Линклар

Rossiya Davlat Dumasi “Yarovaya paketi” deb nomlangan “terrorchilikka qarshi” qonunlar to‘plamini qabul qildi. Yangi qonunlarga ko‘ra, “jinoyat to‘g‘risida xabar bermagan” shasxlar 1 yil, “ommaviy tartibsizliklarga chorlash, unga yollash”da aybdor deb topilganlar 5 yil, “terrorchilikning internetdagi targ‘iboti” bilan shug‘ullanganlar 7 yil, “terrorchilarga ko‘mak berganlar” 15 yilgacha qamalishi mumkin. Shuningdek, Rossiyada internet-yozishmalar ustidan nazorat kuchaytirilishi va terrorchilikda gumonlanganlar 14 yoshidan jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi belgilandi.

24 iyun kuni Rossiya parlamenti o‘zining "eng xunuk qonunlar" deya talqin qilinayotgan to‘plamni ikkinchi va uchinchi o‘qishdayoq qabul qildi.

“Yedinaya Rossiya” partiyasining Dumadagi deputati Irina Yarovaya va Senatdagi vakili Viktor Ozerov tomonidan ishlab chiqilgan “terrorchilikka qarshi qonunlar paketi” Rossiyada jazolovchi tizimning yanada kuchayishiga olib keldi.

“Yarovaya paketi” deb nomlangan o‘nlab qonunlarga kiritilgan o‘zgartishlarda davlat va hukumatning mamlakat aholisi ustidan nazoratning kuchaytirilishiga, ularning Konstitutsiyaviy huquqlari cheklanishi va mamlakatda qatiqqo‘l boshqaruvning yanada mustahkamlanishiga keng yo‘l ochilgan.

“Yarovaya qonunlari” terrorizm uchun jazoni kuchaytirdi

Shu tariqa, Rossiyada barcha “terrorchilik” moddalar bo‘yicha jazo muddatlari va jarimalar keskin oshirildi. Masalan, “Terakt” moddasi bo‘yicha eng kam jazo muhlati 8 yildan 10 yilgacha ko‘tarildi. Terrorchilarga ko‘maklashganlarga ilgari 10 yillik qamoq berilgan bo‘lsa, endilikda 15 yillik jazo belgilandi.

“Ekstremistik” moddalar bo‘yicha ham talablar oshirildi. Rossiya Jinoyat Kodeksining 282- moddasi (“milliy va diniy adovat”) asosida maksimal jazo muddati 5 yildan 6 yilga oshirildi; jarimalar esa taxminan 3 barobarga ko‘paytirildi.

Sud tomonidan “xalqaro terrorizm”ga aloqador deb topilganlar endilikda umrbodga qamalishi mumkin.

Aloqa operatorlari va Internet provayderlar – FSB nazoratida

Irina Yarovaya - V.Putinning ishongan odamlaridan biri

Irina Yarovaya - V.Putinning ishongan odamlaridan biri

Aloqa operatorlari va “axborot tarqatish provayderlari” Rossiyada abonentlarning qo‘ng‘iroqlar yozuvi, internet-yozishma, ovoz, video, surat va boshqa xabarlarni olti oy davomida saqlashga majbur etildi. Rus maxfiy xizmatlariga juda qo‘l kelgan bu qonunga muvofiq, u yoki bu telefon qo‘ng‘irog‘i yoki internet xabari to‘g‘risidagi ma’lumot esa 3 yil serverlarda saqlanishi belgilandi.

Operatorlar esa operativ xodimlarning birinchi talabi bilan bu ma’lumotlarni taqdim etishga majbur. Yarovaya kiritgan yangiliklardan xabar topgan mobil aloqa va internet tarmoqlari operatorlari allaqachon hukumat ma’qullayotgan bu talablarning amalda bajarishning imkoni yo‘qligidan gapirmoqda.

Aloqachilar bu qonunlarning hayotga tatbiq etilishi davlat byudjetiga milliardlab zarar keltirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

“Yarovaya paketida”, boz ustiga, internet-messendjerlardagi xabarlarni shifrlash taqiqlandi. FSB talablari bo‘yicha zaruriy xat, qo‘ng‘iroq audiosi yoki xabarni taqdim eta olmagan aloqa vositachilari bir million rublgacha jarimaga tortiladi.

Rossiyada “ogohlik – davr talabi”....

Endilikda Rossiyada “jinoyat to‘g‘risida xabar bermagan” odamlar ham yangi – 205.6- moddasi asosida jinoiy javobgarlikka tortilishi qonunda o‘z aksini topdi. “Yarovaya paketi” o‘nlab jinoyatlar borasida fuqarolar tinimsiz xabar berib turishlari shartligini belgilab qo‘ydi: unda “xalqaro terrorchilikdan” “Rossiya yaxlitligiga qarshi qurolli isyon” borasida aytib o‘tilgan.

Bundan buyon qonunda belgilangan jinoyatlarning sodir etilganiga guvoh bo‘lgan shaxs zudlik bilan politsiya bo‘limi yoki FSBga etib borishga ulgurmay qolsa, keyingi bir yilini qamoqda o‘tkazishi mumkin. Yoki 100 ming rublgacha jarimaga tortilishi mumkin.

“Yedinaya Rossiya” deputatlari ishlab chiqqan qonunlardan ma’lum bo‘lishicha, Internetda “terrorchilik faoliyatiga da’vat” va “terrorchilikni maqullash” uchun ham javobgarlik keskin oshiriladi: bu qonun uchun jazo 5 yildan 7 yilgacha uzaytirildi.

14 yoshdan – jinoiy javobgarlik

Rossiya Jinoyat Kodeksiga “terrorizm” masalasi bo‘yicha jinoiy javobgarlik 14 yoshdan kiritilishi belgilandi.

“Yarovaya qonunlari”ga ko‘ra, 14 yoshga to‘lgan fuqaro endilikda Jinoyat Kodeksining bir qancha moddasi asosida jazobgarlikka tortilishi mumkin.

Duma deputatlari ikkinchi va uchinchi o‘qishda Yarovaya kiritgan qonun loyihalarida yana bir qancha undanda dahshatliroq moddalarni olib tashlashga majbur bo‘lgani e’tiborga molik.

Yarovaya Rossiya fuqarolarining yangi toifasi – “mamlakatdan chiqish taqiqlanganlar”ni joriy qilmoqchi edi. Unga ko‘ra, aniq ko‘rsatilgan moddalarda belgilangan jinoyatlar uchun Rossiyada sudlanayotgan yoki jazo muddatini o‘tab bo‘lmaganlar mamlakatni tark etish huquqidan mahrum bo‘lishi shart bo‘lgandi. Shuningdek, deputatlar terrorchilik va ekstremizmda aybdor deb topilgan shaxs Konstitutsiyaga xilof ravishda Rossiya fuqaroligidan mahrum etilishi mumkinligi “Yarovaya paketi”ning birinchi nusxasida ko‘rsatilgandi.

Shuningdek, Duma bu qonun loyihalaridan xorij mamlakat armiyasi, huquq-tartibot idorasi yoki sud tizimiga ishga yollangan hamda Rossiya hukumati ruxsatisiz xalqaro tashkilotlar ishlariga aralashgan rossiyaliklar ham fuqarolikdan mosuvo qilinishi to‘g‘risidagi moddalarni olib tashladi.

"Yarovaya qonunlari" 2018 yilning 1 iyulidan kuchga kiradi.

“Yarovaya paketi” - tanqid ostida

Huquq himoyachilari va yuristlar “Yarovaya qonunlar to‘plami”ni jiddiy tanqid ostiga olib, bu qonunlarning amalda terrorchilikka qarshi kurashga hech qanday aloqasi yo‘q, degan fikr bildirmoqda. Ularning aytishi bo‘yicha, Duma qabul qilgan Yarovaya va Ozerov qonunlari Rossiya Konstitutsiyasining qo‘pol tarzda buzilishidan boshqa narsa emas.

“Yarovaya paketi”Rossiyani totalitar tuzum tomon etaklayotganini Ozodlikka gapirib bergan “Yabloko” partiyasining Novosibirskdagi faoli Svetlana Kaverzina bu o‘zgartishlar repressiyalarni kuchaytirishi mumkin, deydi:

- Mamlakatimiz sekin-asta katta telbalar uyiga aylanib ketayotgani menda xavotir uyg‘otmoqda. Bu jinniliklarga qarab, kulib o‘tirish qolayapti: bunga qarshi turishning iloji bo‘lmayapti. Men endilikda bitta suratni ko‘chirib qo‘ygan odamni ikki yilga qamoqqa tashlashlari mumkinligiga ishonchim komil. Davlat shu tariqa o‘z fuqarolariga xiyonat qilmoqda, dedi siyosiy faol.

Bu qonunga qarshi Dumada deyarli bir o‘zi qarshi chiqqan muxolifatchi deputat Dmitriy Gudkov yangi tartibga o‘z munosabatini quyidagicha bildirdi:

- So‘nggi yillarda, afsuski, ko‘plab juda zararli va hatto jinoiy qonun loyihalari qabul qilindi. Ammo bunisi parlamentimizning mamlakatni parchalashga olib keltiruvchi tamal toshi hisoblansin. Qonun loyihasi reglamentga xilof ravishda yashirin tarzda muhokama etildi. Uning muhokamasiga qator qo‘mitalar ishtirok etmadi. Buning sababi ayon: ular qonunni tezda muhokamadan o‘tkazib, jamiyatni fakt oldiga qo‘yish edi, dedi deputat Dmitriy Gudkov.

Ozodlik Rossiyaning turli mintaqalarida "terrorchilik" va "ekstremizmda" ayblanib jinoiy javobgarlikka tortilgan, qamalgan o‘zbek muhojirlari bilan bog‘liq ko‘plab hodisalarni yoritgan.

Bu moddalar bo‘yicha ayblanayotgan o‘zbek-tojik migrantlari aksar hollarda qo‘yilayotgan ayblovlar Rossiya maxfiy xizmatlari tomonidan soxtalashtirilayotganini iddao qilayotgani to‘g‘risida ham Ozodlik xabar berib kelgan.

XS
SM
MD
LG