Линклар

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQShning Moskvadagi elchixonasida soqchi bilan mushtlashgan amerikalik diplomat josus bo‘lganini iddao qildi. Keyingi paytda AQSh va Rossiya bir-birini diplomatlarga nomaqbul muomala qilishda ayblab keladi.

Ozodlik radiosiga intervyu bergan AQSh rasmiysining bildirishicha, amerikalik diplomat 6 iyun kuni Moskvadagi elchixona oldida soqchi bilan janjallashgan, natijada uning elkasi singan.

Diplomatga hujum qilgan shaxsning elchixona himoyasi va nazorati bilan shug‘ullanib kelayotgan Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xodimi bo‘lgani aytilmaqda. Shu bois AQSh diplomati josus deb topilib, atayin mo‘ljalga olingan, degan fikr paydo bo‘ldi. Bu hodisa haqida birinchi bo‘lib The Washington Post xabar berdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova 30 iyunь kuni soqchi diplomatni hujjatlarini tekshirish uchun to‘xtatganini, bunga javoban diplomat soqchining yuziga musht tushirib, elchixona tomon yugurganini aytdi.

Kelib chiqqan mushtlashuv davomida noma’lum shaxs soqchini itarib yuborgan va elchixonaga kirib ketgan.

“O‘sha odamning MRB [AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi] agenti bo‘lgani hammaga ma’lum. U kechasi razvedka amaliyotini amalga oshirib, ko‘rinishini o‘zgartirgan holda elchixonaga qaytgan bo‘lgan”, dedi Zaxarova.

Zaxarova yana diplomatning yelkasi singani haqidagi xabarlar “fantastika” ekanligini aytib, soqchi Rossiya politsiyasi xodimi bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

“Amerikaliklar qorovul o‘z ishini qunt bilan bajargani uchun rahmat aytishi kerak”, deya so‘zini davom ettirdi Zaxarova.

AQShning Moskvadagi elchixonasi matbuot kotibi bu hol yuzasidan yuborgan maktubimizga hali javob bergani yo‘q. MRB matbuot kotibi esa izoh berishdan bosh tortdi.

Xabarlarga ko‘ra, keyingi oy davomida Moskvadagi AQSh diplomatlarini yo‘l politsiyasi xodimlari bir necha o‘n marta to‘xtatgan. Diplomatlarning kichik qonunbuzarliklariga ko‘z yumuvchi Moskva uchun bu odatiy hol emasdir.

Moskvadagi elchixona matbuot kotibi hafta boshida uyiga kelib tamaki qoldiqlarini topganini aytdi. Yana bir rasmiy uyiga qaytganida suv krani ochiq qoldirilganini kuzatganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG