Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:12

Tojik amaldorlaridan bergan fitr-sadaqasi haqida yozma hisobot talab qilinmoqda


Tojikistonlik amaldorlarga Ramazon oyida muhtoj oilalar, yetimlar, bechorahol va yolg‘iz odamlarga maxsus ro‘yxat asosida fitr-sadaqa berish hamda natijadan prezident ma’muriyatini xabardor qilish haqida rasmiy ko‘rsatma kelgan. Prezident ijroiya devoni rahbari Ozoda Rahmon imzosi ostida viloyat, shahar va tuman hokimlari, imom-xatiblar va tadbirkorlarga faks yuborilgan xabarda bu buyruq Tojikiston prezidenti farmoyishiga asoslanishi qayd etiladi.

29 iyun kuni yuborilgan faksda amaldorlar, imom-xatiblar va tadbirkorlarning Ramazon oyida fitr sadaqasi berishi Din ishlari hamda urf-odatlarni tartibga solish qo‘mitasi tomonidan nazorat qilinishi ta’kidlangan.

Hujjatga muvofiq, amaldorlar, imom-xatiblar va tadbirkorlar prezident ma’muriyatiga o‘z oila a’zolari ro‘yxatini fitr-sadaqa sifatida berilgan mablag‘ miqdori ko‘rsatilgan holda topshirishlari lozim.

Tojikistonda shu paytgacha amaldorlardan Ramazon munosabati bilan sadaqa yo ehson qilish va bu haqda hisobot topshirish talab qilingan emas. Rasmiylarning bu qarori yuzasidan hali biror amaldor izoh bergani yo‘q.

Ro‘yxatda sanalgan shaxslar uni bajarmagan taqdirda qanday jazoga tortilishi noma’lum.

O‘tgan yillarda Tojikiston prezidenti amaldorlar va boy odamlardan Ramazon hayiti arafasida muhtoj oilalarga yordam qilib qo‘yishni og‘zaki tarzda so‘ragan.

Tojikistonlik tadbirkor Abdurahmon Davlatov Ozodlikning tojik xizmatiga hukumat buyrug‘idan 30 iyun kuni xabar topgani va uni albatta bajarishini aytgan. U bu buyruqsiz ham fitr-sadaqani har yili muhtoj odamlarga berib kelganini qo‘shimcha qilgan.

- Bu yil fitr-sadaqani qo‘shni uyda yashagan va bir o‘zi to‘rt bolani katta qilayotgan onaga berishga qaror qildim. Agar bu jarayon nazorat qilinadigan bo‘lsa, buning hech qanaqa yomon joyi yo‘q, - degan Abdurahmon Davlatov.

Tojikiston Islom markazi Ulamolar kengashi bu yil har bir musulmon uchun fitr-sadaqa miqdorini 5 somoniy yoki taqriban 85 sent qilib belgilagan.

Ayni paytda din arboblari boy odam fitr-sadaqani qancha ko‘p bersa ham bo‘laverishini aytib keladilar.

Tojikistonlik din arbobi Qobiljon Boev rasmiylar fitr-sadaqaga oid buyruq chiqarganlarini tasdiqlagan, ayni paytda fitr-sadaqa muhtojlarga hayit namozi o‘qilguniga qadar berilishi lozimligini eslatgan. Boevga ko‘ra, fitr-sadaqani hech qanaqa daromadi yo‘q yetimlar va nogironlarga, qashshoq odamlarga bergan afzalroq.

Bu yil Tojikistonda Ramazon hayiti 6 iyul kuni nishonlanishi kutilmoqda. Bu kun mamlakatda dam olish kuni bo‘lib hisoblanadi.

Hozirda Tojikistonda davlat mulozimlari soni 18 mingdan oshishi, imom-xatiblar soni esa 4 mingdan ko‘proq ekani aytiladi.

XS
SM
MD
LG