Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:31

O‘zbek chegarachilari yana bir konibodomlikni yaraladi


O‘zbekiston-Tojikiston chegarasining markirovka qilinmagan joyida o‘zbek chegarachilari Konibodom tumanining Patar jamoatidan bo‘lgan Haydar Qo‘zievni yaralab, o‘zlari bilan Qo‘qonga olib ketganlar.

Bu haqda Ozodlikning tojik xizmatiga Patar jamoati Yakkaterak qishlog‘i raisi Ergash Mamajonov 29 iyun kuni ma’lum qildi.

Raisning aytishicha, mazkur noxush hodisa o‘tgan hafta sodir bo‘lgan va Haydar Qo‘ziev o‘shandan beri O‘zbekistondagi tergov hibsxonasida saqlanayapti.

Ergash Mamajonov Haydar asosan cho‘ponlik bilan shug‘ullanishini, voqea sodir bo‘lgan paytda ham mol boqib yurganini aytadi.

- Haydar ikki qishloqdoshi bilan qishloq chetida mol boqib yurgan ekan. U yerga o‘zbek chegarachilari kelib, o‘zlari bilan 10-12 bosh qoramolni haydab ketishibdi. U o‘z mollarini qaytarib olish uchun ularning orqasidan ketibdi, biroq chegarachilar bilan to‘qnash kelganda orqasiga tisarilibdi. O‘zbek chegarachilari avvaliga osmonga qarata ogohlantiruvchi o‘q otishibdi, keyin esa uni yaralashibdi, - dedi Yakkaterak qishlog‘i raisi Ergash Mamajonov.

Raisga ko‘ra, yarador konibodomlikni avvaliga chegaraga yaqin joyda joylashgan Beshariq shahri kasalxonasiga olib borishgan, o‘zini yaxshiroq his qila boshlagach esa Qo‘qonga olib ketishgan. O‘zbek rasmiylari Tojikiston tomonidan Haydar Qo‘zievning pasport ma’lumotlari va u haqda ma’lumotnoma yuborishni so‘raganlar.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatiga qarashli davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi bu masala yuzasidan hozircha izoh bergani yo‘q.

Bu so‘nggi bir yil mobaynida o‘zbek-tojik chegarasida o‘zbek chegarachilari tojikistonlik fuqaroni yaralab, o‘zi bilan olib ketishi bilan bog‘liq ikkinchi holatdir. O‘tgan yil iyulida ham o‘zbek chegarachilari mol boqib yurgan konibodomlik To‘lqinboy Usmonov va Xushyor Qobilovni ushlab ketishgandi, o‘shanda ular Usmonovni oyog‘idan yaralaganlar.

O‘zbekiston chegara xizmati o‘sha paytda tarqatilgan rasmiy xabarida hodisa yuzasidan aybni ikkala tojikistonlikka yuklagan. O‘zbek chegarachilari iddaosicha, ular chegarani noqonuniy ravishda kesib o‘tganlar va chegarachilarga qarshilik ko‘rsatganlar.

O‘zbek-tojik chegara chizig‘i Patar jamoatining 10 kilometrcha narisidan o‘tadi. Mahalliy aholi u joylarni To‘qay, deb ataydi. Bu yerdan chegara chizig‘i o‘tganini Tojikiston tomonidan o‘rnatilgan chegara minorasi hamda undan 100 metrlar narida O‘zbekiston tomonidan tortilgan tikanli simdangina bilish mumkin.

Tojikistonning So‘g‘d viloyati O‘zbekistonning olti viloyati bilan chegaradosh. Tojikistonning bu chegara hududlarida, asosan, o‘zbeklar istiqomat qiladi.

2000 yilda O‘zbekiston Tojikiston bilan viza tartibi joriy qilganidan so‘ng chegaralar orasiga tikanli simlar tortilgan, tog‘li hududlarga minalar ko‘milgan.

XS
SM
MD
LG