Линклар

Nizomiy universiteti viloyatlardan kelgan talabalarni haydamoqda


Toshkent Nizomiy universiteti o‘quv dargohi sifatida 81 yil muqaddam ish boshlagandi

Toshkent Nizomiy universiteti o‘quv dargohi sifatida 81 yil muqaddam ish boshlagandi

Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti (TDPU) ma’muriyati Toshkent shahri yoki viloyatidan bo‘lmagan bir necha ming talabani o‘z viloyatida mavjud oliygohlarga qaytarib yubormoqda. TDPUda 27 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘inda universitetning 750 nafar o‘qituvchi va murabbiylari soni "deyarli ikki baravarga" hamda talabalar soni etti mingdan uch mingga qisqarishi e’lon qilingan.

Shuningdek, Toshkent shahri Yakkasaroy tumani hududida joylashgan TDPUda mavjud to‘qqizta fakultetdan sakkiztasi Chilonzor tumanidagi pedagogika kolleji binosiga ko‘chiriladi.

TDPU o‘qituvchilari va o‘quvchilarining e’tirozlariga sabab bo‘layotgan bu o‘zgarishlar, oliygohdagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi qarori bilan amalga oshirilayotir.

Maqsad... viloyatliklarni haydash-mi?

Universitet talabalaridan birining Ozodlikka ma’lum qilishicha, 20-iyundan buyon universitet ma’muriyati ularni o‘qishni o‘zlari yashayotgan viloyatdagi oliygohda davom ettirish istagi bitilgan ariza yozishga majburlamoqda.

Ozodlikka Telegram vositasida bog‘langan birinchi bosqich talabasi Toshkentga o‘qishga "paxtaga chiqmaslik uchun" kelganini yozadi:

"Biz endi o‘z viloyatimizga borib o‘qirkanmiz. Nahotki shu gap rost bo‘lsa? Endigina 1-kursni tomomlagandim. Nahotki Qarshiga borib o‘qisam? Men bir umr orzu qilardim Toshkentda o‘qishni. Axir har kim har yerda bilim olish huquqiga ega emasmi? Rektoratdan so‘rasam, yotoqxona yetishmaydi, shunga, deyishdi. Nima boshqa institutlarga etisharmikan? Endi hammaga «ariza yozasan» deb majburlashayapti. Men paxtaga chiqmaslik uchun Toshkentga o‘qishga kelgandim. Maqsad Toshkentga kelgan viloyatliklarni haydash-mi?", deya e’tiroz bildiradi shahrisabzlik talaba.

Ozodlik bog‘langan ushbu ta’lim dargohi o‘qituvchilaridan biri ushbu xabarni tasdiqladi.

- Rosa bir haftadan buyon Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatidan bo‘lmagan har bir talabadan «o‘qishni o‘zim o‘sib-ulg‘aygan viloyatdagi pedinstitutda davom ettirishni istayman», degan ariza yozib olinayapti. Sababi bu yerdagi domlalargayam tushuntirilgani yo‘q, - dedi TDPU o‘qituvchisi.

Qisqarishlar

Ayni paytda Ozodlikka TDPUning 750 nafar o‘qituvchi va laborantlarining "deyarli yarimi" "o‘z ixtiyori bilan ishdan ketish haqida ariza" yozgani yoki boshqa o‘quv yurtlariga o‘tkazib yuborilgani ma’lum bo‘ldi.

TDPU o‘qituvchisining Ozodlikka ma’lum qilishicha, universitet ma’muriyati ularga joriy qisqarishlar universitet mablag‘ining ozayishiga bog‘liqligini bildirgan.

- Universitet o‘qituvchi va laborantlarining deyarli yarimi qisqarayapti. Universitetda janjal. O‘qituvchilardan o‘z ixtiyori bilan ishdan ketish haqida ariza yozib olinayapti. Bundan o‘qituvchilar norozi. Rektorat universitet mablag‘i ozayib ketganini aytayapti. Misol uchun, ingliz tili fakultetiga har yili 200ta student qabul qilinardi. Bu yil bor yo‘g‘i 50ta student kirayapti: 10ta rus, 40ta o‘zbek guruhiga," dedi TDPU o‘qituvchisi.

Universitet o‘qituvchisning aytishicha, talabalar sonining keskin qisqarishi viloyatlardan abiturentlar hujjatlari qabul qilinmayotganiga ham bog‘liq.

TDPU qabul komissiyasining a’zosi joriy yilda universitetga faqat Toshkent shahri va viloyatidan kelgan talabalar hujjatlari qabul qilinishini bildirdi.

Nizomiy o‘rniga Navoiy

TDPU ma’muriyati xodimi Ozodlikka Toshkent shahri Yakkasaroy tumani hududida joylashgan TDPUning to‘qqizta fakultetidan sakkiztasi sentabr oyiga qadar poytaxtning Chilonzor tumanidagi 1-Pedagogika kolleji binosiga ko‘chirilishini aytdi.

Universitet yangi tuzilmasiga ko‘ra, uning tarkibida sakkizta fakulьtet faoliyat yuritadi.

TDPU ma’muriyati xodimining izoh berishicha, ushbu oliygohdagi tub o‘zgarishlar Toshkentda Alisher Navoiy nomidagi Davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilayotgani bilan bog‘liq.

O‘zbekiston prezidentining 13 mayda chiqarilgan farmoniga muvofiq, TDPU bosh binosi yangi oliygoh ixtiyoriga topshirilmoqda.

Farmonga asosan, Alisher Navoiy nomidagi universitet tarkibida uchta fakulьtet: o‘zbek filologiyasi, o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish, o‘zbek-ingliz tarjima fakultetlari, shuningdek, O‘zbek tili va adabiyoti ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi.

Hozirgacha TDPU tarkibida bo‘lgan O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti ham yangi universitetga qo‘shib yuboriladi.

Shuningdek, Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi universitet tarkibiga o‘tkazilib, uning negizida O‘zbek tili va adabiyoti muzeyi tashkil etiladi.

Yangi universitetda o‘quv jarayonini shu yil sentyabridan boshlashga qaror qilingan.

Universitetning bosh binosi oldidagi maydonda ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalini o‘rnatish rejalashtirilgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Navoiy universitetining ibtidosi amalda Nizomiy universitetining intihosini anglatadi.

XS
SM
MD
LG