Линклар

Rossiyaning MTS shirkati O‘zbekistondagi Universal Mobile Systems (UMS) operatorida bo‘lgan o‘z ulushini sotish rejasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Rossiyaning Interfaks agentligiga UMSga yaqin manba hamda O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidagi manba so‘zlariga tayangan holda xabar tarqatdi.

Vazirlikdagi manbaga ko‘ra, bu bay O‘zbekiston prezidentining qizi bilan bog‘liq korruptsion janjal qabatida AQSh Adliya vazirligi MTSga qarshi yuritayotgan aksilkorrupsiyaviy tekshiruvni bosti-bosti qilish shartlaridan biri bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistondagi UMS aloqa operatori hissalarining 50,01 foizi Rossiyaning MTS shirkatiga,49,99 foizi esa O‘zbekiston “Radioaloqa, radiouzatish va televidenie markazi” davlat unitar korxonasiga tegishli.

Agentlik manbasi MTS ulushi O‘zbekiston tomoniga “ramziy narx”ga sotilishi mumkinligini aytgan. U bu masala hozir muhokama qilinayotgani, qachon bir qarorga kelinishi esa noma’lumligini aytgan.

Ayni paytda MTSdagi manba Interfaksga bu borada izoh berishni istamagan. “MTS UMS orqali O‘zbekistonda odatdagi tartibda ishlashda davom etayapti”, degan MTS vakili.

MTSning O‘zbekistondagi sho‘’basi "O‘zdunrobita" 2012 yilning iyul oyida hukumat qarori bilan faoliyatini to‘xtatgan edi. Shirkat yopilish chog‘ida qariyb 10 million mijozga ega bo‘lgan. Shundan so‘ng MTS bu borada Vashingtondagi xalqaro arbitrajga arz qilgandi.

MTS va O‘zbekiston vakillari 2014 yilning 31 iyulida bir-biriga bo‘lgan barcha e’tirozlarni birgalikda hal qilish haqida murosa bitimi imzolaganidan so‘ng Vashingtondagi Sarmoyadorlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni tartibga soluvchi xalqaro markazga ishni to‘xtatishni so‘rab murojaat etganlar.

Arbitraj surishtiruvining to‘xtatilishi MTSga O‘zbekiston hududida o‘z faoliyatini tiklash uchun imkon yaratgan.

Murosa bitimi shartlariga ko‘ra, 2014 yil sentyabrida “Universal Mobile Systems” nomli qo‘shma korxona tashkil etilib, shirkat hissalarining 50,01 foizi MTSga, 49,99 foizi esa o‘zbekistonlik aloqachilarga berilgan. Shu tariqa MTS o‘sha yil dekabrida O‘zbekiston bozoriga qaytgan.

Bu orada AQSh Adliya vazirligi 2014 yildan buyon O‘zbekistonda Vimpelcom va MTS ishi bo‘yicha tekshiruv ishlarini olib bormoqda. Dastlabki da’voda AQSh rasmiylari operatorlar O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoriga chiqish uchun O‘zbekiston prezidenti oilasi bilan bog‘liq shirkatlarga 500 million dollar miqdorida pora berish uchun soxta shirkat va konsultatsion shartnomalar tarmog‘idan foydalanganini iddao qilganlar.

Adliya vazirligining boshqa materiallarida MTS 2014 yili “O‘zdunrobita” mahalliy operatorida ulush sotib olish uchun ismi keltirilmagan bir nufuzli shaxs bilan bog‘liq Swisdorn shirkatiga asoslanmagan tarzda katta mablag‘ to‘lagani aytiladi. MTSdan O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga tegishliligi aytiladigan Takilant ham pora olgan. Da’vo arizasida ko‘rsatilishicha, 2004-2009 yillar mobaynida MTS Swisdorn va Takilant shirkatlariga 380 million dollar to‘lagan.

AQSh rasmiylari Gulnora Karimova bilan bog‘liq shirkatlarning hisob raqamlaridagi mablag‘larni xatlab qo‘yish haqida bir necha bor talabnoma yuborganlar.

Bu orada MTS AQSh davlat idoralari Yevropaning qator davlatlariga hibs etishda ko‘maklashish bo‘yicha so‘rovnoma yuborgan aktivlarning egasi emasligi haqida bir necha bor bildirdi.

Rossiya MTS kompaniyasi, Shvetsiyaning TeliaSonera shirkati hamda VimpelCom O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga yillar davomida jami 1 milliard dollardan oshiq pora bergani xususidagi iddaolar Yevropa mamlakatlarida ham 2012 yildan beri tergov qilinmoqda. O‘shandan beri VimpelCom va TeliaSonera rahbariyatida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Gulnora Karimovaga o‘rtakash firmalar orqali pora berganlikka aloqador ko‘rilgan mulozimlar ishdan olindi.

O‘tgan yili AQSh nazorat idoralari mamlakat qimmatbaho qog‘ozlar bozorida aktsiyalari aylanuvchi uch shirkatning poraxo‘rlikka qo‘l urgani yuzasidan tergov boshlashi ortidan VimpelCom va TeliaSonera ehtimoliy jarimalar uchun yuzlab million dollar ajratishlarini e’lon qildi.

Bundan tashqari, ikkala shirkat O‘zbekiston bozorini tark etish niyatida ekanliklarini bildirishdi. VimpelCom shirkatining asosiy haqdori Norvegiyaning Telenor shirkati o‘ziga tegishli 2,2 milliard dollarga teng 33 foizlik aksiyalar paketini sotishni rejalashtirayotganini e’lon qilgan.

XS
SM
MD
LG