Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:08

Prezident Karimov Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga bordi


Islom Karimov Surxondaryoda fermerlar bilan uchrashuvda
Islom Karimov Surxondaryoda fermerlar bilan uchrashuvda

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 30 iyun kuni ikki viloyat - Qashqadaryo va Surxondaryoga safar qildi. O‘zbekiston televideniesi bergan xabarga ko‘ra, u har ikki viloyatda so‘nggi yillarda qurilgan inshootlarni borib ko‘rgan va dehqon-fermerlar bilan uchrashgan. Ozodlik manbalariga ko‘ra, safari davomida prezident meva-sabzavot yetishtirayotgan dehqonlarga alohida e’tibor qaratgan.

"O‘zbekiston" telekanali bergan xabarga ko‘ra, 30 iyun kunining birinchi yarmida Surxondaryo viloyatiga borgan prezident Karimov shaharda qurilgan namunaviy uylar, Termiz markazidagi ko‘ngilochar bog‘da qurilayotgan "San’at saroyi" qurilishini ko‘zdan kechirgan.

Islom Karimov Surxondaryoda, 30.06.2016, "O‘zbekiston" televideniesi.
Islom Karimov Surxondaryoda, 30.06.2016, "O‘zbekiston" televideniesi.

Bundan tashqari, Termiz shahrida Ikkinchi jahon urushi qurbonlari xotirasiga qurilgan "Xotira va qadrlash" majmuasini ham ziyorat qildi.

Termiz tumanida esa prezident mahalliy dehqon-fermerlar bilan uchrashib, viloyatda paxta, bug‘doy, bundan tashqari, meva-sabzavot yetishtirishni oshirish masalasida nutq so‘zladi. Tushga yaqin Surxondaryodagi Hakim at-Termiziy ziyoratgohiga borgan Islom Karimov so‘ngra Qashqadaryo viloyatiga o‘tdi.

Islom Karimov Qashqadaryoda, 30.06.2016, "O‘zbekiston" televideniesi.
Islom Karimov Qashqadaryoda, 30.06.2016, "O‘zbekiston" televideniesi.

Rasmiy televidenie bergan ma’lumotga ko‘ra, Qashqadaryoda prezident viloyat markazida qurilgan yangi temir yo‘l vokzali binosini borib ko‘rgan va bu qurilishda hali ba’zi nuqsonlar borligini tanqid qilgan.

Shuningdek, mahalliy hokimiyatga viloyatda xalqaro miqyosdagi musobaqalarni o‘tkazishga mo‘ljallangan basseyn qurish vazifasini topshirgan va bolalar sportini rivojlantirish zarurati ta’kidlagan.

Rasmiy televidenie tez orada Islom Karimovning bu ikki viloyatga safari tafsilotlariga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuv namoyish qilinishini xabar qilmoqda.

Bunga qadar Qashqadaryodagi mahalliy hokimiyat idoralari prezidentning Qashqadaryo viloyati xalq deputatlari kengashi vakillari, shuningdek, meva-sabzavot yetishtirish, sotishga ixtisoslashgan ilg‘or fermerlar bilan uchrashuvi kutilayotganini ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, safarning asosiy qismi o‘tgan ikki yil ichida ta’mirlanib, markazi qariyb qayta qurilgan Shahrisabzga ajratilishi aytilgan edi. Rasmiy xabarda, hozircha bu borada biror ma’lumot berilmadi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2014 yil 20 fevralda "Shahrisabz shahrida ob’ektlarni qurish va rekonstruktsiya qilishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida" qaror qabul qilgan.

Qarorda shahardagi tarixiy-me’moriy obidalar kompleksini ta’mirlash va shahar markazini qayta qurish nazarda tutilgan.

2015 yilning fevral oyida Islom Karimov O‘zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida viloyatga borgan va saylovchilar bilan uchrashgan edi. O‘shanda uning Shahrisabzga borishi aytilgan, ammo bormagan edi.

Shahrisabz markazini qayta qurish jarayonida Ozodlikka ko‘plab murojaat va shikoyatlar kelib tushgan. Aksar shikoyatlarda aholining buzilayotgan uylariga tovon puli to‘lanmayotgani, yer uchastkalarining vaqti berilmayotgani yoki umuman berilmayotgani aytilgan edi.

XS
SM
MD
LG