Линклар

Andijondagi "Vodiy Sadosi" ("Vodiy Sadosi YoTRK") yoshlar teleradiokompaniyasi rahbariyati O‘zbekiston miqyosida yangi televidenie ochishga qaror qilishi ortidan bu televideniening ko‘plab xodimlari ishdan bo‘shatilgan. Ozodlik suhbatlashgan mahalliy jurnalistlarga ko‘ra, televidenie xodimlari o‘z kasbiy faoliyatlarini davom ettira olmasliklaridan xavotirga tushganlar. Teleradiokompaniya rahbariyati mart oyida O‘zbekiston miqyosida yangi televidenie ochayotganini e’lon qilgandi.

Ozodlikka bu haqda ma’lum qilgan mahalliy jurnalistlardan birining aytishicha, aprel oyi oxirida televideniening Andijondagi o‘ndan ziyod xodimidan "ishdan bo‘shash to‘g‘risida ixtiyoriy-majburiy" ariza yozib olingan:

"Aprel oyi oxirlarida televidenieda ishlaydigan xodimlarning aksaridan ishdan o‘z ixtiyori bilan bo‘shashi to‘g‘risida ariza yozib olingan. Ularga televidenie o‘z faoliyatini Toshkentda davom ettiradi, deyishgan. Ish qayta tiklansa, yana olamiz, deyishgan. Mana ikki oy bo‘layapti televidenieda ishlagan o‘ndan ziyod jurnalist va texnik xodim bekor yuripti," dedi Ozodlik suhbatlashgan andijonlik jurnalist.

Bu xabarni televidenie sobiq xodimlari tasdiqladi.

Andijonlik jurnalistning bildirishicha, televidenieda ishlaganlar "tushkunlikka tushib qolishgan":

"Biz bu televideniening tamal toshini qo‘yganmiz. Endi kerak bo‘lmay qoldik. Shu ishlarni Andijonda qilishsa ham bo‘lardi-ku. Bu televidenieni judayam yaxshi ko‘rardik. Hamkasblar judayam tushkunlikka tushib qolishgan," dedi televidenieda ishlagan jurnalistlardan biri.

Shu yil mart oyida "Vodiy Sadosi YoTRK" rahbariyati "Zo‘r TV" nomli yoshlarga mo‘ljallangan yangi telekanal ochishga qaror qilgandi.

Butun O‘zbekistonni qamrab olishga qaratilgan yangi televidenie "Vodiy Sadosi YoTRK" o‘rnini egallashi aytildi.

"Vodiy Sadosi YoTRK" ko‘rsatuvlari qariyb chorak asrdan buyon uch mamlakat - O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonning Farg‘ona vodiysidagi hududlariga uzatilardi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, ikki to‘lqinda uzatilgan "Vodiy Sadosi" yoshlar telekanali Farg‘ona vodiysidagi nodavlat telekanallar orasida eng ko‘p tomoshabinga ega bo‘lgan.

Televidenie xodimlaridan biri ularning ko‘rsatuvlarini 2010 yilda o‘n millionga yaqin odam tomosha qilganini aytdi.

Asosan yoshlarga mo‘ljallangan va musiqiy yo‘nalishda bo‘lgan "Vodiy Sadosi" yoshlar telekanali 2015 yil yanvarida o‘z efirini ​o‘sha payt ish boshlagan MY5 ("Mening yurtim 5") telekanaliga bo‘shatib berdi.

Keyinchalik ikkinchi to‘lqindagi "Vodiy Sadosi" o‘rnini Uzreport kanali egalladi.

MY5 telekanali sobiq NTT va TV-Markaz bazasida ochilgani iddao qilinadi.

Bu o‘zgarishlar ortidan ​yigirmadan ortiq mahalliy jurnalist va texnik xodim ishsiz qoldi.

"Vodiy Sadosi" yoshlar televideniesi xodimiga ko‘ra, bu yangilik Ozodlikda yoritilishi ortidan televidenie xodimlarining aksari o‘z ishiga qayta tiklangan edi.

Ammo, uning ilova qilishicha, bu gal ishsiz qolgan jurnalist va texnik xodimlar orasida o‘tgan yil ishdan bo‘shatilgan xodimlar yana bor.

Aprel oyi oxirida ishdan bo‘shatilgan jurnalistlarga "Vodiy Sadosi" ma’muriyati na moliyaviy va na ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlagan.

Ozodlik ayni holat yuzasidan "Vodiy sadosi" YoTRK rahbariyatidan hozircha izoh ololmadi.

XS
SM
MD
LG