Линклар

Turkmanistonliklar bir necha kundan beri mobil Internet aloqasidan uzib qo‘yildi. Ozodlik turkman xizmati manbalariga ko‘ra, 3G aloqasi o‘tgan shanba kuni uzib qo‘yilgan. Besh milliondan oshiq turkmanistonlikni jahon tarmog‘idan uzib qo‘yilishi sababi rasmiylar tarafidan hozirgacha izohlangani yo‘q.

Turkmanistonda 3G Internet aloqa xizmatini taqdim etadigan ikki operator davlatga qarashli “Altyn Asyr” va Rossiyaning MTS shirkatlari vakillari 3G aloqasi uch kundan beri ishlamayotganini tasdiqlashdi.

Lekin buning sababini “mutasaddi idoralar” tushuntirib berishi mumkin xolos, deya bildirishdi.

Ayni paytda Turkmanistonda mobil aloqasini ta’minlash bilan shug‘ullanuvchi tuzilma vakili Ozodlik turkman xizmati bilan xos suhbatda, aloqa uzilishiga infratuzilmalardagi noqisliklar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deya bildirdi.

"Turkmanistonda aloqa kabellari cho‘l orqali, qumlar ostidan tortilgan. Bu qumlar doimi tarzda harakatlanadi, shu sababdan bunday muammolar tez-tez ro‘y beradi", deya bildirdi mutaxassis.

Turkmanistondagi Ozodlik muxbirlariga ko‘ra, 3G aloqasidagi muammo bu ko‘lamda ilk bor kuzatilmoqda.

Internet uzilishi avvallari ham kuzatilgan, lekin uzilish 5-6 soatdan oshmas edi. Internetning uch kunga uzib qo‘yilishi ilk bor kuzatilmoqda”, deydi muxbirlar.

Turkmaniston aloqa vazirligining shaxsi sir qolishini istagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda, uzilishga profilaktik ishlar sabab bo‘lganini aytdi.

Mobil Internet shanba kuni uzib qo‘yilganini tasdiqlagan mulozimga ko‘ra, mamlakatda yangi 4G Internet aloqasini sinash tajribasi amalga oshirilayotgani uzilishlarga sabab bo‘lgan.

Bu mulozim dushanba kuni aloqa tiklanganini ham iddao qildi.

Lekin Ozodlik muxbirlari bu iddaoni inkor qilishmoqda.

Ularga ko‘ra, 3G aloqasi seshanba kuni ham bo‘lmagan.

Mobil Internet uzib qo‘yilishi ortidan Turkmaniston shahar va tumanlaridagi Internet kafelar oldida turnaqator navbatlar paydo bo‘lmoqda.

Hozirda turkmanistonliklar uchun Internetdan foydalanishning boshqa qanday imkoniyatlari borligini aytish qiyin, lekin Internet qidirib yurgan odamlarning ko‘payganini aytishim mumkin. Internet kafelar oldida navbatlar paydo bo‘lmoqda”, deydi Ozodlik turkman xizmati muxbiri Sulton Ochilova.

Turkmanistonda 5,5 millionga yaqin Internet mushtariysi 3G aloqasidan foydalanadi.

XS
SM
MD
LG