Линклар

logo-print

Qirg‘iziston Rossiyaning Issiqko‘lda yangi torpedolarni sinayotganidan bexabar


"Futlyar" torpedosi - Rossiya harbiy sanoatining yangi mahsuloti.

"Futlyar" torpedosi - Rossiya harbiy sanoatining yangi mahsuloti.

Rossiya axborot vositalarining xabar berishicha, Rossiya harbiy-dengiz floti "Futlyar" nomli yangi turdagi suv osti torpedolarini Issiqko‘lda sinovdan o‘tkazmoqda. Bu tur torpedolar joriy yil oxirida Rossiya qurolli kuchlari safiga olinishi kutilmoqda.

Issiqko‘lda Rossiya torpedolarining sinovdan o‘tkazilayotgani to‘g‘risidagi ma’lumot qirg‘iz tomonini hayratga soldi.

Qirg‘iziston Qurolli kuchlari Bosh shtabi so‘zchisi Mayrambek Musievning aytishicha, Rossiya sinov o‘tkazish uchun Qirg‘iziston hukumatidan ruxsat so‘ramagan:

"Davlatlararo kelishuvga muvofiq, bizda Rossiya bazasi bor. Agarda ular sinov o‘tkazsa, bu haqda bizga ma’lumot berishlari shart. Bizdan ruxsat olishganidan keyin sinov o‘tkazishadi. Biz ularga "Nima uchun Rossiya internet portalida shunday bo‘ldi, deb ma’lumot tarqatildi? Kelishuvga muvofiq, siz bizni bu haqda xabardor qilishingiz zarur va ruxsat olgandan keyingina sinov o‘tkazisha olasiz", deb rasman so‘rov yubordik. Ular javob qaytargach, biz bu javobni rasman e’lon qilamiz," - deydi Mayrambek Musiev.

Issiqko‘lning Qorako‘l shahriga yaqin yerdagi kenglikda Rossiyaning torpedolarni sinash bazasi joylashgan.

Biroq, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda ko‘pdan beri sinovlar olib borilmaydi.

Qirg‘izistondagi Rossiya elchixonasi harbiy attashesi Issiqko‘lda yangi turdagi torpedo sinovdan o‘tkazilayotgani haqidagi xabar yuzasidan izoh bermadi.

Harbiy attashe katta yordamchisi Vyacheslav Kosov Rossiya axborot agentliklari bergan ma’lumotni tasdiqlagani ham, inkor etgani ham yo‘q.

Qirg‘izistonda ayrim jamoatchilik vakillari Issiqko‘lda harbiy sinovlar o‘tkazilayotgani haqidagi xabarlarni xavotir bilan qarshi olishdi. Jamoatchilik faoli Azamat Akeleev Issiqko‘l tabiatining qo‘riqlash zarurligini aytadi.

"Issiqko‘lning asosiy boyligi - tabiatining go‘zalligi va tozaligi. Bizga Xudo bergan eng qimmatli ne’matimiz bo‘lgan Issiqko‘lda bunday sinovlarning o‘tkazilishi iqtisodimizga ham, obro‘-e’tiborimizga ham salbiy ta’sirini ko‘rsatmay qo‘ymaydi. Shu sababli buni darhol to‘xtatishimiz, cheklashimiz kerak. Issiqko‘l daxlsiz hududga aylanishi shart," - deydi Azamat Akeleev.

Ekologlarga ko‘ra, ko‘l tubida torpedolarning sinovdan o‘tkazilishi suvdagi tirik mavjudotlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Sovet davrida Issiqko‘lda torpedolarning sinalishi va uning zarari jamoatchilikdan sir tutilgan.

Torpedalarni sinash odatda suvi toza, tubi keng va uzun masofaga ega bo‘lgan ko‘llarda olib borilgan.

Shu sababli SSSR davrida bunday sinovlar uchun Issiqko‘l eng qulay joy deb bilingan.

Biroq Issiqko‘l viloyatining sobiq gubernatori Emilbek Kaptagaevning ishonishicha, torpedolar sinovi suv va atrof muhitga zarar bermaydi:

"Issiqko‘lda azaldan torpedolarning suvda suzish imkoniyati sinaladi xolos. Bizga portlovchi qismi umuman olib kelinmaydi. Suv ostida 12 kilometr kenglikda qo‘yib yuborishadi va suzgan parametrlarini hisoblab, quvvatini aniqlab, uni qayta olib ketishadi. Bu yerda ziyoni to‘g‘risida hech qanday xavotir yo‘q. Rossiyada Issiqko‘ldagiday shakllangan baza yo‘qligi uchun shuning azaldan yangi chiqarilayotgan tarpedalarning barchasini Issiqko‘lda sinashadi," deydi Emilbek Kaptagaev.

"Futlyar" torpedosi Rossiya harbiy sanoatining yangi mahsulotidir.

Uning kema bortidan boshqarilib, suv ostidagi mo‘ljalni 50 kilometr masofadan to‘g‘ri nishonga ola bilishi qayd etilagan.

Bungacha Issiqko‘ldagi Rossiya poligonida "Dastan" zavodida ishlab chiqarilgan "Shkval" kabi kemalarga qarshi torpedolar sinab kelingan.

XS
SM
MD
LG