Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:46

Muxolifat faoli Safar Bekjonning ukasi Omsk qamoqxonasida vafot etdi


Omsk axloqni tuzatish koloniyasi
Omsk axloqni tuzatish koloniyasi

Muxolifat faoli Safar Bekjonning ma’lum qilishicha, uning ukasi Yarash Bekjonov Rossiyaning Omsk shahridagi axloq tuzatish koloniyasida 24 iyunda vafot etgan.

Yaqinlaridan biri Ozodlikka 50 yashar Yarash Bekjonovning o‘lgani borasida Omskdagi qamoqxona ma’muriyatidan ularga telegramma kelganini aytdi.

Yaqinlariga ko‘ra, o‘lim sababablari hozircha ma’lum emas.

Bekjonovning Xorazm viloyatidagi yaqinlaridan biri marhumni O‘zbekistonga olib kelish uchun hozirda mablag‘ to‘planayotganini bildirdi.

Huquq himoyachilariga ko‘ra, Yarash Bekjonov 2012 yilda narkotik moddalarni saqlash va sotishga urinishda aybdor deb topilib, 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Siyosiy faol Safar Bekjon hozirda Shveytsariyada istiqomat qilmoqda.

U 2013 yil dekabrida Shveytsariyaning Jeneva shahrida O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli uyni noqonuniy ishg‘ol qilgandi.

Karimova xonimga tegishli uyda to‘rt kecha qolgan Safar Bekjon o‘z amalini “qonunga zid bo‘lmagan siyosiy aktsiya”, deb atagandi.

Faol o‘shanda O‘zbekiston muzeylari fondiga oidligi taxmin qilingan 60 ta tasviriy san’at durdonasi hamda Qur’onning 18-asrda ko‘chirilgan nodir qo‘lyozmasi chiqqanini fotosuratlar bilan namoyish qilgandi.

Safar Bekjon 1993 yilda O‘zbekiston hukumatiga qarshi siyosiy qarashlari uchun ozodlikdan mahrum etilgan va hayotining uch yilini O‘zbekistonning turli qamoqxonalarida o‘tkazgan.

54 yashar Safar Bekjon "Narigi dunyo darchasi oldida" nomli biografik asari bilan ko‘pchilikka yaxshi tanish.

Muallif asarining asosiy qismini O‘zbekiston jazo koloniyalarida 1993-1996 yillarda kog‘ozga tushirganini aytadi.

Safar Bekjonga ko‘ra, asarida nomi zikr etilgan shaxslar va joylar nomi o‘zgartirilmagan

XS
SM
MD
LG