Линклар

Rossiya olmagan o‘rik sotilayotgan Qo‘qon bozorida xavfsizlik chorasi kuchaytirildi


Qo‘qondagi "Qo‘qon Muzaffar" oziq-ovqat bozori

Qo‘qondagi "Qo‘qon Muzaffar" oziq-ovqat bozori

Rossiyaga ketmay qolgan 30 tonna o‘rikni majburan sottirayotgan "Qo‘qon Muzaffar savdo kompleksi" ​ma’muriyati sotuvchilar noroziligidan qo‘rqib, xavfsizlik xodimlari sonini oshirdi. Manbalar 200 so‘mga ham sotilmayotgan meva sotuvchilarga 1600 so‘mdan o‘tkazilayotgani, e’tiroz qilganlarga bozordan quvilishi aytilayotganini xabar qildi. Shahardagi bozorlar ma’muriyatlari jami 200 tonna o‘rikni hukumat buyurtmasi asosida bankdan kredit olib, bog‘bonlardan sotib olgan edi.

"Qo‘qon Muzaffar savdo kompleksi" ulgurji bozorida muzlatgichda turib qolgan o‘rikni sotishga majburlanayotgan sotuvchilar bilan suhbatlashgan manba norozilik borligini urg‘uladi:

- O‘rikni sot, bo‘lmasa, savdo joyini bo‘shatib qo‘y, deyilayotganidan norozi sotuvchilar. Bunaqasi oldin bo‘lmagan. Shuning uchun dushanbadan boshlab, bozorlardagi sekyuriti xodimlar soni oshgan. Kirish-chiqish darvozalarda 3-4tadan odam, bozorning ichida, ayniqsa, o‘rik sotilayotgan qismida yana anchasi tinmay u yoq-bu yoqqa o‘tib turishibdi. Shunga bozorchilar ham besaranjom, - deydi Ozodlikning Qo‘qondagi manbasi.​

Uning aniqlashicha, bozor rahbariyati o‘rikning kilosini 1 ming 600 so‘mdan narxlab, 6 yashikdan sotuvchilarga tarqatgan. Bu o‘rik aslida savdogarlarga 100 ming so‘m, qora bozor kursida qariyb 20 AQSh dollariga tushadi. Ozodlik manbasi bu pulni "bozorqo‘mga ehson" deb qabul qilayotgan tadbirkorlar amaliyotning majburiyligidan norozi ekanini alohida urg‘uladi.

Buning ustiga hali pishmay turib, muzlatgichga solingani ko‘rinib turgan, qorayib-so‘lib qolgan o‘rik qariyb sotilmayotir:​

- Menga 20 ming so‘mga 6 yashikni oling, dedi. Olmadim. Chunki, yaxshi pishmagan, oralarida ko‘m-ko‘klari ham bor. Odamlar 200 so‘mga ham olmayapti, - dedi vaziyatga shaxsan guvoh bo‘lgan manba.​

"Qo‘qon Muzaffar savdo komleksi" mas’uliyati cheklangan jamiyati Rossiyaga jo‘natilmay qolgan 30 tonna o‘rik borligi, 27 iyundan sotuvga chiqarilganini Ozodlikka tasdiqlagan. Avvaliga bu o‘rikning 1 kilosi 1 yarim ming so‘mdan tarqatilgan, ammo ma’muriyat tadbirkorlarga majburlab tarqatilayotganini inkor qilgan.

Yana bir manba 29 iyun kuni Qo‘qonda yana bir yirik bozor - "Buyuk ipak yo‘li savdo kompleksi"da ham eksport uchun yog‘och yashiklarda chiroyli qog‘ozlarga o‘rab qo‘yilgan o‘rikni ko‘rganini aytmoqda.

Ayrim sotuvchilar o‘rikni sotishga urinib ham o‘tirmay, peshtaxta ostiga joylab qo‘ygan.

Chunki mahalliy xalq orasida "qovoq o‘rik", deb ataladigan bu nav aslida uncha shirali bo‘lmaydi. Buning ustiga hali pishmasdan terib olingani uchun shirasi yanada kam.

- Xalq hozir mevani qishga murabbo qilib, g‘amlash uchun olyapti-da. Bizda hozir "qizil o‘rik" degan o‘rik navi rosa pishdi. 10 kilosiga 2 kilo shakar qo‘shasiz - shiringina murabbo bo‘ladi. "Qovoq o‘rik"ning 10 kilosiga kamida 5 kilo shakar solasiz. Shakar esa 4 yarim 5 ming so‘m, - deydi qo‘qonlik manba.

Shahar hokimiyati rasmiysi muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda qo‘qonlik tadbirkorlarga majburlab o‘tkazilayotgan bu mevaning 200 tonnadan oshig‘i 15-20 kun muqaddam mahalliy hokimiyat buyurtmasi asosida dehqonlardan sotib olinganini tasdiqlagan.

Buning uchun shahardagi bir necha oziq-ovqat bozori ma’muriyati bankdan 80-100 million so‘mdan kredit olgan. Bog‘bonlardan esa bu o‘rik kilosi 1 ming 400 so‘mdan sotib olingan. Shahar ma’muriyati 200 tonna o‘rikni saqlash uchun muzlatgichlar o‘rnatilgan maxsus joy ajratgan.

Qo‘qon shahar va Farg‘ona viloyati hokimliklari hozircha bu vaziyatga rasman izoh bergani yo‘q.

2016 yilda O‘zbekiston hukumati Rossiyaga 800 ming tonnadan ko‘proq meva-sabzavot etkazib berish niyatini bildirgan. Bu 2015 yilga nisbatan 17 baravarga ko‘pdir.

O‘zbekistonga valyuta kirimini ko‘paytirishning yangi imkoni sifatida bu yil Rossiyaga ho‘l meva va sabzavot eksportini favqulodda oshirgan hukumat sohani to‘liq monopoliya ostiga oldi.

Prezidentning 2016 yil, 7 aprelda imzolagan “Yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi ixtisoslashtirilgan «O‘zagroeksport» tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan eksport bilan shug‘ullanadigan yangi shirkat tashkil etildi.

Bundan buyon mamlakat chegaralaridan olib chiqiladigan meva-sabzavot mahsulotlari faqat shu shirkat orqali o‘tishi lozim. Bog‘bon-dehqonlar esa hosilini shirkatga yoki undan ruxsat olgan mahalliy agrofirmalarga sotishi mumkin, xolos.

Natijada, Qo‘qondagi kabi bir maskanda katta miqdorda yig‘ilgan mahsulot, masalan, o‘rik savdosi, aylanib-o‘rgilib, yana mahalliy tadbirkorga zarar keltirmoqda. Ya’ni, davlatdan kredit olgan bozorlar ma’muriyati zararga kirmoqda va zararini qoplash uchun tadbirkorlarga bosim o‘tkazmoqda.

May oyida andijonlik bog‘bonlar ertapishar giloslarini «O‘zagroeksport» shirkati vaqtida sotib olmayotgani, boshqa eksportchi tujjorlarga ham sotishga ruxsat berilmagani bois, hosilini sotolmayotganidan shikoyat qilgan edi.

XS
SM
MD
LG