Линклар

Namangan viloyati Chust tumani Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmatining bir guruh mulozimlari noqonuniy yer sotganlikda gumonlanib, bir necha kun muqaddam hibsga olingani ma’lum bo‘ldi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, tuman sobiq prokurori va hokimiyat mulozimlari o‘zaro kelishgan holda katta pul evaziga odamlarga uy va boshqa inshootlar qurish uchun er sotgan. Tuman prokuraturasi bu ish yuzasidan tergov olib boryapti.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan chustlik manbaga ko‘ra, tuman sobiq prokurori ham noqonuniy yer sotuvchilar ishiga sherik bo‘lgan:

“Yer resursi bo‘limi mulozimlari sobiq prokuror bilan osh-qatiq bo‘lib, yer sotishgan. Ayni paytda, shu ishga aloqador bo‘lgan boshqa mulozimlar ham bitta-bitta chaqirilib so‘roq qilinyapti. Besh-olti kun avval Murod Aliev degan fermerni ham “ichkariga” olishibdi”. U hamma ishdan xabardor ekan. Ko‘p narsalarni aytib beribdi, dedi manba.

Chust tuman hokimiyatida ishlaydigan mulozimning ismi sir qolish sharti bilan aytishicha, noqonuniy yer sotish tumanda juda avj olgan edi:

“Men ham noqonuniy sotilgan yerlarni aniqlash komissiyasi tarkibida qatnashganman. Prokuratura, hokimiyat va ekologlar ishtirokida odamlarga sotilgan tut plantatsiyasi yerlarini tekshirishda ishtirok etdim. Bu bahorda edi. Ipak qurtiga tut yetkazish mushkul bo‘lib qolgan bir paytda, ular bir gektar yerdagi tut plantatsiyasini kestirib tashlab, odamlarga sotgan ekan. O‘sha paytda yer sotishda hokimlar bilan odamlar o‘rtasida turgan asosiy odam Ismoil Do‘sanov bo‘lgan. Garchi u rasman yer resurslari bo‘limi boshlig‘i bo‘lmasa ham, lekin hamma ish uning qo‘lidan o‘tgan”, dedi mulozim.

Mulozimning iddao qilishicha, prokuratura xodimlaridan biri ham noqonuniy yer sotib olgan:

“Tuman prokuraturasida Bahodir Boyzoqov degan tergovchi bor. Aytishlaricha, u tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Olimjon Qosimov bilan kelishib, dorixona qurish uchun yer olgan ekan. Buni yangi hokim bilib qolib, tergovchining o‘zini javobgarlikka tortish kerak deyapti ekan”, dedi mulozim.

Tuman arxitektura va shaharsozlik bo‘limi mutaxassisi Anvar Qahhorov ham bu jinoiy guruhga aloqadorlikda gumonlanib, hibsga olingani aytiladi.

Ozodlik Chust tumani prokuraturasi tergovchisi Bahodir Boyzoqov bilan telefon orqali bog‘landi. Tergovchi bizning jurnalist ekanligimizni eshitgach, darhol aloqani uzdi.

Prokuraturaning ismini oshkor etmagan boshqa bir mulozimi esa, tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining bir guruh mulozimlari noqonuniy yer sotishda gumonlanib hibsga olinganini tasdiqladi:

“Tergov tugadi. Ishni sudga oshirdik”, deb gapni qisqa qildi mulozim.

Biroq, Ozodlik manbalari tergov endi boshlanganini, bu ishga katta mansabdorlar ham aralashgani uchun ish sudgacha bormay yopilib ketishi mumkinligini aytmoqda:

"Tuman sobiq prokurori Maniyazov hozir viloyat prokuraturasiga ko‘tarilib ketgan. Agar bu ish halol tekshirilsa, prokurorning, hokimning va boshqa amaldorlarning ham misi chiqadi. Menimcha, bu ish sudgacha bormaydi. O‘zlari imi-jimida tinchitib yuborishsa kerak", dedi manba.

XS
SM
MD
LG