Линклар

Germaniya kansleri Angela Merkelning fikricha, britaniyalik saylovchilarning Yevropa Ittifoqini tark etish to‘g‘risidagi qarorini “bekor qilishning yo‘li yo‘q”.

Lekin uning aytishicha, Ittifoqdan chiqish jarayonini boshlab olishi uchun YeI Britaniyaga vaqt beradi.

28 iyun kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan YeI liderlari majlisidan keyin Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron afsusda ekanligini bildirdi. Merkel Britaniyaning YeIdan chiqib ketishidan hamma qayg‘uda ekanligini, ammo endi “xom xayolga borishning keragi yo‘q”ligini aytdi.

Kemeron referendumga qaramasdan, Britaniya Yevropadan yuz o‘girmasligini hamda Ittifoq bilan yaqin aloqalarni o‘rnatishni xohlashini bildirdi.

28 iyun kuni Londonda minglab odam Britaniyaning YeIdan chiqishiga qarshi namoyishga chiqdi. Leyboristlar partiyasi esa referendum qayta o‘tkazilishi uchun kurashishini bildirdi. Bunga qaramasdan, Kemeron referendum natijalarini bekor qilib bo‘lmasligini tan oldi.

Kemeron Britaniyani YeIda saqlab qolish uchun kurashganini, ammo muvaffaqiyatsizlika uchraganini aytib, Bryusselda bo‘lib o‘tayotgan sammit o‘zi uchun so‘nggi YeI sammiti ekanligini qo‘shimcha qildi.

Merkel va boshqa YeI liderlari 24 iyun kuni bo‘lib o‘tgan referendumdan avval Kemeron va hozirgi hukumat o‘z vaqtini YeIda qolishga kurashish bilan o‘tkazgani va ittifoqdan chiqish rejasi haqida o‘ylab ko‘rmagani uchun Birtaniyaga yangi yetakchilarni tayinlash va ittifoqdan chiqish jarayonini boshlash uchun muhlat berilishini aytishdi.

Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte “Ularga ozgina vaqt bergan bo‘lardim. Britaniya siyosiy, moddiy, konstitutsiyaviy hamda iqtisodiy jihatdan inqirozga yuz tutdi. [Tezda ittifoqni tark etishlarini] talab qilib bo‘lmaydi. Avval siyosatlarini tartibga keltirib olishsin”, dedi.

Yevropa kengashi yetakchisi Donald Tusk “Yevropa ajrashish jarayonini kerak bo‘lsa bugunoq boshlashga tayyor” ekanligini ta’kidladi, ammo Britaniya o‘ziga kelib olishi uchun ozgina vaqt kerakligini tan oldi.

Yevropa komissiyasi prezidenti Jan-Klod Yunker hech kimda, hatto YeIni tark etishga chorlagan kampaniya yetakchilarida ham chiqish rejasi yo‘qligidan hayratda ekanligini aytdi.

Yunker Kemeron o‘rniga boshqa vazir kelganidan keyin, ya’ni sentabr oyidan boshlab Britaniya Lissabon kelishuvining 50-moddasiga tayangan holda chiqish jarayonini boshlashi mumkinligini bildirdi.

Yunker London ittifoqdan chiqish ko‘zda tutilgan maqolaga tayanib YeIga rasmiy xat yubormagunicha komissiya a’zolariga Britaniya bilan maxfiy muzokara olib borish man qilinganini aytdi. “Xabar bo‘lmasa, muzokara ham bo‘lmaydi,” dedi u.

XS
SM
MD
LG