Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:29

Ahmadboy piramidasi qulatildi, lekin To‘xtasinboyniki ishlayapti


Toshkent viloyati Chinoz tumanida moliyaviy piramida tuzgan Ahmadboy Tursunboev mol mulki xatlanib, o‘zi hibsda qolayotgan bir paytda tumanda boshqa moliyaviy piramidalar faoliyati davom etayotgani aytilmoqda. Chinozda kattaligi jihatdan Ahmadboynikidan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi va aholi orasida To‘xtasinboy nomi bilan tanilgan tadbirkor aholidan pul oldi-berdi qilishda davom etmoqda.

Bu haqda To‘xtasinboy piramidasiga pul tikkan chinozliklardan biri Ozodlikka shularni aytdi:

- To‘xtasin, Bahodir, Jalol, Rasul deganlari (bu shaxslarning to‘liq ismi Ozodlikka ma’lum emas) ishlayapti, pul tarqatib, boshqa qilyapti. Norozi bo‘lganlarni pulini tannarxini qaytarib beryapti. Bir oy oldin 4 million so‘m topshirgan bo‘lsa, 3 million 200 ming qilib qaytarib beryapti. O‘yindan chiqqani uchun 20 foiz ustamasini olib qolyapti. O‘yinni davom ettiradigan bo‘lsa 4 million so‘mni, bir yilda 100 foizga kelishgan bo‘lsa shu pulni 8 million qilib oyma-oy bo‘lib olardi, - deya iddao qiladi chinozliklardan biri.

Ozodlikka gapirgan boshqa chinozlik esa Ahmadboy hibsga olinganidan so‘ng hamma qo‘rqib qolgani, To‘xtasin, Bahodir, Jalollardan pullarini ko‘pchilik qaytarib olayotganini aytadi:

-To‘g‘ri, To‘xtasinniki ishlayapti. Lekin, ko‘pchilik pulini qaytarib olyapti. foizga yutqizsa ham qaytarib olyapti. O‘yinni davom ettirayotganlar ham bor, lekin ko‘pchilik qaytarib olyapti, - dedi chinozlik tadbirkor.

Aholidan yiliga kamida 100 foizlik dividend va’dasi bilan milliy va chet el valyutalarini olish bilan shug‘ullanib kelgan Ahmad Tursunboev va uning uch sherigi o‘tgan hafta hibsga olingan, bir necha millionlik moliyaviy mablag‘i olib qo‘yilgan edi.

Agar bu amal jinoyat bo‘lsa, nega boshqa “boy”larga tegishmayapti?

Ozodlikka murojaat etgan chinozliklardan biri shu savol ularni o‘ylantirayotganini aytadi:

- Nega Ahmadboy, Nuriddinboylarni ushlashdi, To‘xtasinboy, Bahodirboylarga tegishmadi. Hammasi bir ishni qilyaptiku? Bugun ham ishlashyapti, pul tarqatishyapti, pul olishyapti. Agar bu amal jinoyat bo‘lsa, hammasini ushlashsin, nega boshqa “boy”larga tegishmayapti, - deydi Ahmadboy moliyaviy piramidasiga pul tikkan chinozliklardan biri.

Ahmadjon Tursunboev moliyaviy piramida faoliyati bilan 4 yildan beri shug‘ullanib kelgani va ayrim tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, hukumatdagi yuqori lavozimli mulozimlar uni dastaklab kelgan.

Uning asosiy mijozlari shou biznesi yulduzlaridan tortib ichki ishlar boshqarmalarining mansabdorlari bo‘lishgani aytiladi.

- Chinoz Ichki ishlar boshqarmasidagi amaldorlardan tortib hukumatni eng tepasidagilar ham Ahmadboy bilan hamkorlikda ishlagan. Shou biznesidagi ko‘zga ko‘ringan qo‘shiqchilar, qiziqchilar uning asosiy mijozlari bo‘lishganini ham bilamiz, - deya iddao qiladi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan chinozlik tadbirkorlardan biri.

Lekin, bu iddaolarni tasdiqlash imkonsiz.

Hozirda Ahmadboy Tursunboev va uning uch sherigi Toshkent viloyatidagi vaqtinchalik tergov izolyatorlarning birida ushlab turilayotgani aytilyapti.

Kreditorlarning mulkiga nima bo‘lishi haqida hukumat aholiga aniq ma’lumot bermayapti.

XS
SM
MD
LG