Линклар

logo-print

Istanbuldagi terakt ortidan Tojikiston masjidlarida kunu-tun navbatchilik qilinadi


Dushanbedagi Ulamolar kengashi yig‘ilishidan lavha, 2016 yil 29 iyuni.

Dushanbedagi Ulamolar kengashi yig‘ilishidan lavha, 2016 yil 29 iyuni.

Tojikiston Islom markazi Ulamolar kengashi masjidlar qoshida tashkil etilgan odob komissiyalaridan Ramazon hayiti arafasida hamda bevosita hayit kuni barcha masjidlarda navbatchilik uyushtirishni talab qildi.

Tojikiston Islom markazi Ulamolar kengashi raisi Saidmukarram Abdulqodirzoda 29 iyun kuni Dushanbeda dindorlar bilan o‘tkazgan yig‘ilishida masjidlarda tunu kun navbatchilik uyushtirish qarori aholi xavfsizligini ta’minlash hamda xorijiy o‘lkalar, xususan, Istanbul shahrining Otaturk aeroportida sodir etilgan terror xuruji tufayli qabul qilinganini aytdi.

- Hammamiz kuzatib turibmiz. Kecha Istanbul aeroportida portlash sodir bo‘ldi. Bir necha kishi halok bo‘ldi. Ya’ni, masjidlarda tashkil etilgan odob komissiyalari shu kunlarda o‘z ishini faolroq yo‘lga qo‘yishi kerak. Albatta hammamizni Parvardigorning o‘zi saqlasin, ammo o‘zimiz ham xushyor bo‘lishimiz kerak, - dedi Tojikiston muftiysi Saidmukarram Abdulqodirzoda.

U hayitga o‘tar kechasi masjidlarda navbatchilik qilganlar uxlab qolmasliklari, shubhali ko‘ringan barcha narsani kuzatib turishlari va bu haqida huquq-tartibot idoralariga xabar qilishlari lozimligini qayd etdi. U hayit arafasida, hayitga o‘tar kechasi va hayit kuni ertalab navbatchilikni kuchaytirish, kuzatuv kameralari sozligini tekshirish uchun mutaxassislarni chaqirish lozimligini uqtirdi.

Otaturk aeroportidagi terror xuruji haqidagi xabardan qayg‘uga tushganini bildirgan Tojiston muftiysi har qanaqa terror xurujini qoralashini aytdi.

Ulamolar kengashining chorshanba kungi majlisida Tojikistonda Ramazon hayiti 6 iyul kuni nishonlanishi aytildi. Bu yil dunyoning aksar mamlakatlarida Ramazon hayiti shu kunga to‘g‘ri keladi. Avvalgi yillarda Tojikistonda Iydi Ramazon boshqa musulmon o‘lkalardan bir kun keyin nishonlangan, bu esa mahalliy musulmonlarning noroziligiga sabab bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG