Линклар

Ahmadboyga pul berib "kuyganlar" orasida sahna yulduzlari ham bor


 Ahmadboy mavzusi ijtimoiy tarmoqlarni quvnoq hazillar bilan to‘ldirdi.

Ahmadboy mavzusi ijtimoiy tarmoqlarni quvnoq hazillar bilan to‘ldirdi.

Ahmadboy Tursunovga pul va boshqa moddiy boyliklarni foiz evaziga bergan mijozlar ustidan tekshiruv ishlarini boshlandi.

Ular orasida sahna yulduzlari ham borligi haqida Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot idorasidagi manbasi bildirdi.

Shuningdek, Rossiyaning Sputnik nashri ham o‘z manbalariga tayanib, “O‘zbekistondagi estrada va kino yulduzlari 100 ming dollargacha pullarini va, hatto, qo‘sha-qo‘sha qimmatbaho mashinalarini "uddaburron" firibgar qo‘liga tutqazishgani” haqida ëzdi.

Ahmadboyga yaqin bo‘lgan chinozlik manbaning Ozodlikka aytishicha, o‘nga yaqin estrada va kino yulduzlari Ahmadboyga pul va mashina bergan.

Ular orasida eng kuyganlardan biri sifatida taniqli qo‘shiqchi Ravshan Komilov ekani iddao qilindi. Bu iddaoni bir - biridan mustaqil bir necha manbalar aytishdi:

"Ahmadboy minib yurgan krutoy mashinani toshkenlik taniqli qiziqchi (qiziqchining ismi Ozodlikka ma’lum, biroq ayrim sabablarga ko‘ra, uni oshkor qilmayapmiz. -tahr) bergan edi. Qo‘shiqchi Ravshan Komilov va o‘g‘li ham Ahmad akaning klienti edi. Ravshan akaning o‘g‘li Ahmadboyga o‘ndan ziyod Matiz bergan"¸ deya iddao qildi manbalardan biri.

Ozodlik bu iddaolarni tekshirish uchun Ravshan Komilov bilan bog‘lanishga urindi.

O‘zini Diyor deb tanishtirgan Ravshan Komilovning ma’muri esa bu iddaolarni rad qildi:

- Ravshan aka va uning o‘g‘li Ahmadboyga pul bermagan. Matiz berdi, deyishyapti. Ravshan akada matiz yo‘qku. Gapni qisqasi Ahmadboyga pul ham mashina ham berilmagan. Bu gapimni sizga Ravshan aka nomidan aytayapman. Bemalol e’lon qilavering¸ - dedi Ravshan Komilovning ma’muri.

Ayni paytda Komilovga yaqin bo‘lgan sozandalardan biri Ozodlik muxbiri bilan suhbatda taniqli honanda o‘z obro‘sini saqlash uchun “Ahmadboyga bergan pul va mashinalardan voz kechishga” qaror qilganini iddao qildi.

O‘zbekistonlik xonandalardan biri ismi sir saqlanishi sharti bilan Ozodlikka Ahmadboyning shou-biznesdagi mijozlari boshdan kechirayotgan muammolarni aytib berdi.

Suhbatdosh iddaosiga ko‘ra¸ prezident qo‘lini siqqan taniqli xonandalar va kino artistlari “Ahmadboy mijozi sifatida kontoraga chaqirilgan”.

Ozodlik o‘z surishtiruvi davomida sahna yulduzlarining “Ahmadboy bilan hamkorligi” yuzasidan MXXning shou-biznes va ommaviy tadbirlarni nazorat qilish boshqarmasi shug‘ullanayotganligini aniqladi.

Ozodlik manbasining iddao qilishicha¸ MXXning shou-biznes va ommaviy tadbirlarni nazorat qilish boshqarmasi vakili Toshkentdagi Turkiston kontsert zalidagi xonalardan birida “Artistlarni taftish qilmoqda”.

"MXXning Turkiston saroyida o‘tirgan hodimi qo‘shiqchilarga “Shuncha xorijiy valyutani qanday qilib topdingiz? Nega soliq to‘lamadingiz? Ahmadboy moliyaviy firibgarligida sherik bo‘lganmisiz? ” degan savollarni berib estrada yulduzlarni ruhini sindirmoqda"¸ deydi manba.

Unga ko‘ra¸ ko‘pchilik artistlar bergan pulidan kechishga ham tayyor:

"Ammo puldan kechishning ham iloji yo‘q. Ahmadboyning kirim-chiqim daftari organlar qo‘lida. Artistlar pul bermadim desa¸ ëlg‘on ma’lumot bergani uchun jazolanadi".

Ozodlikka Ahmadboyga pul va mashina bergan 8 nafar san’atkorning ismi- sharifi ma’lum, ular orasida bir nafar O‘zbekiston xalq artisti ham bor.

15 iyun kuni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari Ahmadboy nomi bilan tanilgan chinozlik Ahmad Tursunboevni hibsga olgan.

U O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik),168-moddasi (firibgarlik) va 170-modda (aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar etkazish), shuningdek, 177-modda - valyutani qonunga xilof ravishda olish va 178-modda - chet el valyutasini yashirish bandlari bo‘yicha ayblanmoqda.

XS
SM
MD
LG