ko‘chani tozalagan, supirib-sudirgan hamda gul ko‘chat ekkan ham shu qora qul o‘qituvchi hisoblanadi. Lekin dunyo ahli hali bunaqasini ko‘rmagan bo‘lsa kerak.

Qizig‘i shundaki, andijonlik pedagoglar shaharning «Andijon» futbol klubini oliy ligada saqlab qolish uchun uning bir yillik o‘z uyida o‘ynaydigan o‘yinlarining chiptalarini ko‘tarasiga sotib olibdi-ya!

Natijada viloyatdagi har bir o‘rta ta’lim muasssasiga 100 000 (yuz ming) so‘mlik chiptaga mablag‘ o‘tkazish to‘g‘ri kelibdi, xolos. Bo‘lar ekan-ku!

Ko‘pdan quyon qochib qutilmas, deydi donolar. Baraka topkur o‘qituvchilar nima qilsalar ham «yaxshigina tashabbus» bilan chiqibdilar.

So‘ng so‘z o‘rnida shu erda beixtiyor xudo rahmat qilgur qiziqchi Hojiboy Tojiboevning bir askiyasi yodga tushadi:

"Chiqar ko‘chaga padariga la’nat bu o‘qituvchini! O‘rniga traktorchini olib kir!"

Gapning po‘st kallasi shuki, buni eshitganlar nima ham der edi:

- Nimalarni o‘ylab topmaydi-ya, bu o‘qituvchi zoti. He, o‘l, tashabbus qilmay! Qo‘lingdan kelgan ishni qilsang bo‘lmaydimi:

- Xo‘jalik rahbari o‘z ishini qiladi, quruvchi – o‘z ishini! Dehqon ham o‘z ishini o‘zi eplaydi, ziyolining ham o‘z burchi va o‘z yumushi bor. Xulosa shuki, ishni bilib qilayotgan odamlarga xalaqit bermaslik kerak.(Prezident Islom Karimov: -Rahbar kadrlar to‘g‘risida. «Tafakkur» nashriyoti. Toshkent-2014. 39-bet).

Izoh: Chindanda, yuqoridagi holat keksa hamda o‘rta bo‘g‘in avlodlariga sovetlar davrining so‘nggi yillarini yodga solib yubormoqda.

O‘shanda dunyo siyosiy sahnasidan asta-sekin so‘nib borayotgan kommunistik davlat hali talabalardan, hali bu toifa vakillaridan teatr tamoshalariga majburiy chipta sotish bilan zo‘rg‘a kun ko‘rgan edi.

Bugun esa xuddi o‘shanday holat Andijonda yuz bermoqda. Bechora maktab o‘qituvchisining ko‘rmagan kuni qolmayapti. Shundoq ham mahalliy hokimiyat respublikada joriy qilingan Mehnat kodeksi normalariga rioya qilmasdan o‘qituvchi zotini qullardek ekspluatatsiya qilib kelayotganligi etmaganidek, oliy ligada bazo‘r o‘yin ko‘rsatayotgan «Andijon» FKning birov olmaydigan chiptalarini qaysidir bilag‘on amaldorning tashabbus-tazyiqi bilan qo‘ydek yuvosh o‘qituvchilar jamoasiga uyalmay, aksincha, surbetlarcha pullab yuborishibdi.

Bunaqangi holat hali futbol tarixida yuz bermagan. Uni Ginnesning rekordlar kitobiga muhrlash kerak.

Bu yog‘i rostdan ham Anjanchasiga bo‘lib ketdi. Mana shundan keyin ham «Andijon» FK o‘qituvchi-muxlislar istaganidek yaxshi o‘yin ko‘rsatmasa, uni o‘yingohi bilan qo‘shib butunlay ko‘mib yuborish kerak, xolos! Boshqa chora esa yo‘q!

Musajon Bobojon

XS
SM
MD
LG