Линклар

logo-print

O‘zbekistonga Qirg‘izistondan 110 metrli erosti yo‘li qazigan shaxs qo‘lga olindi


O‘zbek-qirg‘iz chegarasini tikonli sim bilan to‘sayotgan chegarachilar.

O‘zbek-qirg‘iz chegarasini tikonli sim bilan to‘sayotgan chegarachilar.

Joriy yil mart oyida O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaralarining yopilishiga sabab bo‘lgan yerosti tunnelini qazigan odam topilib, hibsga olindi. Qirg‘izistondan O‘zbekistonga qazilgan chuqurligi 7 metr, uzunligi 110 metrli mazkur tunnelni dastlab 17 mart kuni O‘zbekiston chegarachilari topgan va bu haqda Qirg‘iziston tomonini ogohlantirgan edi.

O‘zbekistonga yerosti yo‘li qazigan Qirg‘izistonning Botken viloyatida yashovchi fuqaro hibsga olindi. Botken viloyat sudi tomonidan tarqatilgan xabarda aytilishcha, hibsga olingan 25 yoshli yigitga bir qator ayblovlar bildirilgan.

Qo‘lga olingan shaxsning ismi tergov manfaatlaridan kelib chiqib sir tutilmoqda.

"Mazkur shaxs chegara oldi hududida joylashgan o‘z uyi hovlisidan Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarasi o‘tgan yer ostidan tunnel qaziganlikda, tunnel orqali qo‘shni davlat hududiga kontrabanda mahsulotlarini o‘tkazib kelganlikda ayblanmoqda”, -deyiladi xabarda.

Bundan tashqari qo‘lga olingan shaxsga nisbatan migratsiya qonunchiligini buzish hamda boj to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash kabi ayblovlar ham bildirilgan.

Qirg‘izistonning Botken viloyati Qadamjoy tumani Qirg‘izqishloqdagi bir uydan Oltiariq tumani Bo‘rbaliq qishlog‘idagi uyga olib o‘tuvchi yer osti yo‘li 17 mart kuni o‘zbekistonlik chegarachilar tomonidan oshkor qilingani haqidagi xabarlar 25 mart kuni tarqatilgan edi.

Ozodlik radiosiga Oltiariq tumanidan olingan bu xabarni Farg‘ona viloyati hokimiyatidagi manba ham tasdiqlagan. Manbaning aytishicha, chuqurligi 7-8 metr keladigan yerosti tunnelining uzunligi 110 metr bo‘lgan. Bu tunnel chegaraning ikki tomonida joylashgan aholi uylarini bir-biri bilan bog‘lagan.

25 mart kuni O‘zbekiston Chegara xizmatining raisi Rustam Iminjonov qirg‘izistonlik hamkasbi Raimberdi Duyshenbievga bu tunnelning O‘zbekiston tomonidagi chiqish joyini ko‘rsatgani ham aytilgan.

O‘zbek chegarachilari rahbarlari qirg‘iz hamkasblariga bu tunnel orqali diniy-ekstremistik adabiyotlar, kontrabanda mollari va qurol-yarog‘ ham olib o‘tilgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Shundan so‘ng Qirg‘iziston chegarachilari va huquq-tartibot tuzilmalari qirg‘iz tomonidan mazkur tunnelni qidirish ishlarini boshlagan.

Qirg‘iziston huquq-tartibot tuzilmalarining bildirishicha, tunnel tez orada topilganiga qaramay, uni qazigan odam qo‘lga olinmagan, balki uning ortidan kuzatuv ishlari olib borilgan. Chunki O‘zbekiston tomoni mazkur tunnel orqali Farg‘ona tomonlarga ekstremistlar o‘tgan bo‘lishi mumkinligini ham iddao qilgan edi.

Kuzatuvlar davomida bu iddao o‘z tasdig‘ini topmaganidan so‘ng, tunnel egasini qo‘lga olishga qaror qilingan. Mazkur ish bugungi kunda Qirg‘iziston milliy xavfsizlik xizmati tomonidan tergov qilinmoqda.

Joriy yilning 18 mart kuni O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegaralarini bir tomonlama yopgan edi. Chegaralarning yopilishiga mana shu tunnelning topilgani sabab qilib ko‘rsatilgan.

O‘zbekistonning 18 mart kuni chegaralarni yopgani hamda ikki davlat o‘rtasida bahsli bo‘lib turgan Chalasart hududiga 2 BTR va harbiylarini kiritgani O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida keskinlikni keltirib chiqargan.

XS
SM
MD
LG