Линклар

logo-print

Qo‘qon bozorlarida Rossiyada o‘tmay qolgan o‘rik majburan sottirilyapti


Qo‘qondagi "Qo‘qon Muzaffar savdo komleksi"dan yo‘llangani aytilgan surat

Qo‘qondagi "Qo‘qon Muzaffar savdo komleksi"dan yo‘llangani aytilgan surat

Qo‘qon shahridagi "Qo‘qon Muzaffar savdo komleksi" bozorida Rossiyaga jo‘natilmay qolgan o‘rik kilosi 1 yarim ming so‘mdan tadbirkorlarga majburan tarqatilmoqda. Tadbirkorlar turib qolgan bu mevani aholi 500 so‘mdan ham olmayotganidan nolimoqda. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, shu kunda Rossiyaga jo‘natilmay qolgan 200 tonnadan oshiq o‘rik shahar bozorlari muzlatgichlarida saqlanmoqda.

"Qo‘qon Muzaffar savdo kompleksi" bozorida oziq-ovqat sotayotgan sotuvchilardan tushgan shikoyatga ko‘ra, 26 iyun tongidan bozor ma’muriyati muzlatgichda saqlangan o‘rikni majburan tarqata boshlagan:

- Urinib, ancha-muncha qorayib qolgan o‘rikni kilosiga 1 ming 500 so‘m berasizlar, deb 40 kilogramdan tarqatib chiqishdi. Mukammal, degan prinsessa bor bozor ma’muriyatida. Hammani majburlayapti. Rossiyaga ketmay qolganmish. Shahar bo‘yicha jami 4 vagon o‘rik, deyishdi. Xalqning 500 so‘mdan ham olgisi kelmayapti. Bugun sotmasak, ertaga umuman ketmaydi. Biz zararimizga sotyapmiz hozir, - dedi ismini oshkor qilmayotganimiz tadbirkor.

"Qo‘qon Muzaffar savdo kompleksi" mas’uliyati cheklangan jamiyati Rossiyaga jo‘natilmay qolgan o‘rik borligi, 27 iyundan sotuvga chiqarilganini ham aytdi. Ammo, tadbirkorlarga sotishi uchun majburlab tarqatilayotganiga oid iddaolarni inkor qildi.

Qo‘qon shahridagi boshqa bir oziq-ovqat dehqon bozori rahbari ham Qo‘qonda Rossiyaga atalgan o‘riklar jo‘natilmay qolganini tasdiqladi.

Ismini oshkor qilmayotganimiz mulozimdan olingan ma’lumotga ko‘ra, may oyi oxirlarida Qo‘qon shahridagi bozorlarga bog‘bonlardan o‘rik sotib olib, Rossiyaga jo‘natish uchun hozirlash so‘ralgan:

"Hamma bozorga 30-50 tonnadan o‘rik zapas qilib qo‘yish haqida hukumatdan topshiriq keldi. Biz bankdan 80 million so‘m kredit olib, bog‘bonlardan o‘rikni kilosiga 1 ming 400 so‘m berib sotib oldik. Keyin shaharni bir chetidan xolodilnik qilib berdi. O‘sha yerda saqladik. Mana endi bu o‘rik Rossiyaga ketmadi, chunki Rossiyani Ozarboyjondan kelgan o‘rik bosib ketganmish. Endi majburmiz - o‘zimizda o‘tkazamiz bu o‘rikni, bo‘lmasa, kreditni qanday yopamiz?!" dedi ismini oshkor qilmayotganimiz bozorqo‘m.

Bu bozorqo‘m ham shu kunlarda o‘tmay qolgan o‘rikni bozorga chiqarishga tayyorlanayotganini aytdi. Bankdan olingan kreditni yopish uchun bu mahsulotni bog‘bondan sotib olingan narxda sotishga majburligini ham tan oldi:

"Hozircha o‘rikni savdosi yaxshi hali. Bozorda, naviga qarab, 2 ming so‘mligi ham bor, 200 so‘mligi ham. Biz olgan o‘rik uzoq yo‘lga chidaydigan, yaxshi navli o‘rik. Shu kunlarda sotib yubormasak, muzlatgichda yo‘q bo‘lib ketadi. Chunki, hozir endi shaftolini jo‘natish boshlandi, juda yaxshi ketayapti", dedi ismini oshkor qilmayotganimiz mulozim.

Qo‘qon shahar va Farg‘ona viloyati hokimliklaridan bu vaziyatga biror izoh olishning hozircha imkoni bo‘lmadi.

2016 yilda O‘zbekiston hukumati Rossiyaga 800 ming tonnadan ko‘proq meva-sabzavot yetkazib berish niyatini bildirgan. Bu 2015 yilga nisbatan 17 baravarga ko‘pdir.

O‘zbekistonga valyuta kirimini ko‘paytirishning yangi imkoni sifatida bu yil Rossiyaga ho‘l meva va sabzavot eksportini favqulodda oshirgan hukumat sohani to‘liq monopoliya ostiga oldi.

Prezidentning 2016 yil, 7 aprelda imzolagan “Yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi ixtisoslashtirilgan «O‘zagroeksport» tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan eksport bilan shug‘ullanadigan yangi shirkat tashkil etildi.

Bundan buyon mamlakat chegaralaridan olib chiqiladigan meva-sabzavot mahsulotlari faqat shu shirkat orqali o‘tishi lozim. Bog‘bon-dehqonlar esa hosilini shirkatga yoki undan ruxsat olgan mahalliy agrofirmalarga sotishi mumkin, xolos.

Natijada, Qo‘qondagi kabi bir maskanda katta miqdorda yig‘ilgan mahsulot, masalan, o‘rik savdosi, aylanib-o‘rgilib, yana mahalliy tadbirkorga zarar keltirmoqda.

May oyida andijonlik bog‘bonlar ertapishar giloslarini «O‘zagroeksport» shirkati vaqtida sotib olmayotgani, boshqa eksportchi tujjorlarga ham sotishga ruxsat berilmagani bois, hosilini sotolmayotganidan shikoyat qilgan edi.

XS
SM
MD
LG