Линклар

Toshkentdagi yirik ulgurji "Karvon bozor"ning kattagina qismini bir necha soat suv bosdi. Sotuvchilar 29 iyun kuni kechga yaqin bozor darvozasi yonidan o‘tgan issiq suv quvuri yorilib ketgani, bozorning oziq-ovqat va xo‘jalik mollari qismidagi do‘konlar, rastalarni suv bosganini aytmoqda. Hodisada jarohatlanganlar yo‘q. Bozor ma’muriyati hozirga qadar biror izoh bergani yo‘q.

29 iyun kuni tushdan keyin bozor hududida bo‘lgan sotuvchilardan biriga ko‘ra, quvur juda kuchli portlagan va uning yonida turgan bir necha mashinaning oynaklari sinib ketgan:

- Butun bozorga eshitildi portlash. Yer ostidan o‘tgan teplotrassa portladi. O‘sha yerdagi 4-5 ta mashinaning oynaklariga tosh tegib, sinib ketdi. Lekin, odamlarga zarar etmadi. Suv o‘sha erdan otilib chiqib, pavilьonlarning ichidan 1 soatcha oqib turdi, - deydi hodisa guvohi.

Toshkent shahrining Uchtepa tumani O‘rikzor dahasida joylashgan Karvon bozori O‘zbekistondagi eng yirik ulgurji bozorlardan biri hisoblanadi. O‘rikzor dahasida joylashgani uchun oddiy xalq bu bozorni “O‘rikzor” nomi bilan ataydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda bozorning oziq-ovqat va xo‘jalik mollari sotiladigan pavilьonlari, oradagi yo‘laklar, bozor darvozasi atrofini suv to‘liq qoplaganini ko‘rish mumkin.​

Sotuvchilardan 30 iyun kuni olingan ma’lumotga ko‘ra, kechga yaqin quvur yamalgan va suv oqimi to‘xtagan. Tadbirkorlar do‘konlarini tozalab, bugun ertalabdan savdosini davom ettirmoqda.

Hozircha, tadbirkorlardan qancha moli oqib ketgani va necha so‘m zarar ko‘rganini birov kelib surishtirmagan, sotuvchilar ham zarar qoplanishiga umid qilmayotirlar:

- Chunki, o‘tgan yili iyun oyida ham ayni suv quvuri portlagan va bozorning ayni qismini bir necha soat suv bosgan. O‘shanda ham bechora tadbirkorlar qanchadir zarar ko‘rgan. Lekin, hech kim buni surishtirmagan. Bu yil ham hech kim surishtirgani yo‘q, - deydi "Karvon bozori"da bir necha yildan beri savdo qiladigan tadbirkor.

Hozircha "Kavron bozori" yopiq aktsiyadorlik jamiyatidan bu haqida biror izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

2010 yilda Karvon bozori mulozimlariga nisbatan savdo qoidalarini buzish, katta miqtordagi mablag‘ni talon-taroj qilish, mansab vakolatini suistemol qilish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. O‘shanda bozorning egasi bo‘lgan multimillioner Dmitriy Lim O‘zbekistonni tark etgan edi.

XS
SM
MD
LG