Линклар

Qarshi tumani hokimi bosh shifokorni ikki musht urib yerga ag‘dardi


O‘zbekistonda hokimlarning davlat idoralari xodimlarini kaltaklashi keng tarqalgan

O‘zbekistonda hokimlarning davlat idoralari xodimlarini kaltaklashi keng tarqalgan

Qarshi tumaniga yangi hokim bo‘lib tayinlangan Asror Boyqoraev paxtazorini o‘t bosgan fermerlarni bir sidra urib chiqqanidan so‘ng, tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘iga qo‘l ko‘tardi. Bir biridan mustaqil Ozodlik manbalariga ko‘ra, obodonlashtirish ishlarini olib borishda bosh vrach ishidan xato topgan hokim uni ikki musht urib ag‘dargan. Biroq, bosh vrachning o‘zi hokimdan kaltak yeganini inkor qilmoqda.

Qarshi tumani hokimi Asror Boyqoraev 25 iyun kuni tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, 70 yashar Sardor Erkaevni kaltaklagan.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan, tuman markaziy kasalxonasi shifokorlaridan birining aytishicha, hokim bosh vrachni ikki musht urib ag‘dargan:

“Prezidentning Qarshiga kelishi munosabati bilan bolnitsa ro‘parasidagi bino ko‘cha ko‘rkini buzib turgani uchun buziladi. Biroq, devor ostida ikki kishi qolib ketadi. Lekin ular qattiq jarohat olishgani yo‘q. Hokim bu gapdan xabar topib kelgan va bosh vrachga ikki musht tushirgan. Vrach yerga ag‘darilib, hushidan ketib qolgan”, dedi shifokor.

Qarshi tumanida yashaydigan Ozodlikning boshqa bir manbasi ham, bosh shifokorning hokimdan kaltak yeganini tasdiqladi:

“Mushtumzo‘r hokim haqiqatan ko‘p kishini uryapti. Tuman kasalxonasi rahbari, otasi tengi Sardor Erkaevni ham hammani oldida mushtladi. Yaqinda tumanda ko‘zga ko‘ringan fermerlardan biri Ahror akani dalada, militsiya boshlig‘i va prokurorni oldida shunday uribdiki, sho‘rlikning hamma joyi shilinib, ko‘karib ketibdi. Men uni shu ahvolda ko‘rib, ko‘nglini ko‘tarib qo‘ydim. Hozir Qarshi tumani markazi Beshkentda “archa osti” degan ibora paydo bo‘lgan. Hokimiyat oldidagi archalar oldiga kaltaklanishga mahkum fermerlarni hokim yig‘adi va kaltaklaydi”, dedi manba.

Qarshi tumanidagi o‘qituvchilardan birining aytishicha, yangi hokim bu vazifaga tayinlanishi bilan ishni zo‘ravonlikdan boshladi:

“Men ziyoliman. Hali bunday zo‘ravon, so‘kong‘ich va mushtumzo‘r hokimni ko‘rmagan edim. Uning kallasiga nima kelsa, shuni majburlab qildiryapti. Masalan, hozir Beshkentda qizil rangli joy qolmadi. Zamonaviy, alyukabonddan bo‘lgan qilingan qizil, oq panolarni hammasini oq-sariq qilib qaytadan bo‘yatyapti. Nima emish, qizil rang imperiya ramzi emish. Hech kim aytmaydiki, bizning bayroqda sariq rang yo‘q, qizil rang bor, deb. Kadastr hujjatlari bo‘lsa ham, tadbirkorlarning unga yoqmagan binolarini buzdirib tashlayapti. Yo‘q degani, kaltak yeyapti. Axir, prezidentimiz bunaqa mushtumzo‘r hokimlarni doim tanqid qilib keladiku, nega uning mushugini hech kim pisht deyolmaydi”, dedi o‘qituvchi.

Qarshi tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Sardor Erkaev Ozodlik bilan suhbatda hokim tomonidan kaltaklanganini inkor qildi:

“Bo‘lmagan gap, hokim meni urgani yo‘q. U doim menga hurmat bilan muomala qiladi”, dedi Sardor Erkaev.

Qarshi tumani hokimligidan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Qarshi tumani hokimi Asror Boyqoraevning fermer va tashkilot rahbarlarini kaltaklashi birinchi bor kuzatilayotgani yo‘q.

Ozodlikka murojaat qilgan fermerlarning iddaosicha, tumanga yangi hokim etib tayinlangan Asror Boyqaroev 12 iyun kuni majlis to‘plab, paxta dalasini o‘t bosgan fermerlarni kaltaklagan va haqorat qilgan. Ismi sir qolishini so‘ragan qarshilik fermerlardan biri Ozodlik bilan suhbatda hokim ikki nafar hamkasbini sudlovsiz yarim sutkaga qamab qo‘yganini aytgan edi.

Asror Boyqoraev bir oy muqaddam Qarshi tumaniga hokim etib tayinlangan edi.

XS
SM
MD
LG